Biz bu yerga o‘zbeklarning mentalitetini ko‘rsatish uchun kelganmiz – Kannavaro
Sport
−
17 iyun 4112 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kolumbiyaga qarshi o‘yin oldidan raqib o‘yini batafsil tahlil qilinganini aytdi. Bu haqda Kannavaro o‘yin o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Bu biz uchun ilk Jahon chempionati. Ertaga butun mamlakat bizga muxlislik qiladi. Barcha futbolchilar uchrashuvga tayyor”, deydi Kannavaro.
Murabbiy terma jamoa himoyachisi Abduqodir Husanov haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Husanov albatta muhim himoyachilarimizdan biri. Uning yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyati bor. Ayni paytda ham u yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatmoqda”, deydi italiyalik mutaxassis.
Kannavaroning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terma jamoasi mundialda nafaqat natija, balki o‘zbek xalqining xarakterini ham namoyish etishni maqsad qilgan.
“Biz bu yerga eng yaxshi fazilatlarimizni, o‘zbeklarning mentalitetini ko‘rsatish uchun kelganmiz. Men jamoa bilan ishlash jarayonida o‘z tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham o‘z vaqtida Jahon chempionatida debyut qilganman va futbolchilarga shu tajribalarni yetkazishga intildim”, dedi u.
Fabio Kannavaro Kolumbiya va Portugaliyani guruhdagi eng kuchli raqiblar sifatida baholadi.
“Kolumbiya va Portugaliya yuqori darajadagi futbol namoyish etadi. Ularning tarkibida kuchli ijrochilar jamlangan. Shuning uchun ularga qarshi ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz. Kolumbiyada faqat Xames Rodriges emas, boshqa ko‘plab yuqori saviyadagi futbolchilar ham bor. Kolumbiyani yaxshi o‘rgandik. Ular har bir vaziyat uchun oxirigacha kurashadi. Biz ham o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etish uchun maydonga tushamiz”, deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da boshlanadi. Shundan so‘ng, terma jamoa Xyustonda 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Atalantada Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust