Millati uchun jon olishga hech kimning haqqi yo‘q – Qudratxo‘ja tojik bola haqida

Jamiyat

image
Rossiya fashizmining 10 yashar qurboni Qobiljon Tojikistonga dafn etiladi (video) north_east

Rossiya fashizmining 10 yashar qurboni Qobiljon Tojikistonga dafn etiladi (video)

Rossiyada 10 yashar tojik millatiga mansub maktab o‘quvchisi 15 yashar boshqa o‘quvchi tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilishi nafaqat Tojikistonda, balki barcha turkiy xalqlarda chuqur qayg‘u bilan qabul qilinmoqda. Jamoatchilik vakillari, faollar, ziyolilar fojiada qotillikni sodir etgan boladan ham ko‘proq, bunga olib kelgan, u va boshqa millionlab odamlarning yuragiga boshqa millatlarga nisbatan nafrat urug‘ini sepgan Hukumatni, uning g‘oyasini, qonli millatchilik va imperialistik siyosatini qoralayapti, jumladan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham. 

“Moskvada bir maktab o‘quvchisining vahshiylarcha o‘ldirilgani aks etgan videoni ko‘rib, qattiq shok holatiga tushdim. Ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi... Yuragim to‘xtab qolgandek bo‘ldi! 

Dahshat. Hozir qurbonning onasi va yaqinlari qanday qayg‘uda ekanligini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. Hech bir onaning boshiga bunday musibat kelmasligi kerak! Hech bir onaning! 
Bolaning millati tufayli shafqatsizlarcha o‘ldirilishini hech qanday so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi”, deydi professor Qudratxo‘ja. 

Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozishicha, ksenofobiya tufayli dahshatli qotillik sodir etilgan Rossiya Federatsiyasi singari ko‘p millatli va ko‘p dinli mamlakatlarda maktablarda milliy bag‘rikenglikka oid fan o‘qitilishi kerak. Maktab va jamiyatdan tashqari, ayniqsa, uyda kattalar bolalarning oldida ham, ularsiz ham ksenofobik “madaniyat” va muhitni kuchaytiradigan “churka”, “chernojopiy”, “uryuk”, “xachik” kabi va shunga o‘xshash kamsituvchi haqoratlarni aytishni bas qilishlari kerak!  

“Biz ommaviy axborot vositalarida hukumat a’zolari, deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar rahbarlarining migrantlar va ularning oilalari masalasini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan va nomaqbul tarzda muhokama qilayotganini tez-tez ko‘ramiz. Bolalar kattalardan o‘rganadi va bu, ming afsuski, bugungi jamiyatning ko‘zgusidir. 

Bolalar maktab yoshidanoq bag‘rikenglik tushunchasini ongli ravishda anglab yetishlari va shu qadriyatlar bilan ulg‘ayishlari lozim. Aks holda, bunday hodisalar qayta-qayta takrorlanaveradi. Tojiklar, o‘zbeklar, qozoqlar, tatarlar, qirg‘izlar, hindlar, afroamerikaliklar, chechenlar, dog‘istonliklar ham xuddi ruslar kabi Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan, ular ham biz kabi insonlardir! Alloh Taolodan boshqa hech kim, hech qayerda va hech qachon ularning jonini olishga haqli emas, faqat U va boshqa hech kim!
 
Yoshlarimiz bunday shavqatsizlarcha va behuda halok bo‘lmasliklari kerak, xuddi kecha Moskvada bo‘lgan ushbu voqea va bir necha kun avval AQSHda otishma qurboni bo‘lgan vatandoshimiz, neyroxirurgiya fakultetining birinchi kurs talabasi Muhammadaziz Umrzoqov bilan sodir bo‘lganidek!  

Qadrdon Tojikiston, biz siz bilan birga motamdamiz, biz birgamiz”, deydi universitet rektori.

Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U qo‘riqchi va to‘rtinchi sinf o‘quvchisini pichoqlab, bolani o‘ldirdi. Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.

17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi. 

Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing