AQSH Suriyaga “og‘a” bo‘lmoqchi – Midweek
Tahlil
−
13 noyabr 3456 12 daqiqa
Ash-Shara Oq uyda “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilmay turib ham Trampdan katta qo‘llov bilan qaytdi. Xoqon Fidan esa Turkiya nomidan Suriya delegatsiyasiga bu safarda ko‘mak berdi.
Ikki kun ichida ham Dehlida, ham Islomobodda portlashlar sodir bo‘ldi. O‘nlab insonlar halok bo‘ldi. Ikki o‘zaro dushman mamlakat poytaxtlaridagi bu hodisa o‘ziga yarasha sirli ko‘rinishga ega.
Imomo‘g‘liga 2,5 ming yilga yaqin muddat so‘raldi. Yil boshida Turkiyaning keyingi prezidenti bo‘lishga da’vogar bo‘lib turgan Istanbulning sobiq meri endi ochiqqa chiqishi ham muammo.
“Tolibon” ayollar ilk bor yengillik yaratgani haqida xabar qilindi.
Hafta o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
Tramp ash-Sharaga “oq fotiha” berdi
Vashington va Damashq munosabatlarida kutilmagan burilish yuz berdi. Bir paytlar dushman deb qaralgan Suriya rahbari endi Amerika poytaxtida oliy martabada kutib olindi. 2025 yil 10 noyabr kuni Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashdi. Bu Suriya davlat rahbari sifatida bir shaxsning Vashingtonga ilk rasmiy tashrifidir. Shu tariqa, Ahmad ash-Shara Suriya 1946 yilda mustaqillikka erishganidan beri AQSH Prezidenti tomonidan Oq uyda qabul qilingan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Asadni qulatgan Ahmad ash-Sharadan “terrorchi” degan tamg‘a olib tashlandi. Shunday bo‘lasada, Ash-Shara va Trampning uchrashuvida Suriya rahbariga qolgan davlat yetakchilariga ko‘rsatiladigan daraja taqdim qilinmadi. Tramp u bilan asosan jurnalistlarga intervyu beradigan, muhim qarorlarni e’lon qiladigan stolida gaplashdi. Ash-Shara shu kuni jurnalistlar joy oladigan nuqtada edi. Ash-Sharaning Oval kabinetdagi uchrashuvi matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazildi. Suriya prezidenti Oq uyga, odatda xorijiy yetakchilar foydalanadigan asosiy kirish yo‘lagidan emas, yon eshikdan kirdi.
Ammo kelishuvlar ancha jiddiy. Xususan, Suriya muvaqqat hukumati axborot vaziri Hamza Mustafo Damashq AQSH boshchiligidagi ISHID terrorchi guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu bilan Suriya terrorizmga qarshi kurashda hamkor sifatidagi rolini mustahkamlagan va mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlagan. Ammo mazkur kelishuv faqat siyosiy xarakterga egaligi, unda harbiy jihat mavjud emasligi ham qo‘shimcha qilindi.
Aslida Trampning Ahmad ash-Shara bilan munosabati yomon emas. U Suriyaning yangi yetkachisini “kuchli lider” deb ataydi. Trampning fikricha, ash-Shara Suriyani “juda muvaffaqiyatli” davlatga aylantira oladi. AQSH Davlat departamenti esa Suriyani sanksiyalardan ozod qilish muddatini yana 180 kunga uzaytirdi. Qolaversa, Tramp ash-Sharani avvaldan yoqtirgani va qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi.
Ahmad ash-Shara Tramp bilan muzokaralar chog‘ida joriy yilning 10 mart kuni imzolangan, kurd jangchilarini respublika Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shishni nazarda tutuvchi kelishuvni amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldi. Bu fonda AQSH Prezidenti Suriyaga mamlakatni tiklash va keyingi bosqichdagi rivojlanish jarayonida kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Shu paytda qiziq voqeaga ham ko‘zimiz tushadi. Suriya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, muzokaralardan keyin Tramp ko‘rsatmasiga binoan Suriyaning tashqi ishlar vaziri Asad Shiboniy va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilgan. Ya’ni Fidan Turkiya nomidan Ahmad ash-Sharaga Oq uyda ham ko‘mak bermoqda. Bu Turkiya va Suriya nafaqat Damashqning ichki siyosatini, balki tashqi siyosatini ham muvofiqlashtirish yo‘lidan ketayotganini bildiradi.
Suriya va AQSH juda ko‘p masalalarda kelisha olishiga endi shubha qolmadi. Tramp buni istasa ash-Sharaning o‘zi bilan yoki Erdo‘g‘an orqali ham amalga oshiraveradi. Ahmad ash-Sharada ham huddi shunday vaziyat. Xullas, ayni paytda Damashq va Vashington orasida jiddiy muammo mavjud emas. Masalan, bugungi rasmiy Damashq Oq uydagi uchrashuvdan keyin ISHIDga qarshi AQSH bilan birga kurashishi va bu yo‘lda AQSHning Suriya hududidagi qo‘shinlariga qarshiligi yo‘qligini ma’lum qildi. Ash-Shara AQSHning Suriyadagi harbiy kontingenti endi mamlakat hukumati bilan muvofiqlashtirilgan holda hal etilishini bildirdi.
Ammo Tramp bugungi Suriyani AQSH bilan qanchalik yaxshi bog‘lamasin, Ahmad ash-Shara hali beri “Ibrohim kelishuvlari”ga kirib, Vashingtonning Yaqin Sharqdagi arzandasi Isroilni davlat sifatida tan olishdan yiroq. U Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng “Fox News”ga bergan intervyusida hozircha Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha bevosita muzokaralarga kirishishni rad qildi.
U bunga sabab sifatida Isroil Jo‘lon tepaliklarini bosib olganini keltirdi. Suriyaning amaldagi prezidentiga ko‘ra, rasmiy Damashqning ayni paytdagi holati “Ibrohim kelishuvlari”ni tan olgan boshqa arab davlatlarinikidan tubdan farq qiladi. Shu tariqa, Trampning Suriya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan harakatlarida hozircha siljish kuzatilgani yo‘q. Lekin AQSH va Suriyaning o‘zaro munosabatlarini endi bir so‘z bilan normal deb atasak bo‘ladi. Ahmad ash-Shara hozircha Isroilni tan olmay turib ham AQSHning qo‘lloviga erishishda davom etyapti. Bu yo‘lda esa, albatta, Erdo‘g‘an boshchiligidagi turk rasmiy doiralari, xususan, Ahmad ash-Sharani Oq uygacha kuzatib borgan Xoqon Fidan va boshqalarning xizmati ham ahamiyatli. Suriya Turkiya orqali AQSHga, AQSH orqali esa dunyoga qayta ochilmoqda.
Dehli va Islomobodda sirli portlashlar
10 noyabr kuni Hindiston poytaxti Dehlida joylashgan Red Fort metrosi yaqinida avtomobil portlashi oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 24 kishi jarohat oldi. Portlash ortidan yong‘in yuzaga kelib, yaqin atrofda turgan bir nechta mashinalar zararlangan. Shu paytda hodisaning sababi noma’lum bo‘lgani bois, portlashdan so‘ng Dehlida favqulodda tayyorgarlik rejimi e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash metroning 1-sonli kirish qismi yaqinida sodir bo‘lgan. Politsiya hodisa bo‘yicha surishtiruvni davom ettirmoqda. Portlashdan so‘ng poytaxtga tutash Uttar-Pradesh shtatida ham qizil darajadagi xavf rejimi e’lon qilingan. General-gubernator Amitabh Yashning ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura barcha yuqori lavozimli mansabdorlarga muhim diniy ob’ektlar, notinch hududlar va chegara tumanlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni buyurgan. Politsiya shtatning barcha tumanlarida yuqori shay holatga keltirilgan.
Hindistondagi mazkur voqeadan 1 kun o‘tib, uning qo‘shnisi – asosiy dushmani Pokistonda ham portlash yuz berdi. U yerda ham aynan avtomobil portladi. 11 noyabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda portlagan yoki portlatilgan avtomobil 12 kishining halok bo‘lishi va yana o‘nlab odamlarlarni jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Jabrlanganlarning aksariyati advokatlar va sud xodimlari. Politsiya bu hodisa o‘zini portlatgan terrorchi tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda. Pokiston rasmiylari ham ularning voqea borasidagi ushbu dastlabki xulosalarini tasdiqlagan. Qayd etish joiz, ushbu portlash Islomoboddagi sud binosi yaqinida to‘xtab turgan avtomobilda yuz bergan. Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, u 6 kilometr uzoqlikdan eshitilgan. Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy ham buni terrorchilik hujumi deb atadi va uni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Imomo‘g‘liga salkam 2,5 ming yil so‘raldi
Istanbul Bosh prokuraturasi shaharning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘liga qarshi ayblov xulosasini e’lon qildi va siyosatchiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha salkam 2,5 ming yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘raldi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ish doirasida 402 kishi tilga olingan, shundan 105 nafari hibsga olingan. Prokuratura xulosasi 3900 sahifadan iborat bo‘lib, unda jinoiy tashkilot tuzish, pora olish va firibgarlik kabi ayblovlar mavjud. Imomo‘g‘li “tashkilot asoschisi va rahbari” sifatida ko‘rsatilgan, unga jami 142 ta jinoyat moddasi qo‘yilgan. Prokuratura zarar miqdorini 160 milliard turk lirasi, dollarga chaqganda esa taxminan 3,7 milliard dollar deb baholagan.
