Midweek: Italiyaning O‘zbekistondagi “nishonlari”, do‘stini jinniga chiqargan Tramp, bir o‘limdan qolgan Putin, Durovga berilgan “ozodlik”

Tahlil

Dunyoning qudratli 7 davlatini o‘ziga qamrab oluvchi G7 klubi a’zosi, jahondagi eng yirik 8-iqtisodiyotga egalik qiluvchi davlatning hukumat boshlig‘i, amalda mamlakat ichida eng ta’sirchan kuch bo‘lgan Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni O‘zbekistonda. 

Bu Melonining O‘zbekiston yerlarida ikkinchi bor bo‘lishidir. Bundan oldin, aniqrog‘i, 2024 yil 31 iyul kuni u Pekinga qilgan rasmiy tashrifidan so‘ng, qisqa vaqtga Toshkentda to‘xtab o‘tgandi. Italiya hukumat rahbari bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov uchrashib, Prezident Mirziyoyevning salomini yetkazgan. O‘zbekistonning G‘arbiy Yevropadagi birinchi strategik sherigi, Yevropa Ittifoqidagi uchinchi, butun dunyo bo‘yicha esa 11-o‘rinda turuvchi eng yaqin savdo hamkori Italiya bilan tashriflar almashinuvi shu tarzda davom etadi. 

Ma’lumot o‘rnida, 28-29 may kunlari Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni O‘zbekistonda bo‘lib, Samarqandda muzokara va uchrashuvlar o‘tkazgandan so‘ng, 30 may kuni Markaziy Osiyo – Italiya birinchi sammitini o‘tkazish uchun Qozog‘istonga uchib ketadi. Aslida joriy yil aprel oyining so‘nggi kunlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo – Italiya birinchi sammiti va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonining O‘zbekistonga tashrifi Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan ortga surilgandi. Italiya o‘sha kunlar davomida papaning dafn marosimiga tayyorgarlik va shu maqsadda dunyoning turli chekkalaridan Rimga tashrif buyurgan siyosiy liderlarni qarshi olish bilan band edi. shu sababli Melonining O‘zbekistonga tashrifi va Markaziy Osiyo – Italiya sammiti bir oyga kechikdi. Nihoyat uzoq kutilgan tashrif amalga oshdi. 

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, bu uchrashuv Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7-9 iyun kunlari Italiyaga qilgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘tkaziladi. Shu onda Prezident Mirziyoyevning bundan 2 yil oldin Italiyaga qilgan safarida qanday kelishuv va natijalar bo‘lgani haqidagi savol o‘rinli. Mirziyoyevning o‘sha tashrifi O‘zbekiston uchun tarixiy. Chunki o‘shanda Italiya rasmiy Toshkentning butun G‘arbiy Yevropadagi ilk strategik hamkoriga aylangan. Ikki o‘rtada qiymati 9 milliard yevroga teng 40 dan ortiq bitim imzolangandi. Shu bois Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar bundan ikki yil oldingi tashrifning davomi, desak xato bo‘lmaydi. 

Xo‘sh, Italiya Bosh vaziri Samarqandga ortda qolgan yillar davomida G‘arbiy Yevropa hukumatlarida yaxshi taassurot qoldirgan, 37 millionlik bozorga ega va xavfsizlik nuqtai nazaridan ko‘pchilikni tashvishlantirayotgan Afg‘oniston bilan eng yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan davlat – O‘zbekistonda nimalarni ko‘zlayapti degan savol o‘rtaga chiqadi. Umuman olganda, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi shu kabi yuqori darajadagi tashriflar so‘nggi 3 yil ichida odatiy tusga kirdi. Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘zaro munosabatlar bugunga kelib, 33 yillik tarixga ega. Ammo Yevropa sivilizatsiyasi o‘choqlaridan biri bo‘lgan Italiyaning O‘zbekiston bilan har qachongidan-da yaqin aloqalari starti 2023 yilning ikkinchi choragiga borib taqaladi. O‘sha paytdan boshlab Rim va Toshkentning yuqori martabali mulozimlari o‘rtasida uchrashuvlar ko‘paydi. Bu 2023 yil 26 aprel kuni Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozettoning O‘zbekistonga tashrifi bilan boshlandi. Shundan bordi-keldilar uzluksiz davom etdi. Jumladan, 2023 yil 8 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrif bilan bordi. U Bosh vazir Meloni va Prezident Serjo Mattarella bilan muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil iyun oyida Italiyaga qilgan ushbu tashrifi barcha jihatlardan-da ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik bitimi imzolangani bilan yodda qoldi. Italiya G‘arbiy Yevropa miqyosida O‘zbekistonning shunday yuqori darajadagi ilk hamkoriga aylandi. Keyingi tashriflar mobaynida esa shu sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘tarildi. Xususan, Prezident Mirziyoyevning Italiyaga tashrifidan 5 oy o‘tar-o‘tmas Italiya Prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekistonga keldi. Unga bu tashrifda qizi Laura Matarella hamrohlik qilgandi.

Yirik bozor va xavfsizlik – Italiyaning O‘zbekistondagi eng asosiy nishonlari bo‘lishi mumkin. Ikki o‘rtada munosabatlar ancha oldinroq o‘rnatilgan bo‘lsa-da, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng, Putindan gaz sotib olishni istamagan Yevropa Ittifoqi ham Markaziy Osiyoga avvalgidan ko‘ra ko‘proq qiziqishni boshladi. Turli darajadagi uchrashuvlar, sammitlar va “1+5” siyosati shular jumlasidan. Yuqoridan qaralsa, Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida Fransiya va Italiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan yuritayotgan siyosati ancha o‘xshash, ammo ular alohida manfaatlarni ko‘zlaydi. 

Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, geosiyosiy vaziyat ancha o‘zgarib, Yelisey saroyida Oq uyga bo‘lgan ishonch ancha pasaygani ortidan Fransiya yangi hamkorlik tashabbuslariga e’tibor qaratishni boshladi. Fransuzlar o‘ziga boshqa resurslar markazini qidirishni jadallashtirdi va asosiy manfaatni uran xomashyosi atrofida ko‘rdi. Italiya esa ittifoqdoshi kabi o‘z manfaatlari asosida yurishni davom ettirar ekan, mazkur davlatni ko‘proq energetika va mudofaa faktorlari qiziqtirmoqda. Italiya uchun Markaziy Osiyo energiya xavfsizligi masalasida ustuvor o‘rin tutadi. Masalan, Rim O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Turkmaniston bilan energiya resurslari borasida ancha yaxshi aloqalarga ega. O‘zbekiston ham energiya resurslari jihatidan Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biridir. Shu bois Italiya va Fransiya Markaziy Osiyo energetikasida oxirgi paytlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga umid qilib keladi.

Hozirda ikki davlat oldi-berdilarida asosan, O‘zbekiston importchi, Italiya esa eksportchi rolida qolmoqda. Yevropa davlati O‘zbekistondan asosan, trikotaj, mis, paxta va mineral xomashyo kabilarni import qilmoqda. O‘zbekiston esa Italiyadan asosan, sanoat uskunalari va ishlab chiqarish liniyalari, elektr dvigatellari, maishiy texnika, tibbiy uskunalar va dori-darmon mahsulotlari kabilarni xarid qiladi. Ammo e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat eksport va importdagi juda katta farqda. Masalan, “Trading Economics” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatning Italiyaga eksport qiymati 85 million AQSH dollariga yaqinlashgan bo‘lsa, undan qilinayotgan import qiymati ancha katta – 500 million AQSH dollari atrofida. Eksportning importdan 6 barobar ko‘pligi Italiya O‘zbekistonni o‘z mahsulotlari uchun qo‘shimcha bozor sifatida ko‘rishini anglatadi. Ustiga ustak O‘zbekiston aholisi 38 millionga yaqinlashib, butun Markaziy Osiyodagi aholining 45 foizini tashkil qiladi. Bu mintaqadagi iste’mol hajmining deyarli yarmi degani. 

