Minglab ko‘chatlarni yo‘q qilgan 29 nafar “kattakon” javobgarlikka tortiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda minglab ko‘chatlarni nobud qilgan va qo‘shib yozgan 29 nafar rahbar javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘chatlar sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilishi hamda mas’ullarning e’tiborsizligi oqibatida jami 333,1 ming tup ko‘chatlar nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgan. Bajarilgan ishlar hajmiga elektron platforma orqali amalda ekilmagan jami 136,1 ming tup ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan.

Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi jamoat joylarida 127,5 ming tup ko‘chat ekilgani qayd etilgan bo‘lsada, amalda ko‘chatlarning aksariyati (90 foizi) qayta ekish uchun mo‘ljallangan pitomniklardagi qalamchalar bo‘lib, markaziy ko‘chalarga ekilgan ko‘chatlarning 30 foizi sug‘orilmagan. Agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmagani oqibatida qurib, o‘suvchanlik qobiliyatini yo‘qotgan.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida jami 1355 tup daraxt ko‘chatlari, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida ekilgan 3,5 ming tup ko‘chatlarning yarmidan ko‘pi qarovsizlik oqibatida nobud bo‘lgan.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida 2435 tup amalda ekilmagan ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilib, byudjetdan ajratilgan mablag‘lar obodonlashtirish tizimi xodimlari tomonidan o‘zlashtirilgan.

Hozirga kelib, o‘z vazifalarini bajarishga mas’uliyatsizlik bilan qarab, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalasi hal etilayotgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

javobgarlik ko'chatlar rahbar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing