Mirziyoyev 63 yoshga to‘lgan Aliyevga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
24 dekabr
1651O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li, qadrli birodarim. Sizni tavallud kuningiz munosabati bilan chin yurakdan tabriklayman va eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan katta mamnuniyat tuyaman”, deyiladi tabrik avvalida.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni Ozarbayjon Respublikasining har tomonlama rivojlanishiga, mamlakat hududiy yaxlitligi va tarixiy adolatning tiklanishiga, aholi farovonligining oshishiga, shuningdek, xalqaro maydonda davlat obro‘yining mustahkamlanishiga bag‘ishlangan mislsiz xizmatlar ko‘rsatgan yirik davlat va siyosat arbobi, xalqining fidoyi farzandi sifatida tanishini bildirgan.
Mirziyoyev Aliyevning O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida qadimdan mavjud bo‘lgan tarixiy do‘stlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga, ko‘p qirrali va uzoq muddatli o‘zaro munosabatlarning kengayishiga qo‘shgan hissasini yuksak baholagan. Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhida qurilgan strategik sheriklik munosabatlari do‘st xalqlarning umumiy taraqqiyoti yo‘lida yanada mustahkamlanishi va rivojlanishiga umid bildirilgan.
Tabrik yakunida esa Shavkat Mirziyoyev ozarbayjonlik mavqedoshini tug‘ilgan kuni munosabati bilan qutlab, unga va oila a’zolariga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, xalqining farovonligi yo‘lida olib borayotgan faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik, doimiy yuksalish va farovonlik tilagan.
Ma’lumot uchun, Ilhom Aliyev 1961 yil 24 dekabrda Ozarbayjon poytaxti Bakuda tug‘ilgan. U Ozarbayjonning uchinchi prezidenti Haydar Aliyevning o‘g‘li va davomchisi sanaladi. Ilhom Aliyev 2003 yildan beri davlat rahbari lavozimini egallab, otasining siyosatini davom ettirmoqda. U besh marta (2003, 2008, 2013, 2018, 2024 yillarda) prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan edi.