Bundan tashqari, Italiya uchun Afg‘oniston masalasida hamkorlikka tayyor bo‘lgan O‘zbekiston xavfsizlik va migratsiya masalasida juda muhim sub’ekt hisoblanadi. Masalan, 2021 yilda Toshkent va boshqa qo‘shni mamlakatlar yordami bilan Rim Qobuldan 5 mingga yaqin afg‘on fuqarosini evakuatsiya qildi – bu Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Shuningdek, Afg‘onistonga gumanitar yordam kiritishda Italiya uchun Termiz logistika markazi katta rol o‘ynadi.  Mintaqaviy ta’sirga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi hukumatlar, xususan, Toshkent va Ostona bilan hamkorlik qilish geosiyosiy ta’sirdan tortib, iqtisodiy diversifikatsiyagacha bo‘lgan masalalarda har tomonlama Rimga manfaatli. Ayniqsa, Markaziy Osiyo “darvozasi” hisoblanadigan O‘zbekiston bunda juda muhim figura bo‘lishi mumkin. Rasmiy Toshkentning so‘nggi yillardagi ko‘p vektorli siyosati esa xalqaro hamkorlar uchun kuchli ishonch bazasini yaratdi. Jumladan, Moskva eng yirik ikki savdo hamkordan biri bo‘lishiga qaramay, Toshkent Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan ilk kunlardanoq Donetsk va Luganskdagi Rossiya ta’siri ostida bo‘lgan ayirmachilarning ajralib chiqishini tan olmasligini ochiq tarzda, mamlakatdagi eng yuqori siyosiy institutlardan biri hisoblanadigan Senatda, Tashqi ishlar vaziri tilidan e’lon qildi.

Shuningdek, Turkiya bilan ham faqat o‘zaro manfaatli siyosat olib borilishi Samarqandda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyoning ilk sammitida BMTning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslik to‘g‘risidagi ikki rezolyutsiyasiga amal qilish orqali tasdiqlandi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston G‘arbiy yarimshar ko‘z o‘ngida tashqi bosimlardan holi, faqat milliy manfaatlar yuzasidan hamkorlik qilishga ochiq va pragmatik siyosiy yo‘lga ega mamlakat sifatida gavdalangan bo‘lishi mumkin. Buni oxirgi yillarda Yevropadagi ikki sentrist mamlakat hisoblanmish Fransiya va Italiyaning O‘zbekistonga yaqinlashuvidan ham ilg‘ash qiyin emas.

Shuningdek, Rossiya tomonidan qilinadigan muttasil noteng munosabat, xususan O‘zbekiston suverenitetini mensimaslik, ichki ishlarga “burun suqish” holatlari, ochiqdan ochiq tahdidiy ritorikalar, mansabdorlar o‘rtasidagi munosabatlarda kamsitish harakatlari (Lavrov va Saidov voqeasi) va “SSSRning hali mavjudligi” haqidagi afsonalar fonida o‘rtadagi iliq munosabatlarning harorati o‘zgarib borishi tabiiy. Bundan tashqari, Xitoyning Fransiyadagi elchisi 2023 yilgi intervyusida Sobiq Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqan mamlakatlarning mustaqilligini so‘roq ostiga olishi rasmiy Toshkentni hushyorlikka chorlashi hamda dunyo bo‘yicha keng miqyosda hamkorlar qidirishga undashi lozim. Yevropa Ittifoqi, jumladan Italiya bilan yaqin aloqalar shu sharoitda yetilgan bo‘lsa ham ajab emas.

29 may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi. Ular huzurida tashrif doirasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish, strategik ahamiyatga ega xomashyo sohasida hamkorlik, migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik, Iqlim jamg‘armasi va Italiya qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bilan hamkorlik, “Sogesid” va “Ansaldo” kompaniyalari bilan "yashil" rivojlanish sohasida hamkorlik, Tushia, Piza va Turin universitetlari bilan sheriklik to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi ham o‘tkazildi. Shuningdek, rasmiy tashrif doirasida Italiya Milliy tadqiqotlar markazi, “SIMEST” va “Danieli” kompaniyalari, Peruja universiteti hamda boshqa tashkilotlar bilan qator hujjatlar imzolandi. Samarqanddagi ko‘chalardan biriga Rim nomi berildi.

