Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha guruh tuzishni taklif qildi
Olam
−
17 iyun
8380O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatida Afg‘oniston masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 17 iyun kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida so‘z ochdi.
“Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘onistonning hamkorlik bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lgan an’anaviy sheriklari sifatida uning qayta tiklanishi va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etilishiga ko‘maklashish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deb hisoblashini bildirdi.
“Shu munosabat bilan formatimiz doirasida ushbu masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni va uning uchrashuvini Afg‘oniston vakillari ishtirokida chegaradosh Termizda o‘tkazishni taklif etaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatida sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qilgandi. Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
LiveBarchasi