Milliy gvardiya qo‘mondoni Qo‘l jangi federatsiyasiga rais bo‘ldi

Sport

image

Bugun, 6 fevral O‘zbekiston Qo‘l jangi federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik Baxodir Toshmatov federatsiya raislik lavozimiga saylandi. Bu haqda Milliy Gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, delegatlar tomonidan Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik Baxodir Tashmatov bir ovozdan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi etib saylangan. 

Shuningdek, tadbirda federatsiya faoliyatini takomillashtirish, qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan. 

Yangi saylangan federatsiya raisi o‘z nutqida so‘nggi yillarda sport sohasiga qaratilgan davlat e’tibori natijasida sportchilar xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotganini qayd etgan. Shuningdek, 2022 yil 20 iyunda qabul qilingan “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qo‘l jangi sport turini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. 

Konferensiya davomida qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy vazifalar belgilangan. Jumladan, seksiya va to‘garaklar mavjud bo‘lmagan tumanlarda kamida ikkitadan qo‘l jangi seksiyasini tashkil etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish, istiqbolli sportchilarni saralab olish hamda ularni kasbga yo‘naltirish vazifalari belgilab olingan.

Shu bilan birga, iqtidorli qo‘l jangchi sportchilarni Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari saflariga jalb etish, shuningdek, musobaqalarni muntazam tashkil etish va g‘olib sportchilarni munosib rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar ham belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga qayta saylangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Milliy gvardiya Qo'l jangi Baxodir Toshmatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing