Putin Alyaskaga tashrifi oldidan ogohlantirildi – Midweek

Tahlil

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinni Alyaskaga kelishidan oldin jiddiy tarzda ogohlantirdi. Tramp undan endi aravani quruq olib qochishni emas, balki ijobiy muzokara kutmoqda.

Yevropa yetakchilari ham Alyaskadagi tarixiy sammit oldidan Donald Trampga o‘z pozitsiyalarini ma’lum qildi.

Turkiyadagi so‘nggi zilzila Istanbulning qulashi haqidagi seysmik olim tomonidan bildirilgan yil boshidagi xavotirlarni yanada jiddiylashtirdi. 

Janubiy Koreyada sobiq prezidentdan so‘ng uning ayoli – sobiq birinchi xonim ham hibsga olindi.

Netanyaxu Erondagi suv tanqisligidan foydalanib, suv to‘ldirilgan grafin bilan forslarga murojaat qildi.

O‘tib borayotgan hafta o‘rtasiga qadar jahonda ro‘y bergan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.

Putin Alyaskaga kelishidan oldin ogohlantirildi

15 avgust. Ushbu sana geosiyosiy maydonda chinakam tektonik o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yoki aksincha, oldingilari kabi yana natijasiz va Trampning Putindan hafsalasi pir bo‘lishi bilan yakunlanish ehtimoli ham yo‘q emas. Alyaska. Tramp va Putinning bundan 150 yil oldin Rossiya imperiyasi tomonidan gurkirab rivojlanib kelayotgan, rostmanasiga qudratli davlatga aylanib borayotgan AQSHga qo‘sh-qo‘llab, o‘sha davr uchun ham, hozirgi holat uchun ham taroziga solganda, suv tekinga topshirilgan hududda o‘tishi qandaydir ramziy ma’noga egadek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu yerda barchasi ko‘p ehtimol bilan qulay joylashuvga borib taqaladi. Bepoyon Rossiya yerlarining Uzoq Sharqqacha cho‘zilgan nuqtasidan Alyaskagacha bir qadam, aniqrog‘i bor yo‘g‘i 4 km masofa bor. Shuning uchun, Peskovning Alyaska varianti ikki tomon uchun ham mantiqiy jihatdan to‘g‘ri qaror degan fikriga qo‘shilsa bo‘ladi.

Endi esa uchrashuv joyi haqida aniq va hozirgacha ma’lum bo‘lgan tafsilotlarga to‘xtalsak. Oq uy matbuot kotibi AQSH va Rossiya Prezidentlarining sammiti Alyaska shtatidagi eng yirik shahar – Ankorijda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Ammo hali uchrashuvning aniq vaqti haqida ma’lumotlar ochiqlanmadi. Ankorij Alyaskaning eng yirik shahri bo‘lib, bu yerda shtat aholisining 40 foizini yashaydi. U Alyaskaning janubiy qismidagi qirg‘oqda joylashgan. Uchrashuv Alyaskada bo‘lishi ma’lum qilinishi bilan CNN darhol uning aniq qaysi hudud va binoda o‘tkazilishiga oydinlik kiritdi. Telekanal Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi uchrashuvi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganidan ko‘p o‘tmay, tashkilotchilar Alyaskadagi sammitni o‘tkazish uchun mos bo‘lgan yagona shahar shtatning eng yirik shahri Ankorij bo‘ladi, degan xulosaga kelgan.

Mazkur sammitga qadar tashkillashtirilgan xalqaro uchrashuv hamda maslahatlashuvlar tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu asosan Putin va Zelenskiyning o‘z hamkorlari bilan telefon suhbatlari va Yevropa yetakchilarining Tramp va vitse-prezident Vens bilan yopish hamda ochiq videokonferensiya o‘tkazishi bilan esda qoldi. Vladimir Putin Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyo va o‘zining so‘nggi paytdagi eng yaqin harbiy ittifoqchisi Kim Chen Inni AQSH bilan muzokara tafsilotlaridan xabardor qildi. Zelenskiy esa To‘qayev va Aliyev bilan gaplashgani omma e’tiborini o‘ziga tortdi. Xalqaro maydonda vaqti-vaqti bilan Rossiya prezidentining og‘ziga urib turadigan To‘qayev va so‘nggi paytlarda Moskvaning imperialistik siyosatini, uning hech bir noteng munosabatini javob tarsakisiz qoldirmayotgan Aliyev bilan muloqot Zelenskiydan o‘ziga xos yurish bo‘ldi. 

Ammo Alyaskagacha bo‘lgan eng muhim muloqot Yevropa yetakchilarining Tramp bilan bo‘lgan maslahatlashuvi bo‘ldi deyish mumkin. 13 avgust kuni AQSH va Yevropa rasmiylari videokonferensiya orqali Alyaskadagi uchrashuv va Rossiya bosqinini to‘xtatishga bag‘ishlangan onlayn suhbat o‘tkazdi. Zelenskiy bu suhbatda Kiyevdan turib qatnashishni emas, balki qudratli hamkorlaridan masofa jihatdan eng yaqini – Germaniyaga borib qatnashishni lozim topdi. Shu kuni faqat Zelenskiy va Germaniya kansleri Fridrix Mers birgalikda o‘tirmagandi. Ikki kishilik ishtirokchilar orasida Fransiya yetakchisi Makron va Yevropa Ittifoqi Kengashi Antoniu Koshta hamda Yevrokomissiya raisi Ursula Fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham bor edi. Suhbat tafsilotlariga kelsak, Tramp Yevropa yetakchilari bilan juda ijobiy muloqot bo‘lganini aytdi va shu videokonferensiyadan keyin Kennediy markazidagi nutqida qator muhim gaplarni aytib o‘tdi.

Tramp agar Putin bilan uchrashuv yaxshi o‘tsa, darhol ikkinchi sammit ham o‘tkazilishini bildirdi. Ikkinchi uchrashuvda esa ularga Zelenskiy ham qo‘shilishi rejalashtirilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu uchrashuv yaqin orada bo‘lib o‘tishi mumkin, biroq bu 15 avgust kuni Putin va Trampning Alyaskadagi muzokaralari muvaffaqiyatli o‘tishi sharti bilangina amalga oshadi. O‘z navbatida, “Reuters” agentligi manbalarga tayanib, “Yevropa va Yaqin Sharqdagi shaharlar” Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha yangi uchrashuv o‘tkazish mumkin bo‘lgan joy sifatida ko‘rilayotganini yozdi. Ammo ikkinchi uchrashuv o‘z o‘rniga, asosiysi Tramp Alyaskadagi muzokaralardan nima kutayotganida. U faqatgina ijobiy natija va Putinning ultimatumlardan chekinishini kutayotgan bo‘lishi tabiiy. Shu bois Kennediy markazida Tramp butun Rossiya siyosiy elitasiga kuchli signal yubordi. 15 avgust kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini to‘xtatmasa, Moskva “juda og‘ir oqibatlarga” duch keladi. Bu Trampning Putinni kutib olish afishasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Netanyaxu forslarni suv bilan avramoqchi

Normal hayot allaqachon tugagan G‘azoga hujumni yanada kuchaytirishga buyruq bergan va sektordagi inson uchun umuman begona bo‘lgan jirkanch ko‘rinishga ega harkatlarni to‘xtatish haqida o‘ylamayotgan Netanyaxu joriy haftada Eronning ichki ishlariga yana burun suqdi. U Eron aholisiga murojaat qilib, ularni mamlakat rahbariyatiga qarshi qo‘zg‘olonga chorladi. Bu “G‘azo qassobi”ning joriy yil hisobiga ko‘ra, umuman so‘nggi yillardagi shu mazmunda qilgan dastlabki murojaati emas. Chiqmagan jondan umid qabilida Netanyaxu o‘z kabinetida tez-tez shunday chiqishlarni qilib turadi. Ammo e’tiborli jihati shuki Isroilning qo‘li qonga botgan Bosh vaziri eronliklarga qilgan bu galgi murojaatida o‘zgacha yo‘l tutdi. U Eronda kuzatilayotgan suv taqchilligi fonida suv to‘ldirilgan grafin bilan ko‘rinish berdi. Netanyaxu Eron “joriy tuzumdan ozod bo‘lishi bilanoq” uning keskin suv taqchilligi muammosini hal qilib berishga va’da berdi, to‘g‘rirog‘i avradi. Netanyaxuning bildirishicha, “Eron erkin bo‘lishi bilanoq” yetakchi isroillik suv resurslari bo‘yicha mutaxassislar har bir Eron shahriga borib, o‘zlari bilan ilg‘or texnologiyalar hamda tajribani amalga tadbiq etarmish. Shuningdek, u qariyb o‘n yil avval suv resurslarini boshqarishni o‘rgatish maqsadida fors tilida Telegram-kanal ochganini va u tezda 100 ming obunachiga ega bo‘lganini ham alohida eslatib o‘tgan.

“Bu dahshatli yozgi jaziramada bolalaringizga berish uchun hatto toza sovuq suv ham yo‘q. Qanday riyo. Qanday xalqni mensimaslik. Eronning suvga bo‘lgan chanqoqligi faqat erkinlikka bo‘lgan chanqoqlik bilan teng”, deydi Isroil Bosh vaziri.

Bundan tashqari, Netanyaxu Eron rahbariyatini o‘z fuqarolariga “zulm va qashshoqlik”ni singdirishda va yuzlab milliard dollarlarni HAMAS, “Hizbulloh” hamda husiylarga yo‘naltirib, ichki ehtiyojlarga pul ajratmaslikda ayblagan. Nutqi yakunida esa u eronliklarni ko‘chalarga chiqishga, “zulmga qarshi turishga” va Eron rahbariyatini “javobgarlikka tortishga” chaqirgan.

“Siz og‘ir urush davrida yolg‘iz azob chekayotgan paytingizda mamlakatdan qochayotgan rahbarlarga loyiq emassiz. Ular hayotingizni bir daqiqaga ham barbod etishga yo‘l qo‘ymang. Siz yolg‘iz emassiz. Isroil siz bilan. Butun erkin dunyo siz bilan”, deydi Netanyaxu.

Qayd etish joiz, joriy yilning iyul oyi oxirida Eron misli ko‘rilmagan suv inqiroziga duch kelgan. Buning oqibatida mamlakat poytaxti Tehron kelgusi haftalar ichida suv ta’minotisiz qolishi mumkin. Hatto mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning shaxsan o‘zi ham suv masalasi bilan bog‘liq muammolar jiddiy ekanini yashirmadi. G‘arb OAVlari inqirozning sabablari suv resurslarini uzoq yillar davomida samarasiz boshqarish va talab bilan taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning ortishi bilan izohlamoqda. Umuman olganda esa Eronga hammasidan ko‘ra anomal issiq ta’sir qilmoqda. Issiqlik, suv sathi pasayishi va elektr uzilishlari ortidan hukumat favqulodda choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi 31 viloyatdan kamida 15 tasida davlat idoralari butunlay yopiladi yoki qisqartirilgan ish jadvaliga o‘tadi. Bunga energiya iste’molini kamaytirish zarurati sabab bo‘lgan. Iyul oyining o‘rtalaridan boshlab janubiy hududlarda harorat 50 darajadan oshgan. Bu esa butun mamlakat bo‘ylab elektr tizimining haddan tashqari yuklanishiga va keng ko‘lamli uzilishlarga olib kelgan. Shuningdek, suv omborlaridagi suv miqdori kamaygani sababli Tehronda suv bosimi ham kamaytirilgan. Mahalliy OAV esa bu qurg‘oqchilikni so‘nggi 100 yildagi eng kuchlisi deb atamoqda. Ammo issiqlik Sharq mamlakatlarida faqat Eronnigina emas balki boshqa Osiyo mamlakatlari xususan O‘zbekistonda ham elektr bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarganini ko‘rdik. Jumladan, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli joriy yilda o‘z rekordini yangilanib, birinchi marta yozgi iste’mol hajmi qishgi iste’mol hajmini ortda qoldirgani ma’lum qilingandi.