Ayblovga ko‘ra, Imomo‘g‘li uchun 2352 yilgacha qamoq jazosi talab qilingan.
Yuzdan ortiq modda bilan ayblanayotgan Istanbulning sobiq meri 8 oydirki qamoqda. Uning kelajagi endi mutlaqo so‘roq ostida. Deyarli har oyda yangi ayb ustiga yana ayb yuklanishi Imomo‘g‘li bilan bog‘liq keysda yangilik bo‘lmay qoldi. Yaqinda u korrupsiya bilan bog‘liq ayblovda oqlanganganiga qaramay, unga yangi ayblov – siyosiy josuslik aybi qo‘yildi. Bu yangi ish doirasida Imomo‘g‘li bilan birga “Tele1” telekanali bosh muharriri Merdan Yanardag hamda Imomo‘g‘lining maslahatchisi va saylov kampaniyasi rahbari Nejati O‘zkan ham josuslikda ayblanib hibsga olingan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ularga fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini xorijiy davlatlarning razvedka xodimlariga yetkazish ayblovi qo‘yilgan.
Xabaringiz bor, Ekrem Imomo‘g‘li 2025 yilning 19 mart kuni hibsga olingandi. U dastlab, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jinoiy tashkilot tuzish va Kurdiston ishchilar partiyasiga yordam berishda ayblangan. Imomo‘g‘li 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilardi. Shu bois, Istanbul sobiq merining bandi qilinishi siyosiy motivdan boshqa hech narsa emas degan qarashlar keng tarqaldi. Bundan tashqari, Imomo‘g‘lining hibsga olinishi JXPdan keyingi prezidentlik saylovida qatnashishi uchun nomzod sifatida ko‘rsatilishiga bir necha kun qolgan vaqtga to‘g‘ri kelgani ham shubhalarni kuchaytirdi. Shuningdek, u bir nechta ayblovlar bilan qo‘lga olinishidan sal avval Erdo‘g‘anga qarshi ochiqdan ochiq kurashga kirishib, omma oldida undan hokimiyatni tark etishni so‘ragan. Umuman olganda, Imomo‘g‘lining 2027 yilgi Turkiya prezidentlik saylovida qatnashishiga to‘sqinlik qilish holatlari u hibsga olinishidan biroz oldinroq boshlangandi. Dastlab, joriy yil boshida Istanbul universiteti Bosh prokuratura so‘rovi asosida Imomo‘g‘lining diplomini bekor qilib, buni uning o‘qishni ko‘chirishi tartib-qoidalarni buzgan holda amalga oshirilgani bilan izohlagan. Imomo‘g‘lining diplomdan mahrum bo‘lishi esa amalda uni prezidentlik saylovida qatnashish huquqidan mahrum etgandi. Chunki Turkiya qonunlariga ko‘ra, prezidentlikka faqat oliy ma’lumotli shaxslar nomzodini qo‘ya oladi.
Shu tariqa u mazkur voqealar fonida 1 yarim yildan ortiq muddatga qamaldi. Ammo unga berilgan bu jazo, mart oyida qo‘yilgan asosiy ayblovlar bilan emas, aksincha joriy yil 20 yanvardagi chiqishlari bilan bog‘liq. O‘shanda Imomo‘g‘li Istanbul bosh prokurorini siyosiy maqsadlarda tekshiruvlar olib borishda ayblagandi. Qolgan asosiy ayblovlar bo‘yicha ishlar hali ham davom etyapti. Hozirgacha bo‘lgan eng so‘nggi voqea, bu o‘sha prokraturaning unga nisbatan salkam 2,5 ming yil qamoq jazosi so‘ragani bo‘lib turibdi. Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni aytib o‘tish joiz, Imomo‘g‘liga hozirgacha berilgan o‘sha yagona 1 yil-u 8 oylik qamoq jazosi, uni siyosiy faoliyatidan cheklashni nazarda tutmagan, ammo hukm oxirigacha o‘z kuchida qolsa, bu Ekremni keyingi prezidentlik saylovida qatnashish imkonidan mahrum qiladi. Chunki u paytda Imomg‘li, hisob-kitoblarga ko‘ra, qamoqda bo‘ladi. Shuning uchun, prokuratura unga qarshi so‘ragan 2 ming yildan ortiq qamoq jazosi va boshqa yuzlab ayblovlarsiz ham Erdo‘g‘an uchun keyingi saylov Imomo‘g‘li kabi bosh og‘riqlarsiz o‘tishi deyarli naqd qilib bo‘lingan.
