Qassobga suiqasd va tan olinmaydigan “ToshMI” filiali diplomi – Midweek
Tahlil
−
24 iyul 10694 10 daqiqa
24 iyul O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tavallud topgan kun. O‘zbekiston yetakchisi bu yil 68 yoshni qarshiladi. Dunyoning har bir burchagidan tabriklar kelmoqda. Putindan tortib Si Szinpingacha, Lukashenkodan tortib Abdulfattoh as-Sisigacha, Erdo‘g‘andan Aliyevgacha, sobiq prezidentlar – Gurbanguli va Nursulton Nazarboyev, Markaziy Osiyoning amaldagi barcha Prezidentlari To‘qayev, Japarov, Serdar Berdimuhammedov va Imomali Rahmon, hamma hammasi Shavkat Mirziyoyevni tavallud ayyomi bilan qutladi. Kun davomida tabriklar oqimi to‘xtamayapti.
Bizda esa haftaning yarmi ortda qoldi va har doimgidek haftaning dastlabki yarmi mobaynida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
Netanyaxu zaharlandi
Hokimiyatini va siyosiy umrini G‘azodagi yuz minglab begunohlar, bolalar va ayollar qoni bilan ozuqlantirib keladigan Netanyaxuning boshi kasaldan chiqmasligi ko‘pchilikka ma’lum. U yaqinda, aniqrog‘i 20 iyulda ham “yaroqsiz yoki buzilgan” oziq-ovqatdan zaharlandi va ichak yallig‘lanishi bilan og‘ridi. Ma’lum qilinishicha, 20 iyulga o‘tar kechasi Netanyaxu o‘zini yomon his qila boshlagan. U suvsizlanish sababli tomir orqali davolanishi e’lon qilindi va bir necha kun davomida o‘zining qonli siyosatini uyidan turib davom ettirishi ma’lum bo‘ldi.
Yuqorida qayd etilganidek, G‘azo qassobi doimiy ravishda u yoki bu kasallik bilan kurashib keladi. 2023 yilda uning ustida yurak stimulyatori implantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. 2024 yilning oxirida ham Binyamin Netanyaxu prostata bezini olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotidan o‘tgan edi. Undan oldin esa Binyamin Netanyaxu muntazam tekshiruv vaqtida aniqlangan umurtqa churrasi bo‘yicha operatsiya qilinishi sababli vaqtincha lavozimini ham tark etishga majbur bo‘lgan.
Bu galgi kasallik esa uni sudda ko‘rsatma berishdan qutqarib qoldi. 20 iyul kuni Netanyaxu ovqatdan zaharlangani sababli uning advokati Amit Hadad tinglovni keyinga qoldirishni iltimos qilgan. Quddus okrug sudi esa Isroil Bosh vazirining ko‘rsatma berishini yana bir bor kechiktirdi. Bosh prokuratura ham bunga rozi bo‘lgan. Ammo iyul oyi oxirida Isroil sudlari yozgi ta’tilga chiqadi va endilikda Netanyaxu mahkamasini sentyabrga qoldirishdan boshqa iloj yo‘q.
Ma’lumot uchun, 2019 yilning 21 noyabrida Isroil Bosh prokurori Netanyaxuni uchta ish bo‘yicha poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblash to‘g‘risida qaror qabul qilganini e’lon qildi. Bosh vazir o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan. Ayblov xulosalari 2020 yil 28 yanvar kuni Quddus tuman sudiga topshirilgandi.
Joriy haftada esa uning atrofida suiqasd bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. “The Jerusalem Post” xabariga ko‘ra, isroillik bir keksa ayol Netanyaxuga suiqasd uyushtirishda gumonlanib, Shin Bet xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olindi. Nashrga ko‘ra, ayol terrorchilik harakatini amalga oshirishga til biriktirishda ayblanmoqda.