Durov qaytdi

Telegram asoschisi Pavel Durovni 9 oydan beri tergov qilayotgan Fransiya unga ikkinchi bor Dubayga qaytishga ruxsat berdi. Durov o‘zining Telegram’dagi kanalida iyun oyining birinchi haftasida Dubayda bo‘lishi va oldinda “yaxshi yangiliklar” kutayotganini e’lon qildi. Hozirda Fransiya rasmiylari Telegram’dagi kontentni yetarlicha himoyalanmasligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikdan bosh tortgani uchun Durovga nisbatan tergov olib bormoqda. Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklarining fuqarosi bo‘lgan Durov 2024 yilning avgustida Fransiya aeroportida hibsga olinganidan beri sud nazorati ostida bo‘lib kelgan. O‘tgan yil sentyabr oyida unga Telegram orqali noqonuniy faoliyat olib borish bilan bog‘liq oltita ayblov e’lon qilingan. Bugungi kungacha tergov jarayonida Durov joriy yil 15 mart kunidan 7 aprel kunigacha Dubayga qaytishga ruxsat olgandi. 

Telegram asoschisi 2 hafta oldin Fransiyada turib rasmiy Parijga jiddiy ayblov qo‘ygandi. Durov Fransiyani Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblab, bu borada fransuz razvedkasi rahbari undan yordam so‘ragani hamda Ruminiyadagi konservatorlarga ta’sir o‘tkazishni iltimos qilganini X’dagi sahifasida ma’lum qildi. Rasmiy Parij esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi va barchani mas’uliyat va Ruminiya demokratiyasini hurmat qilishga chaqirdi. Ammo bu paytda Ruminiyadagi saylovda haqiqatdan ham qiziq va shubhali jarayon ko‘zga tashlandi. Prezidentlik saylovining birinchi bosqichi 4 may kuni bo‘lib o‘tgandi. Unda liberal nomzod Nikushor Dan 21 foiz uning asosiy raqibi konservator qarashlarga ega, Jorj Simion esa 41 foizga yaqin ovoz bilan birinchi turdan ikkinchi turga o‘tgandi. Navbatdagi turda esa kutilmaganda o‘sha liberal-progressiv nomzod Nikushor Dan g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlari hisoblanganidan keyin poytaxtning u 54 foiz ovozga ega bo‘lib, raqibi, 46 foiz ovoz olgan o‘ta o‘ngchi, konservator Jorj Simionni ortda qoldirdi. Vaholanki, u birinchi turda Simiondan naqd 20 foizga ortda qolayotgandi. Dastlab Jorj Simion kutilmaganda g‘alabani qo‘lga kiritib ketgan Danni tabrikladi, biroq Pavel Durovning X’da ko‘targan shovqinidan keyin fikrini o‘zgartirib, Ruminiya Konstitutsiyaviy sudidan saylov natijalarini bekor qilishni so‘rab, o‘z elektoratini namoyishlarga chorladi. Durov esa bu chaqiriq ostiga “agar bu Ruminiya demokratiyasi uchun yordam bersa, guvohlik berishga tayyorman”, deya izoh qoldirgandi.

Tramp va Putinning do‘stligi tugadimi?

Trampning Rossiya va Vladimir Putinga bo‘lgan munosabati injiq ob-havodan-da tez o‘zgaruvchanlik namoyish qilyapti. So‘nggi kunlarda o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqda Tramp tomonidan Putin haqida yozilgan ikkita postdan allaqachon  ko‘pchilikning xabari bor. Bu postlarga Kremldan kelgan yumshoq va ayyorona javob ham hafta davomida muhokamalar markazida bo‘ldi. 

Esingizda bo‘lsa, 19 may kuni Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng, Yevropada kuchli xavotir paydo bo‘lgandi. Ko‘plab xorijiy nashrlar bu qo‘ng‘iroqni “Putinning g‘alabasi” deb ta’rifladi. Chunki ertasi kuni Tramp Rossiyaga sanksiya qo‘llamaslikni ochiqlagandi. Shundan so‘ng, Tramp Ukrainani unutdi degan xavotirlar urchidi. Ammo Putin bu sukunatdan foydalanib, keskin ravishda chegaradan chiqdi. 24 mayga o‘tar kechasi Rossiya to‘g‘ri poytaxt Kiyevga ballistik raketalar va dronlar bilan hujum qildi. Shundan so‘ng Donald Tramp Putinning Ukrainadagi harakatlaridan norozi ekanini bildirdi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi ehtimoli haqida mutlaqo jiddiy o‘ylayotganini ma’lum qilib, Rossiya Prezidentini “aqldan ozgan” deb atadi. U, shuningdek, Putinning maqsadi butun Ukrainani egallash bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Biroq Tramp agar Putin bunga harakat qilishga urinsa, bu Rossiyaning qulashiga olib kelishi haqida ham alohida ogohlantirdi. Shu tarzda Rossiyaga sanksiyalar qo‘llash masalasi yana kun tartibiga qaytdi. “The Wall Street Journal” 26 may kuni Tramp shu hafta oxirigacha Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozdi.

