Metroning Sergeli yo‘nalishini qurish yakuniga yetyapti
Jamiyat
−
07 Oktabr 2020
6203Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishini qurish ishlari yakunlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Umumiy qiymati 82,66 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu mega loyihada dastlabki qurilish ishlari 2017 yil boshida boshlangan bo‘lib, hozirda o‘z nihoyasiga yetish arafasida turibdi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan hozirgacha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida asosiy qurilish ishlari yakunlanib, tashqi va ichki qismlarga bezak berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu kungacha bekatlar oralig‘idagi ikki yo‘lli po‘lat izlarning jami 12,8 kilometr qismiga temir yo‘l izlari to‘liq yotqizildi. Qayd etilishicha, “Choshtepa” bekati Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bog‘lanadi.
Ushbu loyiha yakuniga yetgach 214 ta yangi ish o‘rni ham yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuni Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yana 2 ta bekat hamda yerusti aylana liniyasining bir qismi ishga tushgan edi.