Gumonlanuvchining yoshi 70 da ekani, bu ayol hukumatga qarshi namoyishchi bo‘lib, u oilasi bilan suhbatda “Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni o‘ldirish niyatini bildirgani” va unga granata bilan hujum qilishni rejalashtirgani uchun hibsga olingani aytilmoqda. Boshqa nashrlarning yozishicha, ayol norozilik harakatining boshqa faollariga murojaat qilib, qurol olishga uringan, shuningdek, Netanyaxuning xavfsizligi qanday tashkil etilganini bilib olgan. Huquq-tartibot idoralariga uning niyati haqida ma’lumot kelib tushganidan so‘ng, gumonlanuvchi Shin Bet tomonidan qo‘lga olingan. Ayol so‘roq qilish uchun Og‘ir va xalqaro jinoyatlarni tergov qilish milliy boshqarmasiga olib ketilgan. Yakunda esa u aybini qisman tan olgan. Keksa ayolning yoshi, sog‘lig‘i va sharoitlarini inobatga olgan holda, o‘sha kunning o‘zidayoq cheklangan shartlar ostida qo‘yib yuborilgan. Profilaktika chorasi sifatida gumonlanuvchiga Bosh vazir va davlat muassasalariga yaqinlashish taqiqlangan.
Genotsidning eng jirkanch ko‘rinishi
Ga’zodagi genotsid o‘zining eng chirkin nuqtasiga yetdi. Ilgari turarjoy binolari, shifoxonalar, qochqinlar lagerlari, maktablar va boshqa tinch fuqarolik ob’ektlarini yo‘q qilish orqali yuz minglab aholini qirib tashlagan Isroil, endilikda yordam olish uchun gumanitar yuk oldida to‘plangan och-nahor insonlarni o‘qqa tutmoqda. Qisqa vaqt ichida bir burda non olish ilinjida yuk mashinalariga tirmashayotgan g‘azolik qurbonlar soni mingdan oshdi. Isroil mart oyi boshidan G‘azoga yordam yetkazib beradigan barcha yo‘llarini to‘sgan edi, may oyidan boshlab esa baz’i cheklovlar bilan bu koridorlar qayta ochildi. Yahudiy davlati shundan buyon G‘azoga yetarlicha oziq-ovqat kiritilayotganini muttahamlarcha da’vo qiladi, ammo tarmoqlarda mavjud videodalillar va qoq suyakka aylanib, xorlikdan vafot etayotgan murg‘ak bolalarning tasvirlari va rasmiy statistikalar buning g‘irt teskarisini ko‘rsatadi. Gazo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, oxirgi soatlarda o‘n nafar falastinlik bir kecha-kunduzda ochlikdan halok bo‘ldi. Shu bilan so‘nggi bir nech kun ichida ochlikdan nobud bo‘lganlar soni 111 nafarga yetdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 23 iyul kungi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan beri besh yoshgacha bo‘lgan 21 nafar bola ochlikdan nobud bo‘lgan. Martdan maygacha bo‘lgan 80 kunlik do‘zax sharoitida ularga umuman oziq-ovqat yetkazilmagan. Hozirgi kunda ham g‘azoliklarning qo‘liga yetib borayotgan yordam miqdori yetarli darajada emas va yashab qolish uchun kamlik qiladi. Gap bir qultum suv, bir burda non kabi birlamchi ozuqalar haqida ketmoqda. Bugun g‘azoliklar faqat yashab qolish ilinjida nafas olmoqda. 23 iyul kuni 111 ta tashkilot, jumladan Mercy Corps, Norvegiya Qochqinlar Kengashi va Refugee International qo‘shma bayonot berib, G‘azoda ommaviy ochlik avj olayotgani, biroq tonnalab oziq-ovqat, toza ichimlik suvi va dori vositalari sektor tashqarisida turgani, yordam tashkilotlari ularni yetkazib bera olmayotganini bildirdi.
Ammo Isroildagi rejim bu ishlarda BMTni ayblamoqda va tashkilot o‘z vaqtida harakat qilmayapti, deya da’vo qilmoqda. Isroil hukumati matbuot kotibi Devid Merser 23 iyul kuni G‘azo ichida 700 ta yordam yuk mashinalari turgani, ularni tarqatish kerakligi va bunda Isroilning aybi yo‘qligini takidladi. BMT va G‘azoga yordam yetkazishga urinayotgan tashkilotlar esa Isroilni bu jarayonni bo‘g‘ib qo‘yganlikda ayblamoqda. Chunki may oyidan beri yordam olish nuqtalarida yuzlab falastinliklar Isroil askarlari tomonidan o‘ldirildi. Buni butun dunyo ko‘rib, bilib turibdi.
Ash-Shara Erdo‘g‘anga yuzlandi
G‘azodagi qatliom haqida gapirar ekanmiz, o‘sha atrofda Netanyaxu rejimi tomonidan jiddiy xavf solinayotgan va o‘qqa tutilayotgan yana bir sub’ekt – Suriyada ham vaziyat o‘tgan hafta davomida izdan chiqishiga bir bahya qolganini eslab o‘tish joiz. Isroil Suriya janubiga, poytaxt Damashqqa va boshqa nuqtalarga zarba berib, Ash-Shara hokimiyatini izdan chiqarishga urindi. Suvaydadagi druzlar “himoya”si uchun o‘rtaga chiqqanini bahona qilib, berilgan zarbalar joriy yil hisobiga Suriyaga qarshi amalga oshiriligan ikkinchi tajovuz bo‘ldi.
Biroq Ahmad ash-Shara hali ham o‘z o‘rnida va u hokimiyatiga hamda Suriya tinchligiga qilingan tahdidni uchinchi bor yengib o‘tdi. Albatta, Turkiya maxfiy xizmatlari Ash-Sharaga bunday tajovuzlardan himoyalanish va hatto unga qilingan suiqasdlar yuzasidan ham amaliy yordam berayotgani haqida gap-so‘zlar yetarli edi, ammo hali Damashq Anqaradan rasmiy tarzda ko‘mak so‘raganiga ko‘zimiz tushmagandi.
So‘nggi tajovuzlar va ichki muammolardan keyingina Ash-Shara ma’muriyati Turkiyadan yordam so‘ragan bo‘lish ehtimoli katta. Xususan, TRT Haber telekanali mamlakat mudofaa vazirligidagi manbasiga tayanib, suriyalik rasmiylar Turkiyadan o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirish va terrorchilikka qarshi kurashish bo‘yicha rasmiy yordam so‘ragani haqida xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, bu yordam, asosan, mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlash va ISHID boshchiligidagi terrorchi guruhlarga qarshi kurashish bo‘yicha taqdim qilinishi so‘ralgan. Turkiya Mudofaa vazirligi esa Suriyaga yordam berishi va mamlakatni doimgidek qo‘llab-quvvatlashini bildirgani aytilmoqda. OAV esa hozircha Suriyaga qanday uslubda yordam ko‘rsatilishi, mamlakat hududiga qo‘shin kiritish imkoniyati haqida aniq ma’lumot bermayapti. Ammo Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘z nutqlarida Suriyadagi yangi hokimiyatga mamlakatni tiklash yo‘lida qo‘lidan kelgan yordamni berishini ta’kidlab keladi. Bundan tashqari, Ash-Shara hokimiyatni egallaganidan ko‘p o‘tmay, Turkiya Suriyaga yangi armiya qurishda yordam berishi va uning mudofaa salohiyatini 300 mingdan ortiq askarga ega qo‘shin bilan ta’minlashi haqida xabarlar ham tarqalgandi.
Hindiston O‘zbekistondagi tibbiy ta’limga bepisand
Toshkentdagi jamoat transportlaridan, ko‘cha-ko‘yda hind yigit-qizlariga tez-tez ko‘zingiz tushgan. Ularning aksariyat qismi yaqin-yaqingacha Toshkent tibbiyot akademiyasi, hozir esa Toshkent tibbiyot universiteti deb nomlanadigan O‘zbekistondagi eng asosiy oliy tibbiy ta’lim dargohida tahsil olish uchun kelgan. Ammo tibbiyot sohasida dunyoning eng kuchlilalari sirasiga kiradigan Hindiston yoshlari nega oliy ta’lim olish uchun O‘zbekistonni tanlashadi? Shu universitetdagi mahalliy talabalarning bizga ma’lum qilishicha, odatda hind yoshlarining bu yerni tanlashiga asosiy sabab kontrakt narxlarining pastligidir. Ta’lim sifati yoki boshqa qulayliklar haqida gap ketmayapti. Chunki xorijdan kelgan talabalarga Toshkent tibbiyot universitetida qanday dars o‘tilishi haqida bundan bir necha oy oldin Reddit platformasida yozilgan bir postdan so‘ng ko‘pchilik tasavvur hosil qilib bo‘lgan.