Biroq Kreml mazkur jarayonda ayyorona harakatni davom ettiryapti. Xususan, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tramp Putinni keskin tanqid qilib, uni “butkul aqldan ozgan” deb ataganiga javoban AQSH Prezidentining bu bayonotini Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarga yordam berish oqibatidagi “emotsional zo‘riqish” deb atadi. Peskov Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralar Trampning sa’y-harakatlari natijasida bo‘layotgani, u bu uchun katta kuch sarflayotganini ta’kidladi. Kreml voiziga ko‘ra, bu “emotsional zo‘riqish”ga olib kelishi tabiiy. Shu tarzda rossiyalik rasmiylar Trampning keskin bayonotini silliq qabul qilib, emotsiyaga yo‘yib yubordi. Ammo Tramp Putinni tanqid qilishni davom ettirdi. AQSH Prezidenti ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida go‘yoki u bo‘lmaganda Rossiya bilan allaqachon juda yomon voqealar yuz bergan bo‘lardi, deb yozdi. Shuningdek, Tramp Putin “olov bilan o‘ynashayotganini” ta’kidladi. 

Bir o‘limdan qolgan Putin

“Rossiya” telekanali efirida havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi qo‘mondoni Yuriy Dashkin Vladimir Putinning vertolyoti Kursk viloyatiga uchayotganida Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumiga uchraganini ma’lum qilishi haftaning eng shov-shuvli xabarlaridan biri bo‘ldi. Dashkinning so‘zlariga ko‘ra, Putinning Kursk viloyatiga tashrifi chog‘ida u o‘tirgan vertolyotga ukrainalik harbiylar uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujum uyushtirgan. Rossiya Prezidentining vertolyoti dronlar hujumini qaytarish epitsentrida bo‘lgan. Yuriy Dashkinning ma’lum qilishicha, Rossiya mudofaa bo‘limi bir vaqtning o‘zida havo hujumiga qarshi kurashgan holda, Putin o‘tirgan vertolyotni ham himoya qilgan. Uning ta’kidlashicha, jami 46 ta samolyot tipidagi dron yo‘q qilingan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 20 may kuni Kursk viloyatiga tashrif buyurib, gumanitar shtabda ko‘ngillilar bilan uchrashgandi. Bundan tashqari, Putin mahalliy hokimiyat rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan, shuningdek, viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn bilan uchrashib, Kurschatov shahrida qurilayotgan Kursk AES-2 ob’ektini ko‘zdan kechirgandi.

Eslatib o‘tamiz, Putin Kursk viloyatiga oxirgi marta joriy yilning 12 mart kuni borgan edi. O‘shanda u harbiy kiyimda Kursk harbiy guruh boshqaruv punktlaridan birida yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov viloyatda Ukraina qurolli kuchlarining qurshab olingani haqida hisobot bergandi.

Ukraina Qurolli kuchlari esa Kursk viloyatiga hujumni o‘tgan yili 6 avgust kuni boshlagan edi. Bir necha kundan so‘ng o‘sha paytdagi viloyat rahbari Aleksey Smirnov ukrainalik harbiylar nazoratiga 28 ta aholi punkti o‘tganini, taxminan 180 ming kishi evakuatsiya qilinganini, shulardan 121 ming nafari o‘z ixtiyori bilan ketganini ma’lum qilgan. Ammo vaqt o‘tib, harbiy harakatlar davomida Rossiya Mudofaa vazirligi 59 aholi punkti, jumladan, ukrainaliklar tomonidan yagona egallangan shahar – Sudjani ozod etilganini bildirdi. Joriy yil 26 aprel kuni ruslar Ukraina qurolli kuchlari viloyatdan to‘liq siqib chiqarilganini e’lon qilgan. Gerasimov bu boradagi yordam uchun Shimoliy Koreya harbiylariga minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin Donal'd Tramp Italiya Pavel Durov Telegram Kursk Jorjiya Meloni Midweek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing