Oliy sud: Davlatga xiyonatda ayblangan er-xotinga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan A.Yarbabayev va Ye.Yarbabayevaga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bir necha oy davom etgan yopiq sud majlisida guvohlar va sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglanib, tahlil qilindi. Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning keltirgan vajlari tekshirildi. 

Sud yakuniga ko‘ra, sudlanuvchi Akbar Yarbabayev va Yelena Yarbabayevani yuqoridagi jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Natijada sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchilarning shaxsi, oilaviy ahvoli kabi jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar e’tiborga olinib, A.Yarbabayevga 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu ish bo‘yicha sudlangan Ye.Yarbabayevaga esa Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Biroq uning tergov va sudda jinoyatlarni fosh etishga faol yordam berganligi va ishdagi boshqa javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarni e’tiborga olib, sud tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat’iy fikrga keldi va 3 yil sinov muddati belgilangan holda shartli ravishda jazodan ozod etildi.

Oliy sud xabarida aybdorlarning yoshi, qayerda ishlagani va bir-biriga qarindoshlik darajasi haqida ma’lumot berilmagan. Ammo xalqaro OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Akbar va Yelena Yarbabayevalar er-xotin. Akbar Yarbabayev O‘zbekiston qurolli kuchlari shtabida mas’ul lavozimda ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

sud davlatga xiyonat

Baholaganlar

599

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing