Mirziyoyev aholi bilan uchrashib, ularga energiyani tejash kerakligini aytdi
Jamiyat
−
18 noyabr 2023
9205Bugun, 18 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. 38 ta ko‘p qavatli uy va to‘rtta ijtimoiy ob’ektga “Madaniyatli hudud” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashgan.
“Ular o‘z mahallalari obod bo‘lgani, energiya tarmoqlari ta’mirlanib, qishga puxta tayyorgarlik ko‘rilganini aytishdi”, deyiladi xabarda.
Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.
“Dunyodagi iqlim o‘zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo‘lmaydi. O‘tgan yilgi sovuq buni ko‘rsatdi. Endi iqlim o‘zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek bo‘ladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, mazkur mahallada ham qish oldidan o‘nta transformator ta’mirlangan, elektr simlari almashtirilgan. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklar kapital ta’mirlangan, yangi eshiklar o‘rnatilgan. Uylarning yerto‘lasidagi issiqlik quvurlari yangilangan.
Davlat rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga ko‘rilgan tayyorgarlik haqida axborot berilgan.
LiveBarchasi