Rossiyada migrantlar taqchilligi boshlandi

Olam

image

Rossiya qurilish sohasida 1,5 milliondan 2 milliongacha xorijiy mehnat muhojiri yetishmaydi. Bu haqda Rossiya Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (NOSTROY) prezidenti Anton Glushkov ma’lum qildi.  

“Sanoat ishchilar yetishmasligini boshdan kechirmoqda. Bugun hammamiz tan oldik, xorijlik ishchi kuchisiz buning iloji yo‘q”, degan Anton Glushkov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoatda kamida 1,5 million kishi yetishmaydi. 

“Ishchi kuchining yetishmasligi, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilarni qurilish maydonchalarini modernizatsiya qilishga, mehnat unumdorligini oshiradigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga majbur qildi”, degan NOSTROY prezidenti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bungacha texnologiyalar ko‘p ishlatilmagan, chunki ularni ishchi kuchi bilan osongina almashtirish mumkin bo‘lgan. 

“Ilgari ikki-uch muhojir ishlagan joyda, endi ishlab chiquvchi uchun mashina va mexanizmlardan foydalanish foydaliroq”, deb tushuntirgan Anton Glushkov.

Ta’kidlanishicha, hozirda ishchilarni tayyorlash dasturlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Glushkovning fikricha, taqchillik muammosini kompleks tarzda hal qilish: mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, mehnat unumdorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qurilish sohasiga yoshlarni jalb qilish zarur.

NOSTROY ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda qurilish sohasi bilan 7 millionga yaqin kishi shug‘ullanadi. 

“Aniq qancha muhojir borligini aytish qiyin, chunki ularning ba’zilari noqonuniy ravishda keladi”, deb tushuntirgan Anton Glushkov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya qurilish maydonlarida ishlagan muhojirlarning bir qismi Yaqin Sharqda, jumladan, BAAda qurilayotgan ob’ektlarga yo‘naltirilgan, chunki u yerda ish haqi Rossiyanikidan ancha yuqori. 

NOSTROY ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada quruvchining o‘rtacha ish haqi 10,4 foizga oshgan. Shunga qaramay, sakkiz federal okrugning oltitasida qurilish ishchilarining ish haqi bozordagi o‘rtacha qiymatdan pastligicha qolmoqda. 

Qayd etilishicha, pandemiya davrida qurilish sanoati jiddiy ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda. Qurilishda ishlaganlarning aksariyati Markaziy Osiyodan kelganlar bo‘lgan. Ammo kovid cheklovlari tufayli ko‘pchilik mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan va qaytib kela olmagan. 

Muammoni hal qilish uchun o‘tgan yili Federal Jazoni ijro etish xizmati mahbuslarni qurilish maydonchalariga jalb qilishni taklif qilgan. Bu fikrni Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin qo‘llab-quvvatlagan. Xusnullin yirik qurilish ob’ektlarida ishchilar yetishmasligini sohadagi birinchi raqamli muammo deb atagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurilish ob’ektlarida 1,5 milliongacha mehnat muhojiri yetishmaydi. Hukumat 2024 yilgacha Rossiya qurilish maydonchalariga 5 millionga yaqin mehnat muhojirlarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. 

Avvalroq, o‘tgan yili Rossiyada berilgan mehnat patentlarining yarmidan ko‘pi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri kelishi haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant

Baholaganlar

452

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing