Milliy xavfsizlikdan 96 kishi bo‘shatildi

Olam

image
0:00
0:00
download
“75 lar ishi” bo‘yicha 90 ga yaqin guvoh so‘roq qilinadi north_east

“75 lar ishi” bo‘yicha 90 ga yaqin guvoh so‘roq qilinadi

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi islohoti doirasida 96 nafar xodim ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alisher Erbayev ma’lum qildi.

U deputat Elvira Surabildiyevaning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasini nopok xodimlardan tozalash ishlari olib borilyaptimi yoki yakunlanganmi, degan savoliga shunday javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat qo‘mitasida tarkibiy, tizimli o‘zgarishlar davom etmoqda.

“Ayni paytda 96 nafar xodim ishdan chetlatilgan, yana 24 nafar xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘zimiz qo‘zg‘atgan ishlar ham bor”, dedi Alisher Erbayev.

Deputat mamlakat fuqarolari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faoliyatida ijobiy o‘zgarishlarni kutayotganini bildirgan. 

“Bizga davlat qo‘mitasi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda va odamlar ularga munosabatni kutmoqda”, deydi Elvira Surabaldiyeva.

Alisher Erboyevning qo‘shimcha qilishicha, Bosh prokuraturaga 386 ta ariza kelib tushgan va hozirda ular bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qamchibek Tashiev Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing