Mirobod tumani sudi qarorida texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq Toshkent shahar Mirobod tumani sudi o‘zbekistonlik shaxsni Rossiyada bo‘lib turgan davrida O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikda ayblab, 15 sutkaga qamash haqida qaror chiqargani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashi munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, shu yilning 17 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida U.R.ga doir ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqilib, tegishli jazo tayinlangan. Sud qarorida huquqbuzarlik sodir etilgan sana “16 aprel” deya qayd etilgan. Ammo mazkur holat texnik xatolik ekani aniqlangan. Bildirilishicha, sudya tomonidan o‘sha vaqtning o‘zida qo‘shimcha qaror chiqarish yo‘li bilan xatolik bartaraf etilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning 16 may kuni sodir etilgan ushbu ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish materiallari 17 may kuni sudga kelib tushgan bo‘lib, elektron taqsimotga ko‘ra, sudya S. Xo‘jamqulova ish yurituviga olingan.

“Mazkur jarayon to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, ushbu dasturga inson omilining ta’siri yo‘q. Alohida ta’kidlash shartki, ushbu bayonot sud qarori qonuniyligi yuzasidan kengash xulosasi sifatida talqin qilinmasligi kerak. Chunki, qonunga ko‘ra, sud qarorlariga huquqiy baho berish yuqori sud instansiyasi vakolatiga taalluqli”, deyiladi kengash munosabatida.

Shuningdek, kengash sud qarori qonuniy kuchda ekani va texnik xatolik bartaraf etilgani bois, sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishga yetarlicha asos yo‘q, deb hisoblashini qayd etgan.

“Biroq mavjud holat jamoatchilikda sud hokimiyatiga nisbatan noto‘g‘ri tasavvurlar paydo qilishi ehtimolini yuzaga keltirgani e’tiboridan Toshkent shahar sudiga uning sabablarini o‘rganish tavsiya qilindi”, deyiladi munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made