Mirziyoyev hajga yiqqan mablag‘ini mahalladoshlariga yordamga sarflagan ayolni alohida e’tirof etdi

Jamiyat

image

Avvalroq, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkentda tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tayotgani, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanadagi nutqida haj ziyorati uchun yiqqan mablag‘ini mahalladoshlariga beg‘araz yordamga sarflagan rishtonlik tadbirkor Izrabu Usmonova, qishloq ahli uchun o‘z hisobidan “Mumtoz” nomli katta kutubxona barpo etgan sayxunobodlik Gavhar Husanova, 32 yoshida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori bo‘lgan Aziza Shonazarova kabi xotin-qizlarning xayrli ishlari va faoliyatini alohida ta’kidladi. Bayram ishtirokchilari birgalikda ularni olqishlab, chuqur hurmat va tashakkurlarini bildirdi.

Ayollarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar hamda erishilayotgan natijalar xususida ham so‘z yuritildi.  

Davlat rahbari qizlarni eng go‘zal fazilatlar, bilim va odob sohibalari etib tarbiyalash juda ulug‘ va sharafli mas’uliyat ekanini ta’kidladi. Yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, xotin-qizlar faollari, hurmatli muallima va murabbiyalar bu savobli ishga ulkan hissa qo‘shishiga umid bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev shu ezgu ishlarga kamarbasta bo‘lib, yosh qizlarni ta’lim-tarbiya qiladigan haqiqiy murabbiylarga keyingi yil 8 mart bayramidan boshlab har yili, har bir viloyatdan ikki nafar eng munosib vakilni davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif etdi. Yig‘ilganlar buni olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev 8 mart

Baholaganlar

213

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing