Mirza Azizovning rafiqasi eri jon bergan Zangiota shifoxonasidagi ahvolni so‘zlab berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov vafotidan oldin O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevga xat yozgani, unda Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi ahvoldan shikoyat qilgani xabar qilingandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Mirza Azizovning xati OAVda keng yoritilganidan bir hafta o‘tib holatga o‘z munosabatini bildirdi. Qayd etilishicha, vazirlik vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘ldi, mutaxassislarga murojaat qildi, shuningdek, marhumning yaqinlari bilan ham bog‘langan.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum Mirza Azizov Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga shu yilning 23 mart kuni murojaat qilgan. Bemorda koronavirusga PZR test tahlili musbat, o‘pka to‘qimasi 60-65 foizgacha zararlangani va organizmning kislorodga to‘yinganligi – saturatsiya darajasi 78-80 foiz bo‘lgani uchun bemorning umumiy ahvoli og‘ir deb baholanib, shifoxonaning “B” blokidagi 2-reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorning kasallik tarixi o‘rganilganda, shifoxonaga kelishidan oldin 17 mart kuni ham PZR test tahlili topshirgani va tahlil natijasi musbat chiqqani ma’lum bo‘lgan. 18 mart sanasida esa bemorda tana haroratining 38 S darajagacha ko‘tarilishi, nafas olishining qiyinlashishi, umumiy holsizlik kuzatilgan. 

Shifoxonaga borgunga qadar uy sharotida 4 kun davomida davolangan. 22 mart kuni turmush o‘rtog‘i va farzandlarida ham tana harorati ko‘tarilishi kuzatilgani sababli bemor bilan birgalikda 23 mart kuni Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojat qilgan. 

Vazirlik Mirza Azizov Shuhrat Rizayev o‘zini umumiy reanimatsiya bo‘limidan alohida xonaga olishni so‘ragani haqidaga fikrga izoh olish uchun shifoxona direktori Doniyor Mirazimovga murojaat qilgan. U bemorlar nima uchun reanimatsion zalga joylashtirishi kerakligi haqida atroflicha tushuntirish bergan.

“Reanimatsiya bo‘limi jahon standartlariga mos ravishda jihozlangan. Shifoxonamizning reanimatsiya bo‘limi 36 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, 6 ta reanimatsion zaldan iborat. Butun dunyo shifoxonalarining reanimatsiya bo‘limlarida bo‘lgani kabi bir zalda 6 nafar o‘ta og‘ir bemorga reanimatsion va intensiv yordam ko‘rsatiladi. Har bir zalda 1 ta reanimatsion post tashkil qilingan bo‘lib, 1 nafar reanimatolog shifokor, 2 nafar reanimatsiya hamshirasi, 1 nafar kichik tibbiy xodim sutkasiga 3 smenada doimiy ravishda bemorlarni nazorat qilib turadi”, deydi Doniyor Mirazimov.

Mutaxassis dunyodagi eng yetakchi klinikalar, masalan, Isroildagi Ichilov markazi va Assuta markazi, AQSHdagi Jons Xopkins universiteti shifoxonasi va Sedars-Sinay tibbiyot majmuasi, Germaniyadagi Myunxen universiteti klinikasi va Sharite tibbiyot majmuasi, Janubiy Koreyadagi Gachon tibbiyot universitetining Gil shifoxonasi va Buyuk Britaniyadagi Greyt-Ormond-strit shifoxonalarining reanimatsion bo‘limlarida ham xuddi shunday tartib joriy qilinganini ta’kidlagan.

“Reanimatsiyaga olingan bemorni alohida xonaga joylashtirishning bir qancha muammolari bor. Reanimatsion zalda birgina kardiomonitor qurilmasi orqali 6 ta bemorning ko‘rsatkichlarini bir vaqtning o‘zida nazorat qilib turish mumkin. Bunday bemorlarni alohida xonaga joylashtirishning qiyinchiligi shundaki, agar bemorning ahvoli og‘irlashgudek bo‘lsa, asosiy mutaxassislar uning yoniga zudlik bilan yetib borishi uchun vaqt ketishi mumkin. Bizni tanqid qiluvchi hamyurtlarimiz bunday vaziyatda bir soniyaning ham ahamiyati bebaho ekanini o‘ylab fikr bildirganlari yaxshi edi”, degan Doniyor Mirazimov

Shu o‘rinda qariyb bir oy davomida Mirza Azizovning muolaja ishlariga bevosita rahbarlik qilgan reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimov Mirza Azizovning ahvoli yetakchi mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilganini aytib o‘tdi.

“Shifoxonamizdagi boshqa og‘ir ahvolda yotgan bemorlar qatori marhum Mirza Azizovning ham ahvoli nafaqat mamlakatimizdagi yetakchi shifokorlar, balki jahonning sohadagi eng nufuzli mutaxassis olimlari tomonidan o‘rganilib, kerakli tavsiyalar olib turildi. Xususan, oxirgi marta Moskva Sog‘likni saqlash boshqarmasi bosh reanimatologi, professor, tibbiyot fanlari doktori M.N.Zamyatin hamda yurtimizning yetakchi professorlari ishtirokida bemor bevosita tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, konsultatsiyalar tashkil qilindi. Ularning tibbiy ko‘rsatma va maslahatlari asosida intensiv davo muolajalari davom ettirildi”, deydi Begali Hakimov.

Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, Mirza Azizovning turmush o‘rtog‘i Tojibar Azizovaning holati 9 kunda, boshqa oila a’zolarining ham umumiy holati 7 kundayoq yaxshilanib, kasallikdan forig‘ bo‘lganligi uchun uyiga ruxsat berilgan. Keyinchalik bemorning talabiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga qarovchi sifatida chaqirildi. 

“Biroq bemordagi yurak ishemik kasalligi, xafaqon kasalligi 2-3 darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlik 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar fonida uning umumiy ahvoli og‘irlashib bordi. 5 aprel kuni qayta o‘tkazilgan MSKT tekshiruvida o‘pka to‘qimasining zararlanishi 70-75 foizga oshgani kuzatildi”, deydi Begali Hakimov.

Shu yilning 16 aprel kuni olib borilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan, bemorda klinik o‘lim xolati, ya’ni yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatilgan, bemorda o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan biologik o‘lim holati qayd etilgan. 

Qayd etilishicha, bemorda o‘tkazilgan intensiv davo choralarining har bir bosqichini turmush o‘rtog‘i kuzatib borganin.

Mirza Azizovning turmush o‘rtog‘i Tojibar Azizova ham xalq artistining hayotini saqlab qolish uchun qilingan ishlar haqida o‘z fikrlarini bildirgan.

“Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlarda turmush o‘rtog‘imning vafoti to‘g‘risida tarqalayotgan turli asossiz ma’lumotlarni o‘qib, xafa bo‘lyapmiz. Go‘yoki, ushbu xabarlarda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar uchun yetarli sharoit bo‘lmagani tufayli Mirza akam vafot etgandek. Ochig‘ini aytsam, men faqat ko‘rgan narsalarimgagina ishonaman. Shu bois, umr yo‘ldoshimning so‘nggi kuniga qadar yonida bo‘lgan inson sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, ushbu muassasada mehnat qilayotgan kichik xodimdan tortib, hamshira, feldsher va shifokorlargacha Mirza akamning sog‘ayib ketishlari uchun yurakdan ishlashdi. Ishoning, qo‘llaridan nima kelsa, qaysi davo muolajasi zarur bo‘lsa, amalga oshirdilar.

Rahmatli turmush o‘rtog‘im tabiatan nozikta’b inson edilar. Shifokorlarning qat’iy talablariga ham uncha e’tibor bermasdan, biroz erkalik qilganlari bor gap. O‘zlari “mendan og‘ir ahvoldagi bemorlar ham sog‘ayib chiqyapti, mening ahvolim o‘nglanmayapti” degan gapni ko‘p aytdilar. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘ylab ko‘rsam, shifokorlarning talablarini so‘zsiz bajarganimizda Mirza akamni saqlab qolish mumkinmidi, degan xayolga boraman.

Shifokor va hamshiralarning umr yo‘ldoshimga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklaridan butun oilamiz bir umr minnatdormiz. Qaniydi, shifoxonaga kirishga imkon bo‘lsayu, o‘sha yerdagi barcha hamshira va shifokorlarni bir-bir bag‘rimga bosib, ularga beminnat xizmatlari uchun rahmatlar aytsam”, deydi Tojibar Azizova.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri direktori Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi. San’atkorning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’ziya bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Mirza Azizov Tojibar Azizova

Baholaganlar

2277

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing