Milliy gvardiya o‘quvchilarga ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin

Jamiyat

image

Milliy gvardiyaga o‘quvchilar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berilmoqda. Bu haqda bugun, 25 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.

Ma’lumki, 2024 yil fevraldan ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazilgan. Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 ming 450 ta holatda “Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik” (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-moddasi) huquqbuzarligi aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan. Shuningdek, ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

“Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yilda maktablardagi davomat ko‘rsatkichi 50 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 90-95 foizni tashkil qilmoqda. Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda”, deydi senator Rustam Kalonov.

Shu sababli qonun bilan Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 hamda 248-1-moddalariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 4 moddasi bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rish vakolati berilmoqda:

  • Bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish borasida majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
  • Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda)
  • Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish (187-modda 1-qismi);
  • Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolati berilmoqda.

Shuningdek, bu vakolatlar IIVning voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. Senatorlarga ko‘ra, qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda byudjetdan qo‘shimcha xarajatlar talab qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing