Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga start berdi (video)
Jamiyat
−
08:09 3088 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etgan.
Davlat rahbari Vladimir Putin va Rafael Grossiga ushbu loyihaning ro‘yobga chiqarilishini shaxsan qo‘llab-quvvatlaganlari hamda ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislariga birgalikdagi sa’y-harakatlari va yuksak professionalligi uchun alohida tashakkur aytilgan.
Qayd etilishicha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berib, mamlakatda yangi tarmoq — atom energetikasini rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni o‘zida mujassam etgan.
O‘zbekiston yetakchisi xavfsizlik ushbu loyihaning mutlaq va so‘zsiz sharti ekanini alohida ta’kidlagan. Stansiyani qurish va uni ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg‘or muhandislik yechimlari asosida hamda Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ushbu yirik loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va uning natijalari O‘zbekiston–Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy hamkorlik, yirik investitsiya loyihalari va energetika sohasidagi qo‘shma dasturlarni muhokama qilgan edi.
Live
Barchasi