Mirziyoyev 5 maqsadini ochiqladi

Olam

image

Ta’lim, sud tizimi, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, toza ichimlik suvi – bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026 yilgacha amalga oshirishni rejalashtirgan islohotlarining asosiy yo‘nalishlari. Bu haqda davlat rahbari kecha, 31 avgust kuni mamlakat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida so‘z ochdi. 

“2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida keyingi ishlarimizni 5 ta asosiy vazifalar bo‘yicha tashkil etamiz”, deydi Prezident.

Birinchi yo‘nalish – ta’lim sohasida bolalar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashi uchun eng qulay sharoitlar yaratish. Buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

“Ushbu tizim avval ilg‘or xorijiy mutaxassislar  tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, keyingina hayotga tatbiq etiladi. Natijada Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib  yetishadi. Buning uchun barcha hududlarimizda, ayniqsa qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor beramiz.

Ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz”, deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’limni har tomonlama rivojlantiriladi. 

Ikkinchi yo‘nalish – mustaqil sud tizimi. Mirziyoyevga ko‘ra, sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyat ham mustaqil bo‘lmaydi. 

“Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim.

Yangi O‘zbekistonda har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak. Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanadi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, sud tizimidagi islohotlarimizni albatta davom ettiramiz”, deydi Prezident.

Uchinchi yo‘nalish – tadbirkorlik. 

“Dunyo tajribasidan ma’lumki, faqat tadbirkorlik rivojlangan davlatda – sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot hamda ertangi kunga ishonch bo‘ladi”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, kambag‘allik qisqaradi, aholi daromadlari ko‘payadi. Buning uchun xususiy mulk va tadbirkorlikka xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar bartaraf etiladi.

Davlat boshqaruvi isloh qilinib, iqtisodiyotda davlat ishtiroki keskin kamaytiriladi.

“Biz aholi va tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish, soliq tizimini soddalashtirish bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettiramiz. Bunda hech kimga alohida imtiyozlar berilmaydi, sog‘lom raqobat muhiti uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi”, deydi Mirziyoyev.

To‘rtinchi yo‘nalish – sog‘liqni saqlash tizimida aholiga yanada sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish. 

Barcha hududlarda shoshilinch tibbiy yordam qamrovini oshirib, uni odamlarga yanada yaqinlashtiriladi.

“Maqsadimiz – xalqimiz sog‘lom hayot kechirishi va o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirishga erishish”, deb va’da qildi Prezident.

Beshinchi yo‘nalish – aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash.

Mirziyoyevning va’da qilishicha, sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlar amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing