Isroillik milliarder O‘zbekistonda, Mirziyoyev mahallalarga bildirmasdan borishi mumkin — Midweek
Tahlil
−
16 Oktabr 26160 10 daqiqa
Butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning himoyachisi, yahudiylik dini bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtiradigan “olmos qiroli” Lev Levayev O‘zbekistonga keldi. U Samarqandda sinagoga, ya’ni yahudiylik ibodatxonasi qurmoqda.
Shavkat Mirziyoyev viloyat va tuman kesimidagi rahbarlarni o‘zining kutilmagan tashriflaridan ogohlantirdi. Davlat rahbari Norin tumanining Sho‘rariq mahallasiga qilgan tashrifidagi “syurpriz” istalgan payt O‘zbekistonning istalgan joyida yana takrorlanishi mumkinligiga ishora qildi.
G‘azoni tiklash uchun kerak bo‘ladigan 70 milliard dollarni beradigan davlatlar topildi. BMT shunday mamlakatlar bilan muzokaralarni boshlab yuborgan.
“Tolibon” va Pokiston mojarosi tugagani yo‘q, ular vaqtincha kelishdi, xolos. Pokistonning qamoqdagi sobiq bosh vaziri Imron Xon esa agar uni ozod qilishsa, Afg‘oniston muammosiga bir zumda yechim topishi haqida katta gapirdi.
Haftaning o‘rtalariga qadar dunyoda ro‘y bergan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
“Olmos qiroli” Samarqandda sinagoga quryapti
Ortda qolgan kunlar davomida nafaqat biznes, xususan, olmos savdosida, balki dunyo davlatlaridagi yahudiylar bilan bog‘liq siyosatda ham juda og‘ir vaznga ega va buning ortidan ancha-muncha Prezidentlar bilan ham shaxsan ko‘rishgan, ular bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan shaxs O‘zbekistonga keldi. Isroillik milliarder, “olmos qiroli” Lev Levayev. Bu inson haqida juda ko‘p gapiriladigan gaplar bor. U kim, nega O‘zbekistonga keldi, Samarqandda nima qilib yurgandi? U yerda nega yahudiylar uchun ibodatxona – sinagoga qurmoqda? Xullas, savollar yetarlicha. Javoblar esa siz o‘ylaganingizdan-da qiziq.
Sodda qilib aytganda, u O‘zbekistonga begona emas. Oxirgi paytlar o‘zbek mediaci Trampning maslahatchisi Serjio Gor Toshkent viloyatida tug‘ilganini juda ko‘p muhokama qildi. Ishonavering, bu non shahrida tug‘ilgan, dunyoga tanilgan va ancha qudratli bo‘lgan insonlar ichida Serjio Gor juda kichik odam. Biz bugun so‘z yuritmoqchi bo‘lgan Lev Levayev ham Toshkentda tug‘ilgani aytiladi. Ammo u Samarqandda yashagan. Yahudiylarga mansub Levayev O‘zbekistonni 15 yoshida, aniqrogi 1971 yilda tark etgan va Yaqin Sharqda yangi tashkil topgan Isroilga ko‘chib ketgan. Biznes faoliyatini esa keyinchalik Yevropada, xususan, Britaniyada boshlagan va rivojlantirgan. U olmos savdosi bo‘yicha monopoliya yaratishga harakat qilganlardan o‘zib ketib, o‘zining mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi. Butun dunyoga mashhur bo‘lgan LLD, ya’ni Lev Levayev Diamonds’ga asos solib, bir necha yillar ichida “olmos qiroli” degan nomga ham erishadi.