Esingizda bo‘lsa, bir necha oy oldin Reddit'da o‘zini Toshkent tibbiyot akademiyasidagi hind talabasi deb tanishtirgan foydalanuvchi u yerdagi ta’lim sifati va ahvoli haqida uzundan uzoq post yozib qoldirgandi. Talaba oliygohning o‘qituvchilari ingliz tilida deyarli gaplashmasligi, ularning nima deyayotganiga tushunmasligini aytib, pedagoglar Google-tarjimon singari xato gapirishini takidlagan. U professorlar agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, tibbiyotni qanday o‘rganish mumkin, deya taajjublangan. Shuningdek, darslarning deyarli katta qismi ingliz tili darsiga aylanib, ularga tibbiyot emas, ingliz tili grammatikasi o‘rgatilishini ham tanqid qilgan. U “men bu yerga alifbo va grammatikani o‘rganish uchun kelganim yo‘q, anatomiya uchun kelganman. ingliz tili 4 soat, anatomiya esa bor-yo‘g‘i 1 soat 20 daqiqa. Ular hech narsa o‘rgatmaydi”, deya yozg‘irgandi. Mazkur post haqida dastlab hind nashrlari, so‘ng O‘zbekistondagi mahalliy OAV ham xabar topdi. O‘sha post kattagina rezonanslarga sabab bo‘ldi. Hatto bu xabarlardan ko‘p o‘tmay, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov akademiyaga borib, shart-sharoitlar bilan tanishdi, shu jumladan hind talabalari bilan uchrashgandi. Tashrif bo‘yicha berilgan munosabatda hammasi yaxshiligi, hind talabalari yaratilgan sharoitlardan mamnun ekani davo qilingandi.
Biroq oradan 3 oy o‘tib, Hindistondagi tibbiyot rasmiylari O‘zbekistondagi tibbiy ta’limdan qoniqmayotgani ayon bo‘ldi. Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi tibbiyot sohasida o‘qishni istagan abituriyentlarga Markaziy Amerikadagi uchta va O‘zbekistondagi bitta tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirmaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berdi. Ular Belizdagi 3 ta universitet va Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filialidir. Bayonotda aytilishicha, ushbu ogohlantirishga amal qilmagan talabalar Hindistonda tibbiyot amaliyotini olib borolmaydi. Ya’ni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filialida o‘qigan hind talabalari Hindistonda shifokor sifatida tan olinmaydi. Bu ogohlantirish Hindistonning Meksikadagi elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligining Yevrosiyo bo‘limi tomonidan bildirilgan jiddiy xavotirlar ortidan berilgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, bu muassasalar Hindistondagi tibbiy ta’lim bo‘yicha belgilangan standartlarga javob bermaydi. Qayd etilishicha, o‘qish taqiqlangan universitetlarda zarur infratuzilma mavjud emas, ta’lim sifati past, klinik-amaliyot yetarli darajada tashkil etilmagan, ayrim hollarda hindistonlik talabalar tazyiqqa uchragan. Shu bois, Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi talabalarni bu muassasalarga o‘qishga kirishdan tiyilishga chaqirgan, aks holda ular baribir Hindistonda shifokorlik qilishiga ruxsat berishmaydi.
Katta uchlik uchrashuvi yaqinmi?
Britaniyaning “The Times” gazetasi AQSH Prezidenti Donald Tramp sentyabr oyi boshida Xitoy rahbari Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Pekinga taklif qilinishi mumkinligini xabar qilgandi. Shundan so‘ng katta uchlikning uchrashuv ehtimoli haqidagi xabarlar diqqat markazidan o‘rin oldi. Hatto rasmiy doiralar ham bu ehtimoliy uchrashuvni inkor qilgani yo‘q. Xususan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Tramp kuzda Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan Xitoyga tashrif buyursa, u yerda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Trampning o‘zi esa yaqin kelajakda Xitoyga tashrif buyurishi mumkinligini tan oldi. 22 iyul kuni filippinlik mavqedoshi kichik Ferdinand Markos bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin tomonidan Xitoyga taklif qilingani va yaqin kelajakda ikki o‘rtada uchrashuv bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tez orada bu borada qaror qabul qilinadi. Bundan tashqari, Tramp Putin bilan Xitoyga tashrifi chog‘ida uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini inkor etmadi. Ma’lumot uchun, 3 sentyabr kuni Pekinda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi va Xitoy xalqining Yaponiya agressiyasiga qarshi kurashi sharafiga harbiy parad bo‘lib o‘tadi. Paradda Xitoy o‘z arsenalidagi o‘zi ishlab chiqargan uskunalarini namoyish etadi. Katta uchlikning uchrashuvi aynan manashu tadbir doirasida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Live
Barchasi