“Tolibon”dan ayollarga ilk “tuhfa”
“Tolibon” hokimiyatni qo‘lgan kiritganidan buyon mamlakat miqyosida yagona maqtana oladigan ishi bu narkotik moddalar savdosini keskin qisqartirgani bo‘ldi. Inson huquqlari, ayollarga misli ko‘rilmagan cheklovlar va boshqa islom mamlakatlarida ham kuzatilmaydigan g‘alati qarorlar bilan toliblar dunyo hamjamiyatining ishonchidan chiqib bormoqda. 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng, “Tolibon” o‘zining 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgan eski va o‘ta qattiq versiyasidan tubdan farq qilishi va’da qilingandi, ammo ular o‘sha tafakkurdagi aqlbovar qilmas cheklovlar va ayollarga qo‘yib tashlangan misilsiz to‘siqlar bilan o‘zining ikkinchi davrini boshladi. Qisqa vaqt ichida qizlarning maktabga borishini taqiqladi va davlat xizmatida ishlaydigan ayollarga cheklovlar kiritdi. Xotin-qizlar ishlari vazirligi tugatildi. Uning o‘rniga “Tolibon” islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligini tashkil etdi. “Tolibon” siyosati dunyo OAVda “nafas olishdan boshqa hamma narsaga taqiq” nomi ostidagi maqolalar paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi.
Ammo ayni damda O‘zbekistonning janubiy qo‘shinisi tomonda xushxabarlar chiqa boshladi. Bu Afg‘onistonda “Ayollar ovozi” nomli radiostansiya ochilgani haqidagi xabarlardir. “Tolonews” nashriga ko‘ra, bu radiostansiyada faqat ayollar ishlaydi va eshittiruvlar faqat ayol auditoriyaga mo‘ljallangan. Kanal Hirot shahrida o‘z faoliyatini boshlagan va unda ayollar muammolari hamda manfaatlariga bag‘ishlangan kontent yaratuvchi va efirga uzatuvchi o‘ndan ortiq ayol jurnalist faoliyat yuritadi. Mazkur loyiha ta’sischilariga ko‘ra, radiostansiya endi ayollar ovozini rasmiylar va butun dunyoga yetkazish imkonini beradi. Radiostansiya direktori Shabnam Karimiy loyiha Afg‘onistonning g‘arbiy mintaqasida ayollarga qaratilgan yagona ommaviy axborot vositasiga aylanganini ma’lum qilgan.
Lavrov xatosini to‘g‘irlaydimi?
Putin va Tramp o‘rstasidagi uchrashuvni barbod qilgani aytilgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Vashington bilan ikki davlat rahbarlarining kelajakdagi uchrashuvi uchun tayyorgarlikni qayta boshlash masalasini muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Mahalliy OAVlarga bergan intervyusida Lavrov Budapesht uchrashuv o‘tkazish uchun Rossiyaga eng maqbul joy ekanini yana bir takrorladi. Lekin u buning sharti sifatida AQSHdan yangi takliflar kutilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, agar amerikalik hamkorlar o‘z takliflarini yangilab, sammitni tayyorlashga kirishsa, Rossiya Budapeshtni eng qulay variant sifatida ko‘rib chiqadi. Lavrov, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvida Budapeshtni afzal ko‘rganini qo‘shimcha qildi.
U AQSHning Rossiya bilan uchrashuvni bekor qilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Lavrovning aytishicha, bu qaror Rossiya tomonidan yuborilgan “Ukraina bo‘yicha memorandum” bilan ham bog‘liq emas. Ya’ni o‘sha ko‘pchilik tomonidan urg‘ulangan ultimatumdan qolishmaydigan Rossiya talablari haqidagi taxminlarni Lavrov rad etdi. Bu bilan u o‘zining aybi deya aytilayotgan Rubio bilan suhbat va unda taqdim qilingan qattiq talablar tufayli uchrashuv bekor qilindi, degan xabarlarni haqiqatdan yiroq deb hisoblamoqda. Vazirning tushuntirishicha, “non-paper” shaklidagi bu hujjat (majburiy kuchga ega bo‘lmagan ishchi taklif) Putin va Trampning 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan bir necha kun avval AQSH tomoniga yuborilgan. Unga ko‘ra, memorandumda Ankorijdagi avvalgi muzokaralarda erishilgan o‘zaro tushunishlar eslatib o‘tilgan, hech qanday provokatsion mazmun bo‘lmagan.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, suhbatdan uch kun o‘tib, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot bo‘lgan. Uning aytishicha, keyingi bosqichda ikkala mamlakatning tashqi siyosat, mudofaa va maxsus xizmat vakillari uchrashuvi rejalashtirilgan, ammo bu tashabbus AQSH tomonidan davom ettirilmagan.
“Biz amerikaliklardan aniq joy va vaqt bo‘yicha tashabbus kutgandik, chunki sammitni o‘tkazish taklifi ulardan chiqqan edi. Biroq buning o‘rniga ular “uchrashuvning foydasi yo‘q” degan bayonot bilan chiqdi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya TIV rahbari.