Buxoro yahudiylariga mansub bu shaxs 2018 yilda “Forbes”ning milliarderlar ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ayni paytda uning kapitali turli manbalarda 1,1 milliard dollarga baholanadi. Afrika davlatlarida olmos konlariga, Rossiya va Yevropada esa ko‘plab yirik ko‘chmas mulklarga egalik qiladi. U juda dindor yahudiy bo‘lib, Chabad Lyubavich harakatining faol tarafdori va homiysi hisoblanadi. Ha, Levayev Dubayda uch o‘zbek tomonidan o‘ldirib ketilgan o‘sha ravvin a’zo bo‘lgan Chabad Lyubavich harakatining eng yirik homiylaridan biri. Isroilda diniy maktablar va turli diniy jamoatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Xullas, unga butun dunyo bo‘yicha yahudiylar manfaati va diniy erkinligi uchun kurashuvchi norasmiy elchi, deb ta’rif berish mumkin. Agar unday bo‘lmasa, biznes odami nega butun dunyo davlatlarining Prezidentlari bilan uchrashib chiqqan, degan savol o‘rtaga chiqadi. U shu paytgacha siz-u biz bilgan, juda mashhur Prezidentlar, qirollar va boshqa siyosiy yetakchilar bilan shaxsan uchrashgan. Levayevning liderlar bilan uchrashuvlari ro‘yxatida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘istonning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Marokash qiroli Mahmud VI va yana boshqa bir qancha Afrika davlatining sobiq va hozirgi prezidentlari bor. E’tiborga molik joyi shundan iboratki, Levayev Putinning yaqin do‘stlaridan biri ekani aytiladi. U bilan uchrashgan ham, boz ustiga, o‘z davrida Levayevning ko‘chmas mulk biznesi Rossiyada gullab-yashnagan.
Xabaringiz bor, hafta boshida esa Samarqand shahrida sinagoga qurilishi boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Hodisaga doir videolarda esa ibodatxona qurilishiga start berish uchun aynan biz hozir so‘z yuritayotgan inson Lev Levayevning shaxsan o‘zi kelgan. Muassasalarning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, eski sinagoga binosi avariya holatida bo‘lgan, ya’ni u odamlar hayoti uchun xavf tug‘dirgani sababli buzilgan va o‘rnida yangici barpo etilmoqda. Samarqanddagi bu sinagoga binosi ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan yodgorlik hisoblanmaydi. Uning rekonstruksiyasi uchun barcha zarur hujjatlar mavjud ekani, yangi barpo etilayotgan sinagogada muzey, yahudiylikda diniy poklanish uchun mo‘ljallangan maxsus suv havzasi (mikva), shuningdek, o‘quv xonalari bo‘lishi rejalashtirilgan. Bino qurilishiga yaqinda Levayevning o‘zi tamal toshi qo‘yib berdi. U kelgusi yilda foydalanishga topshirilishi aytilmoqda.
G‘azoni tiklash uchun pul beradiganlar bor
G‘azoda genotsid to‘xtatilgach, asosan, uchta masala o‘z yechimini kutmoqda. Birinchi navbatda, 21 bandlik tinchlik rejasining hali hal etilmagan nuqtalari qanday va qay yo‘l bilan o‘z yechimini topadi, masalan, HAMAS qachon demilitarizatsiyaga ko‘nadi va qachon Isroil 2 yil davomida chaqaloqlarni qirgan qo‘shinini sektordan to‘liq olib chiqib ketadi, degan savollar o‘z javobini kutmoqda. Ikkinchidan, sektordagi boshqaruv kimga o‘tadi va ularning tarkibi qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Uchinchisi va bir vaqtning o‘zida eng muhim masalalardan biri bu, shubhasiz, vayron bo‘lgan va yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holga kelgan G‘azoni tiklashni endi kim o‘z zimmasiga oladi? Bu ayni paytdagi eng muhim masala.