Koreya sobiq birinchi xonimi hibsga olindi 

52 yoshida ham 25 lar atrofidagi qizdek tashqi ko‘rinishga ega va aynan shu jihati bilan dunyo e’tiborini o‘ziga tortgan Janubiy Koreyaning hozirda hibsda bo‘lgan sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gen Xi hibsga olingani aytildi. CNN xabariga ko‘ra, 12 avgust kuni Janubiy Koreya sudi uni hibsga olishga order bergan. Kim Gen Xi poraxo‘rlik, firibgarlik va saylovlarga aralashishda ayblanmoqda. Sobiq birinchi xonimga nisbatan olib borilayotgan tergov mamlakat yangi rahbariyati boshlagan uchta maxsus prokuror tergovlaridan biri hisoblanadi. Ko‘pchilikka ma’lum hozirda hokimiyat tepasida liberal partiya, sobiq prezident Yun Sok Yol esa konservator edi. Esingizda bo‘lsa, u o‘tgan yil dekabrida mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinib juda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygandi. Yun Sok Yol bunday qarorini “konstitutsion tartibni himoya qilish” va “shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdididan qochish” istagi bilan izohlagan va barchasi mana shundan boshlandi. 

Oradan ko‘p o‘tmay u lavozimidan chetlashtirildi. Uni hibsga olishga qaratilgan dastlabki harakatlar samara bermadi. O‘shanda sobiq prezidentning tarafdorlari uni kuchishlatar tuzilmalardan qanday himoya qilganini butun dunyo ko‘rdi. Ammo joriy yilning iyul oyi boshida Seul sudi Yun Sok Yolni qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani bilan bog‘liq ayblovlar asosida ikkinchi bor hibsga olish order berdi. Bungacha esa mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazib bo‘lingan va unda “Toburo” demokratik partiyasidan nomzod Li Chje Myon g‘alaba qozonib boshqaruv tepasiga kelgandi. Shundan so‘ng juda ko‘p narsa o‘zgardi. Yangi prezident sobiq rahbardan farqli o‘laroq Shimol bilan ziddiyatga borish emas balki u bilan aloqa qilishga harakat qila boshladi. Ammo bu voqeliklar fonida Sobiq prezident masalasi to‘liq yopilgani yo‘q. Aksincha bu ish yanada kengaymoqda. Turmush o‘rtog‘i ortidan yoshlik eliksiri istemolchisi bo‘lgan 53 yoshga to‘lish arafasida turgan Kim Gen Xi ham ham hibsxonaga yo‘l olishi vaziyatni chikallashtirmoqda. 

To‘g‘ri Janubiy Koreya siyosiy muhitida Prezidentning panjara ortiga ravona bo‘lishi hatto qadriyat darajasiga chiqib ulgurgan. Ammo u va uning rafiqasi jinoiy ayblovlar bilan bir vaqtda hibsga olingan birinchi juftlik bo‘lmoqda. Sobiq birinchi xonim hibsgacha ko‘plab tergovlarda qatnashgan. Kim Gen Xi Seul sudiga tinglovga kelganida jurnalistlar bilan gaplashmagan. U hozirda Seul janubidagi, Yun saqlanayotgan muassasadan alohida hibsxonaga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, Kim Gen Xi hibsga olinishidan oldin taxminan yetti soat so‘roq qilingan. Shu bilan birga, tergovchilar Kim va Yun 2022 yilda parlamentga qo‘shimcha saylovlarda aniq bir nomzodni ilgari surish uchun konservativ partiyaga noqonuniy ta’sir o‘tkazgan deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, Kim Gen Xi yana ko‘plab korrupsion jinoyatlarda ayblanmoqda. Tergovchilarning bildirishicha, u mansabdor shaxslarning manfaatlarini himoya qilish evaziga ulardan qimmatbaho sovg‘alar olgan va aksiyalar narxlarini manipulyatsiya qilish sxemasiga aloqador bo‘lishi mumkin. 

Istanbulga “qulash” haqida signal

Turkiyada zilzila va tabiiy ofatlar kundalik muammoga aylanib bo‘ldi. Mamlaktning seysmik holati borgan sari jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Uzoq vaqtdan buyon yonayotgan o‘rmonlardagi olovni o‘chirish bilan band bo‘lgan Anqara 10 avgust kuni soat 19:55 lar atrofida yana jiddiy silkinish bilan yuzlashdi. Turkiya shimoli-g‘arbida 6,1 magnitudali zilzila kuzatildi. Bu Balikesir viloyatining Sindirgi tumanida qayd etildi. Zilzila epitsentri esa 11 km chuqurlikda joylashgani ma’lum qilindi. Dastlab ushbu hodisa halokatli ko‘rinish oldi. Balikesirdagi Sindirgi tumanida bino qulashi oqibatida 4 kishi vayronalar ostida qolgani aytildi. Ammo keyinchalik Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) qulagan bino ostidan to‘rt kishi olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. 6.1 magnitudali ushbu zilzilaning o‘zi yarasha kuchli aftershoki ham kuzatildi. Zilzila epitsentri joylashgan Sindirgi tumanida yana uchta, 4,6, 4,1 va 4,0 magnitudali qaytalanish yuz berdi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, ushbu tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 29 kishi jarohatlangan, jami hisobda 16 ta bino qulab tushgan. 

Ammo zilzilaning aynan Balikesirda qayd etilgani bir tomondan kutilgan, boshqa tomondan esa avvalgi taxmin va xavotirlarni yanada kuchaytiradigan voqelikdir. Negaki, Balikesir o‘sha xavfli Marmara dengizi bilan chegaradosh. Marmara uning shimoliy qismini yuvib turadi. Joriy yil boshidan beri Turkiyaning eng mashhur seysmologi Naji Go‘ryur Marmara dengizining holati haqida o‘zining jiddiy xavotirlarini bildirib keladi. U asosan Istanbulning kelajagidan tashvishda ekanini yashirmaydi. Go‘ryurga ko‘ra, Marmaradagi kuchli ehtimoliy zilzila 16 millionlik megapolisning 4 million aholisiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Seysmik olim binolarning 60 foizdan ortig‘i zilzilalarga chidamli emasligi, Marmara dengizi mintaqasidagi zilzila butun Turkiya tiz cho‘ktirishi haqida ko‘p bor takidlagan. Shuningdek, Go‘ryur so‘nggi o‘n yil davomida Marmara dengizi hududidagi tektonik yorilishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tadqiqotlar Italiya va Fransiyaning seysmik kemalari bilan dunyodagi eng ilg‘or olimlar hamkorligida amalga oshirilgan. U o‘shandayoq dengizdagi o‘zgarishlar ijobiy emasligini aytgandi.  

Go‘ryur Marmara dengizining kelajagidan xavotir bildirib, o‘z taxminlarini, asosan, Istanbul misolida ma’lum qilgandi. Bugun esa seysmik olim tomonidan bildirilgan halokatli ssenariyda jon borligi ayon bo‘ldi. Bu taxmin Marmara shimolidagi Istanbul bo‘lmasada, uning janubidagi Balikesirda o‘z isbotini topdi. To‘g‘ri zilzila epitsentri dengizdan ancha uzoq bo‘lgan tumanda qay etilgan. Ammo Balikesir nima bo‘lgan taqdirda ham Marmara mintaqasining bir chetida. Bu esa Naji Go‘ryur aytgan qulash haqidagi xavotirlarni kuchaytirmay qo‘ymaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Istanbul Rossiya Evropa Eron Vladimir Putin Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Janubiy Koreya Vladimir Zelenskiy harbiy baza Alyaska Turkiyada zilzila Netan'yaxu HAMAS Mas'ud Pezeshkiyon Yun Sok Yol Ankorij El'mendorf-Richardson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing