Mirziyoyev 523 mahkumni afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi
Jamiyat
−
28 avgust 2025 5449 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida xabar qilindi.
Hujjat bilan 523 kishi afv etildi.
Qayd etilishicha, afv etish akti sodir etilgan jinoyat faktini bekor qilmaydi, balki aybini anglagan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan va o‘zini tuzatish istagini isbotlagan odamlar uchun imkoniyatdir.
Avf etilganlarning:
- 195 nafari jazodan butunlay ozod etildi;
- 147 nafari shartli ravishda ozod qilindi;
- 87 nafariga nisbatan jazo yengilrog‘iga almashtirildi;
- 94 nafarining qamoq muddati qisqartirildi.
Afv ro‘yxatiga kiritilganlarning 45 nafari ayollar ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, unda 60 yoshdan oshgan 31 kishining ismi bor.
30 yoshgacha bo‘lgan 220 nafar, 1 nafar voyaga yetmagan, shuningdek, 8 nafar chet el fuqarosi (Tojikistondan 6 nafar va Serra-Leonedan 1 nafar) ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Ilgari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 15 kishiga ham afv e’lon qilingan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida prokuratura va mutasaddi idoralar tomonidan ozod etilgan shaxslarni yashash joyiga yetkazish, shuningdek, chet el fuqarolarini o‘z kelib chiqqan mamlakatlariga belgilangan tartibda deportatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.
Barcha ozod etilgan shaxslar profilaktika va sinov daftariga joylashtiriladi. Ularga bir martalik moddiy yordam, zarur hollarda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish, ishga joylashish, kredit va subsidiyalar olish, shuningdek, fuqarolik hujjatlarini rasmiylashtirish va pensiya olishda yordam ko‘rsatiladi.