Huddi shu mavzu asta-sekin o‘rtaga chiqib bormoqda. Xususan, 14 oktyabr kuni BMT taraqqiyot dasturining Falastin xalqiga yordam bo‘yicha rahbari Yako Silliyers Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda G‘azoni qayta qurish va tiklash uchun 70 milliard dollar kerakligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Jahon banki joriy yilning mart oyida zarur investitsiyalarni 23 milliardga baholagan, ammo o‘shandan beri Isroilning davom etgan harbiy harakatlari, jumladan, G‘azo shaharining jiddiy vayron bo‘lishi tufayli rekonstruksiya xarajatlari sezilarli darajada oshgan. Tasavvur qilish uchun so‘nggi 4 oyda Isroil G‘azoni 3 barobar ko‘proq vayron qilgan. Hozirda esa aynan so‘nggi qing‘irlik va umumiy 2 yillik vayrongarchilik oqibatlarini yo‘qotish va sektorni tiklash uchun hatto mutaxassislar ham aniq muddat bera olmishmayapti. Bunaqangi hisobotlarda aytiladigan navbatchi jumla esa quyidagicha: “G‘azoni tiklash uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi”. Chunki hozirgacha faqatgina 81 ming tonna qoldiqlar tozalangan, xolos.
BMT taraqqiyot dasturining Falastin xalqiga yordam dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoda kamida 50 million tonna vayrona qoldiqlarini tozalash kerak. Shu bilan birga, hozirda vayronalar ostida halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlarini topish ishlari davom etmoqda. Ammo Silliyers bunday ayanchli raqamlar qatorida bir xushxabarni bilan ham o‘rtoqlashdi. U Yevropa va arab davlatlari, Kanada hamda AQSH G‘azoni qayta tiklash uchun kerak bo‘ladigan 70 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni ajratishga tayyor ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, BMT hozirda ushbu davlatlar bilan muzokara olib bormoqda.
“Tolibon” va Pokiston vaqtincha kelishdi
Pokiston va Afg‘oniston 15 oktyabr kuni vaqtincha otashkesim to‘g‘risida kelishib oldi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ikki mamlakat 15 oktyabr kuni soat 13:00 dan boshlab 48 soatlik “vaqtincha otashkesim”ni amalga oshiradi. Bayonotga ko‘ra, ushbu otashkesim Qobulning so‘roviga binoan joriy etilgan.
Afg‘onistondagi “Tolibon” ma’muriyatining so‘zlovchisi Zabihulla Mujohid esa otashkesim “Pokiston tomonining qat’iy talabiga” ko‘ra amalga oshirilayotganini bildirdi. Uning aytishicha, Qobul o‘z kuchlariga otashkesimga rioya qilishni buyurgan, biroq bu faqat qarshi tomon hujum qilmagan taqdirdagina amal qiladi.
Pokiston Afg‘onistondagi harbiy postlarni, “Tolibon” esa Pokistonning shunday ob’ektlarini egallab olganini da’vo qilmoqda. Vaziyat keskinlashgani ortidan Qatar, Saudiya Arabistoni va Eron kabi davlatlar ikki tomonni tinchlikka va sabr-toqatga chaqirib kelyapti. Tehron hatto ularni yarashtirish uchun o‘rtada vositachilik qilishi mumkinligini ham e’lon qildi. G‘azo va Ukraina bilan ovora bo‘layotgan dunyoning aksariyat siyosiy markazlari esa bu mojaroning yanada alanga olishidan unchalik xavotirlanmayapti, chog‘i. Chunki oradan bir hafta o‘tdi – “Tolibon” va Pokiston o‘rtasiga tushadigan qudratli o‘yinchi topilmadi. 170 tagacha yadroviy kallaklarga ega Pokiston bilan to‘qnashuv esa “Tolibon”ni unchalik xavotirga solmayapti. Harakat rasmiylari “yadroviy bomba bizni qo‘rqita olmaydi” degan bayonotlar bilan aholini manipulyatsiya qilmoqda. Pokiston tomonda ham manipulyatorlar tilga kirdi. Xususan, qamoqdagi sobiq Bosh vazir Imron Xon uni ozod qilishsa, Afg‘oniston muammosiga bir zumda chek qo‘yishini aytdi.
