Mirziyoyev Berdimuhamedov bilan telefonda muloqot qildi
Jamiyat
−
26 fevral 2019
5372O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Prezidentlar ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy darajadagi o‘zaro tashrif va muzokaralar O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitdi.
Toshkent va Ashxobodda birgalikda milliy ko‘rgazma va biznes forumlari o‘tkazilgani, Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilgani, idoralararo hamkorlik mustahkamlanayotgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirishga xizmat qildi.
Suhbatda Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamg‘armadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlariga yangi sur’at bag‘ishladi.
BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi o‘z faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida o‘rmonlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng miqyosli ishlar yuksak baholandi.
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi yuzasidan, jumladan, joriy yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida fikr almashildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.