Mirzabek Xolmedov va Xurshid Rasulov Isroildan Toshkentga yetib keldi (video)
Madaniyat-san’at
−
09 Oktabr 2023
24349Qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Isroilda qolayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mirzabek Xolmedov va Xurshid Rasulov O‘zbekistonga qaytib keldi. Bu haqda uning o‘g‘li Ulug‘bek Xolmedov ma’lum qildi.
Mirzabek Xolmedov va Xurshid Rasulov o‘tirgan samolyot kecha, 8 oktyabr kuni 59 daqiqalik kechikish bilan Isroildan Toshkent tomon yo‘lga chiqqan va kechki soatlarda Toshkentga kelib qo‘ngan.
Mirzabek Xolmedovning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, sog‘-salomat yetib kelganini tasdiqladi.
“Xurshidbek Rasulov bilan Isroilga konsert uchun borgandik. Notinchlik bo‘lib qolgani uchun qaytdik. Sog‘-salomat yetib keldik. Hammasi joyida. U yerdagi do‘stlarimizga ham rahmat, chiroyli shaklda kuzatib yuborishdi”, deydi Mirzabek Xolmedov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Isroil bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro qurbonlari soni 1100 ga yaqinlashdi.