Ammo Pokiston va “Tolibon” masalasi juda murakkab. Bu ziddiyat endi portladi va oldindan kutilgan edi. Barchasiga “Tehrik-ye Tolibon Pokiston” (TTP) jangari guruhi va uning faoliyati sababchi. Boz ustiga, uni terrorchi tashkilot sifatida qayd etmay kelayotgan “Tolibon”ning o‘zida ham “ancha bor”. TTP o‘zini “Tolibon”ning Pokistondagi bir bo‘limi sifatida ko‘radi. Ular Pokiston hukumatiga qarshi kurashuvchi qurolli guruh bo‘lib, uzoq yillardan beri ko‘plab qonli hujumlar uyushtirib keladi. 2021 yilda “Tolibon” harakati Qobulda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin TTP jangarilari Afg‘onistonning ichkarisida boshpana topib, u yerdan turib Pokistonga hujumlar qilib kelayotgani aytiladi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, faqat 2024 yilning o‘zida TTP jangarilari Pokiston xavfsizlik kuchlariga qarshi 440 dan ortiq hujum uyushtirgan va bundan kamida 680 kishi halok bo‘lgan. BMT Xavfsizlik Kengashining hisobotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududida TTPning taxminan 6-6,5 ming nafar jangarisi borligi qayd etilgan.
Bugungi kunda “Tolibon”ning TTPga noaniq munosabati barcha ishlarni chig‘allashtirmoqda. Rasmiylar terrorchilikka qarshi kurashilayotgani, ekstremizmga qarshi harakatlarda boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikka tayyor ekanini ko‘p bor ta’kidlab keladi. Chunki bu dunyo hamjamiyati tomonidan “Tolibon”ning tan olinishi uchun unga qo‘yilgan talablardir. Biroq Pokiston hujumlari va Islomobod TTPni yo‘q qilishni so‘rayotgan bir paytda, “Tolibon” shunchaki Pokistonga Afg‘oniston yerlaridan turib zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilib, aniq javobdan qochmoqda. TTPdan voz kechishning kechikayotgani esa katta ehtimol “Tolibon” tarkibidagi ultrakonservatorlarning ta’siri bo‘lishi mumkin. Chunki istaymizmi yoki yo‘q TTP va Tolibonni bog‘lab turuvchi juda ko‘p nuqtalar mavjud. Dunyo esa “Tolibon”dan terrorizmga homiylik qilmaslik, terrorchilarga qarshi kurashish va xalqaro tartiblarga amal qilishni kutmoqda.
Mirziyoyev mahallalarga yana bildirmasdan borishi mumkin
Esingizda bo‘lsa, joriy yilning 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga to‘satdan kirib borgandi. Prezidentning bu hududga borishidan esa quyidagi rahbarlarning xabari bo‘lmagani aniq bilindi. Chunki yo‘llar xo‘jako‘rsinga tekislanmagan, infratuzilma nomigagina davlat rahbarining “testi”dan o‘tish uchun tuzatilib, bo‘yalib, qo‘l uchida bo‘lsa-da saramjon qilinmagandi. Mazkur mahallaning sharoiti og‘irligi, ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va "lotoklar" yo‘qligi ko‘rinib turgandi.
Shavkat Mirziyoyev 5 mingdan ziëd aholi yashaydigan, 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz va 157 odam xorijda mehnat qilish uchun ketgan bu mahalladagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitgandi. Shundan so‘ng, Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov Prezidentning Sho‘rariq mahallasiga tashrifi vaqtida mas’ullarga qarata bildirilgan tanqidlardan so‘ng, ushbu mahallaga maxsus konteyner uy o‘rnatib, shu kulbaga ko‘chib o‘tgani aytildi. Hokim u yerda rostdan ham yashadi-mi yoki yashashda davom etyaptimi, bu haqda QALAMPIR.UZ'da ma’lumot yo‘q.
Shavkat Mirziyoyev esa 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari barchaga jiddiy ogohlantirish bilan chiqib, Namangan viloyati, Norin tumaniga qilgan o‘sha tashrifidan so‘ng, hammaga ko‘zini ochishi kerakligini uqtirdi. Demak, Shavkat Mirziyoyevning pespublika hududidagi mahallalarga kutilmagan va oldindan e’lon qilinmagan tashriflari davom etishi mumkin.
Shuningdek, Prezident ushbu yig‘ilishda mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziëd xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqqanini, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqarganini, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelganini qayd etdi.
Live
Barchasi