Milliy gvardiya xodimlari qo‘shiqchini qo‘riqlab yuribdi. Bu qonuniymi? (video)
Madaniyat-san’at
−
03 fevral
17600Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Dildora Niyozovani tadbirlardan birida Milliy gvardiya xodimlari qo‘riqlab yurgani aks etgan videolar tarqaldi. Unda Niyozova qo‘shiq kuylayotgan mahalda Milliy gvardiyaning ikki nafar ayol xodimasi san’atkorni uning atrofidagi odamlardan himoya qilganini ko‘rish mumkin. Davlat qo‘riqchilari hisoblangan Milliy gvardiya xodimlarining bu xatti-harakati esa muhokamalarda odamlarning taajjubiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unda yozilishicha, davlat soqchilari xizmat qilgan tadbir kecha, 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan.
“Soat 14:00 hamda 18:00 da Jizzax shahrida joylashgan “Versal” to‘y-tantanalar majmuasida “Sevimli navo” xususiy korxonasi tomonidan estrada yulduzi Dildora Niyozovaning konsert dasturi tashkillashtirilgan.
Bu kabi ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ekt hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya va huquqni muhofaza qilish organlari jalb qilinadi”, deya yozilgan xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu tadbirda ham Milliy gvardiya hamda boshqa hamkor vazirlik xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda “Versal” to‘y-tantanalar majmuasining xavfsizligi ta’minlangan holda tashrif buyurgan fuqarolar belgilangan vaqtda kiritilgan.
“Konsert dasturining birinchi bosqichi yakunlanishi e’lon qilinib, xonandaning oxirgi qo‘shig‘i kuylanayotgan paytda tomoshabinlar uni o‘rab olib, sahnaga qaytishiga to‘sqinlik qilish va rasmga tushish uchun yo‘lini to‘sish kabi holatlar kuzatilgandan so‘ng, chaqiruvga asosan Milliy gvardiya ayol xodimlari ichkariga kirib xonandani o‘ziga ajratilgan xonaga qaytishiga yordam ko‘rsatilgan. Shu holatning qisman jarayoni aks etgan videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan”, deyiladi xabarda.
Xo‘sh, byudjetdan maosh oladigan Milliy gvardiya xodimlarining san’atkorlarga xizmat ko‘rsatishi qanchalik qonuniy?
Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, qo‘riqlanadigan ob’ektlarga – belgilangan tartibda qo‘riqlashga olingan jismoniy va yuridik shaxslarning binolari, imoratlari, inshootlari, ularning hududlari, joyning uchastkalari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklari, pul mablag‘lari, moddiy boyliklari va boshqa mol-mulki, shuningdek, jismoniy shaxslar kiradi.
Ammo shu qonunning 13-moddasiga binoan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan ob’ektlarda shartnoma asosida qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirishi lozim.
Jizzax viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi munosabatida esa davlat organi bilan na jismoniy shaxs hisoblangan Dildora Niyozova va na xususiy korxona o‘rtasida shartnoma tuzilmagani yozilgan.
Qonunning 14-moddasida esa qo‘riqlash faoliyatini shartnoma tuzmasdan amalga oshiruvchi sub’ektlar qatoriga:
- davlat organlarining qo‘riqlash bo‘linmalari;
- idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari;
- idoraviy qorovullik bo‘linmalari kiradi, xolos.
Xonanda Dildora Niyozovaning o‘zi ham holatga munosabat berar ekan, Milliy gvardiya xodimlarini pul to‘lab yollamaganini ochiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “qo‘qonlik tabib” Iqboljon Soliyevni qo‘riqlab yurgan maxsus harbiy kiyimdagi 4 nafar “tansoqchi” yigitlar javobgarlikka tortilgan edi.
LiveBarchasi