Messisiz “Barsa” quturgan “Bavariya”ga qarshilik qila oladimi? 

Sport

image

Bugun, 14 sentyabr kuni UEFA chempionlar ligasining 2021-2022 yilgi mavsumi boshlanadi. Kunning eng asosiy o‘yini sifatida “Barselona” va “Bavariya” uchrashuvini ko‘rsatish mumkin. Ushbu klassik qarama-qarshilik so‘nggi bor 2020 yil iyulda o‘tkazilgan edi. YeCHL chorak finali doirasida kechgan o‘yinda “Bavariya” 8:2 hisobida zafar quchgan.

“Barselona” hujumidagi muammolar

“Barsa” yangi mavsumda Lionel Messisiz harakat qiladi. Jamoaning yangi yetakchisi bo‘lishi kutilgan Antuan Grizmann ham Kataloniyani tark etdi va “Atletiko”ga qaytdi. 

“Bavariya”ga qarshi o‘yinda “Barselona”ning asosiy umidi Memfis Depaydan. U joriy mavsumda 3 ta uchrashuvda ikkita gol urdi. Bundan tashqari, Lyuk De Yong jamoaga olib kelindi. Bosh murabbiy Ronald Kuman ikki gollandiyalik futbolchi bilan hujumlarni sifatli ko‘rinishga olib kelmoqchi.

Biroq “Barselona”da yarim himoya va hujum o‘rtasidagi  bog‘lamlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. “Bavariya” qiyinchilikka duch kelmasligi mumkin. Chunki, aksariyat golli vaziyatlar Depayning individual mahorati evaziga tashkil etilmoqda. Uni zararsizlantirish orqali jamoa hujumlarini bo‘g‘ib qo‘yish mumkin.

Jarohatlar

So‘nggi vaqtlarda “Barselona” shifoxonasi doimiy ravishda futbolchilar bilan to‘lib bormoqda. Klub lazaretidan bir necha o‘yinchi joy olgan. “Bavariya”ga qarshi bahs oldidan Martin Breytueyt tizzasidagi jarohatini yangilab oldi. Daniyalikning tiklanish vaqti noma’lum, lekin bir narsa aniqki, u operatsiya qilinadi. Shuning uchun hujumda De Yong paydo bo‘ldi. Qo‘shimchasiga, FIFA kunlarida Serjino Dest ham jarohat oldi, uning o‘rniga katta ehtimol bilan Oskar Mingesa himoyaning o‘ng qanotida paydo bo‘ladi.

Usmon Dembele va Serxio Aguero mavsum boshidan buyon birorta o‘yinda maydonga tushmadi va oktyabr oyining o‘rtalariga qadar safga qaytmasligi ma’lum. Ansu Fati va Filippe Koutino, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytdi. Biroq ularning maydonga tushishlari so‘roq ostida.

“Bavariya”ga qarshi o‘yinda Kuman sxemasi o‘zgaradimi?

2020-2021 yilgi mavsumda Ronald Kuman kuchli raqiblar bilan o‘yinlarda muntazam ravishda uchta markaziy himoyachidan foydalangan. Bu bilan “Barselona” uchun an’anaviy 4-3-3 taktikasi yo‘qqa chiqdi. Biroq, mavsum oxiridagi omadsizlik va rahbariyatning himoyaviy o‘yin uslubidan noroziligi sababli kataloniyaliklar 2021-2022 yilgi mavsumning barcha rasmiy o‘yinlarini 4-3-3 da o‘tkazdi. Jerar Pike jarohatdan tuzalib, safga qaytgani uchun, “Barselona” 5-3-2 taktikasini qo‘llash ehtimoli katta. Pikega himoya markazida Ronald Arauxo va Erik Garsiya yordam beradi.

Shundan kelib chiqib, Myunxen klubi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann “Barselona” haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi:

“Agar “Barselona” tarkibdagi futbolchilaridan kelib chiqib, 3-5-2 taktikasidan foydalanganida yaxshiroq natijalarga erishgan bo‘lardi”.

“Bavariya”ni safar uchrashuvlarida to‘xtatib bo‘lmayapti

Myunxenliklar uchun mavsum og‘ir uchrashuvlar bilan boshlandi. Dastlabki turlarda klub asosiy raqobatchilar hisoblangan “Borussiya Dortmund” (3:1), “Leypsig” (4:1) kabi jamoalar bilan bahs olib bordi va g‘alaba qozondi. 

Ushbu jamoalar “Bavariya”ga qarshi deyarli teng o‘yin namoyish etdi va to‘pga egalik qilish borasida ham qolishmadi. Biroq yakunda Myunxenning bo‘ronli hujumlari oldida ojiz qoldi. Tabiiyki, “Bavariya”ning asosiy quroli bu Robert Levandovski. Leva klub va terma jamoa safida sakkiz uchrashuv o‘tkazib, 11 ta gol urdi.

“2:8 effekti”. “Bavariya” ruhiy ustunlikka ega

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida, 2020 yilgi Chempionlar ligasi chorak finalida sodir bo‘lgan 2:8 hisobidagi o‘yin haqida ko‘plab savollar berildi. O‘sha uchrashuvga bir yildan ko‘proq vaqt to‘ldi. Lekin tarkibdagi aksariyat futbolchilar hamon o‘z jamoalarida to‘p surmoqda. 

Tabiiyki, “Barselona” o‘z mauxlislari qarshisida kuchli bosimga duch keladi. Qo‘shimchasiga, Leo Messi klubni tark etdi. “Bavariya”ning so‘nggi o‘yinlardagi sermahsulligi ham kataloniyaliklar himoya chizig‘i uchun muammo tug‘diradi, albatta.

Biroq, nemis klubi darvozaboni Manuel Noyer ushbu fikrlarni inkor etdi:

“Biz 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgan jamoaga qarshi o‘namaymiz, balki yangi jamoa raqibimiz bo‘ladi. Messi ketganidan so‘ng, boshqa o‘yinchilar ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmalariga oladi”.

Bugungi o‘yinda, Kingsli Koman va Korentin Tolisso “Bavariya”ga yordam bera olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, “Barselona” – “Bavariya” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 23:45 da “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona EChL Bavariya Kuman Nagel'smann

Baholaganlar

115

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing