Milliy xavfsizlik sobiq deputatning o‘g‘lini “vor v zakone”larga aloqadorlikda ayblab hibsga oldi
Olam
−
21 dekabr 2023
23849Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Jogorku Kenesh (parlament) sobiq deputatining o‘g‘lini kriminal boshliq Qamchibek Qo‘lboyevning jinoiy daromadlarini legallashtirishda ayblab qo‘lga oldi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Razvedka xizmati hibsga olingan shaxs kimning o‘g‘li ekanligiga aniqlik kiritmagan. Xabarda faqat uning ismi bosh harflari ko‘rsatilgan – M.A.M.
“24.kg” nashri o‘z manbalariga tayanib, hibsga olingan shaxsning ismi Aziz Mirzabekov va u parlamentning sobiq deputati Dinara Isayevaning o‘g‘li ekanligini yozmoqda.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, ayblanuvchi 6 dekabr kuni hibsga olingan. Sud uni Bishkekdagi 1-tergov izolyatorida saqlash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, M.A.M. Qo‘lboyevning Lexus LX570 rusumli zirhli avtomashinasini o‘zlashtirgan va politsiya avtomobilning qonuniy egasini aniqlamasligi uchun uni uyushgan jinoiy guruh a’zolariga foydalanish uchun topshirgan.
Shuningdek, deputatning o‘g‘li Ko‘lboyev bilan “yaqin oilaviy munosabatda bo‘lgan” va jinoyatchilar guruhi a’zolari tomonidan o‘tkaziladigan ba’zi sport tadbirlarini moliyalashtirgan.
Xavfsizlik kuchlari ayblanuvchidan katta miqdordagi mol-mulk, jumladan, Dubaydagi Business Bay elita hududida joylashgan qiymati 4,5 million dollardan ortiq bo‘lgan 24 ta kvartirani topgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘lboyevga tegishli mol-mulkni aniqlash va davlatga qaytarish davom ettiriladi.
Qamchibek Ko‘lboyev qirg‘izistonlik tilga tushgan “vor v zakone” (qonundagi o‘g‘ri) edi. Uning hibsga olinishiga nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijda ham qiziqish bor edi. 2014 yildan beri AQSH rasmiylari Ko‘lboyev haqidagi ma’lumot uchun million dollar taklif qilgan, 2021 yilda esa mukofotni 5 millionga oshirgan.
Ko‘lboyev shu yilning 4 oktyabrida Bishkekda uni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya chog‘ida xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan. Bir necha kundan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uning turli mamlakatlarda bir milliard dollarga teng bo‘lgan, jumladan, 850 dan ortiq ko‘chmas mulki borligini aniqlagan.
Joriy yilning 5 oktyabr kuni maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyev hukumatning mamlakatda tartib o‘rnatish niyati va qonunni buzgan uyushgan jinoiy guruh a’zolarining “boshini kesishga” tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Tashiyevning so‘zlaridan keyin guruh a’zolari, shuningdek, jinoyatchilar bilan hamkorlik qilgan tadbirkorlar va mansabdor shaxslar ommaviy hibsga olindi. Masalan, 14 dekabr kuni O‘shda koloniya boshlig‘i mahbuslarni giyohvand moddalar bilan ta’minlagan uyushgan jinoiy guruhni “himoya qilgani” uchun hibsga olingan.
LiveBarchasi