Mirziyoyev harbiy mahsulotlar chiqaruvchi yangi korxonani ochib berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxona faoliyatiga start berdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlat rahbari bugun, 11 yanvar kuni Mudofaa sanoati agentligining Toshkent viloyatida joylashgan ishlab chiqarish klasteriga borgan. 

Prezidentga Mudofaa sanoati agentligining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar va kelgusi rejalar to‘g‘risida batafsil axborot berilgan. 

“Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq qisqa muddatda Mudofaa vazirligining bir nechta texnik bo‘linmalari negizida keng ko‘lamli qurilish ishlari bajarildi, mavjud ob’ektlar mukammal ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi. Klaster hududiga Mudofaa vazirligining texnikani ta’mirlash zavodi va Markaziy avtomobil texnikasini saqlash bazasi ko‘chirildi.

Yangi klaster hududida joylashgan korxonalar o‘zaro integratsiya qilinib, ularning yagona ta’mirlash sexlari tashkil qilindi. Mazkur korxonalarda qurol-yarog‘ va harbiy texnika, radiolokatsiya qurilmalari, optik va elektron-optik asboblar, o‘qotar va artilleriya qurollari modernizatsiya qilinmoqda hamda metallarga yuqori aniqlikda ishlov berilmoqda”, deyiladi xabarda.

Mirziyoyev ushbu quvvatlar faoliyati bilan tanishib, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurligini qayd etgan, korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.

Shuningdek, davlat rahbariga Mudofaa sanoati agentligining yangi klasteridagi ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari namoyish etilgan.

Tashrif chog‘ida Oliy Bosh qo‘mondon yangi turdagi harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxona faoliyatiga start bergan. Mahsulotlarning yuqori sifatini ta’minlash, muhandis va mutaxassislar malakasini oshirish zarurligini ta’kidlagan.

Yakunda Prezident mutasaddilarga mudofaa sanoati korxonalarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar bergan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing