Milliarder Yermolayev suiqasdga Ukraina harbiy razvedkasi xodimlarini aybladi
Olam
−
18 iyul 7110 3 daqiqa
Ukrainalik milliarder Vadim Yermolayev Monakoda o‘ziga qarshi uyushtirilgan portlash ortida Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR)ning amaldagi xodimlari turganini ma’lum qildi. U, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga mazkur ishga shaxsiy e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda "The Insider" nashri xabar berdi.
Fransiyaning “Nice-Matin” gazetasida chop etilgan, Yermolayev imzolagan maktub uning manfaatlarini himoya qilayotgan Dynasty Law & Investment yuridik firmasi tomonidan taqdim etilgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hujjatning haqiqiyligi Monako hokimiyati tomonidan ham tasdiqlangan.
“Tergov davomida taqdim etilgan ma’lumotlar asosida suiqasdga Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining amaldagi xodimlari bevosita aloqador ekaniga ishonamiz. Mavjud dalillar operatsiya nafaqat ijrochilar va tashkilotchilarni, balki GUR xodimlarini ham qamrab olganini ko‘rsatmoqda. Ularning ayrimlari xizmatning amaldagi yoki sobiq rahbariyatiga yaqin hisoblanadi”, deyiladi maktubda.
Yermolayev Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga “mazkur masalaga shaxsiy e’tibor qaratayotgani va allaqachon ko‘rsatilgan yordam uchun” minnatdorlik bildirgan.
“Bu bayonot Ukraina yoki ukrain xalqiga qarshi qaratilmagan. Ukraina ittifoqchilarining ishonchiga bog‘liq. Hech bir muassasa, razvedka xizmati yoki davlat amaldori qonundan ustun bo‘lishi mumkin emas. Men va advokatlarim haqiqatni aniqlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlarni tergov organlariga taqdim etishda davom etamiz”, degan u.
Biznesmenning aytishicha, portlash oqibatida o‘zi, turmush o‘rtog‘i Anna Nesobina va 13 yoshli o‘g‘li og‘ir jarohat olgan.
“Hamroham Anna juda og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan jarohatlar oldi. O‘g‘lim og‘ir kuyishlar, sinishlar va boshqa jarohatlar oldi. Men reanimatsiyada davolanmoqdam va endigina uzoq davom etadigan remissiya boshlandi. Bu ogohlantirish emas, balki qasddan odam o‘ldirishga urinish edi”, degan Yermolayev.
Ma’lumot uchun, 58 yoshli Vadim Yermolayev Dnepr shahrida tug‘ilgan bo‘lib, “Alef” korporatsiyasi asoschisi va shaharning yirik developerlaridan biri hisoblanadi. “Forbes” ma’lumotiga ko‘ra, u 2021 yilda 220 million dollar boylik bilan mamlakatning eng boy 100 kishisi reytingida 45-o‘rinni egallagan. Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Yermolayev 2019 yilda Ukraina fuqaroligidan voz kechib, Kipr pasportini olgan.
2023 yil dekabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yermolayev va Qrimda faoliyat yuritgan “Alef-Vinal-Qrim” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etgan edi. Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya anneksiya qilingan Qrimda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirgan.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyun kuni Yermolayev oilasi bilan Monakodagi uyiga kirayotganida portlovchi qurilma ishga tushgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bombani Ukraina fuqarosi Anastasiya Berezovskaya ryukzakda olib kelib qoldirgan, keyin esa Ukrainaga qaytgan va oradan ko‘p o‘tmay o‘ldirilgandi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) ma’lum qilishicha, Berezovskaya Ukrainaga qaytgach ikki nafar erkak, jumladan GUR’ning amaldagi ofitseri bilan muloqot qilgan. Ular Berezovskayaning kriptovalyuta va bank hisoblariga bir necha marta mablag‘ o‘tkazgan, bu esa suiqasdni tashkil etishga aloqadorlik ehtimolini ko‘rsatishi mumkin.
Tergov jarayonida qo‘lga olingan GUR xodimi Vladislav Reut so‘roqda sobiq SBU xodimi Vitaliy Jikovich bilan birgalikda Berezovskayani o‘ldirganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, GUR rahbariyati Berezovskaya bilan aloqalaridan xabardor bo‘lmagan va u o‘z tashabbusi bilan harakat qilgan.
14 iyul kuni “Ukrainskaya pravda” manbalariga tayanib, Ukraina tergovi Reut va Jikovichni Monakodagi portlash tashkilotchilari deb hisoblayotganini xabar qilgan. Biroq Ukraina Bosh prokuraturasi hozircha ularga faqat Berezovskayani o‘ldirish bo‘yicha rasmiy ayblov e’lon qilinganini bildirgan.
Live
Barchasi