Messining 17 yillik an’anasiga chek qo‘yildi
Sport
−
13 avgust 2022
12279Argentina terma jamoasi va PSJ klubi futbolchisi Lionel Messi 2005 yildan beri ilk bor “Oltin to‘p”ga nomzodlar qatoriga kiritilmadi.
Qayd etish kerakki, “France Football” 2021 yilgi sovrinni Messiga bergach, jahon futboli jamoatchiligida keskin norozilik kayfiyati paydo bo‘lgandi. Chunki ko‘pchilik aynan o‘sha yilda polshalik hujumchi Robert Levandovskini “Oltin to‘p”ga asosiy da’vogar sifatida ko‘rayotgandi. Shuningdek, tashkilotchilar 2021 yilgi “Oltin to‘p”ni topshirish marosimiga Krishtianu Ronaldu kelmaganining sababi haqida turli-xil yolg‘onlar to‘qib chiqardi. Go‘yoki, Ronaldu Messiga bo‘lgan nafrati tufayli marosimga kelmagan. Biroq 37 yoshli futbolchi bu xabarlarni keskin rad etgandi.
Yuqoridagi ikkita sabab “Oltin to‘p”ning futbol olamidagi eng nufuzli shaxsiy sovrin sifatidagi obro‘siga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Albatta, ushbu vaziyatdan FIFA unumli foydalanishi kerak edi va ular amalda ham shunday qilishdi. Tashkilotning yil futbolchisiga beriladigan “The Best” mukofoti Messiga emas, Robert Levondovskiga nasib etdi. “France Football”ning bo‘htonlaridan alamzada bo‘lgan Ronaldu uchun ham maxsus sovrin o‘ylab topildi. FIFA'ning javob zarbasi “France Football”ning tushib ketgan obro‘sini yana-da yer qildi.
Shundan so‘ng, nashriyot “Otin to‘p” mutlaqo shaxsiy sovrin bo‘lishi haqidagi bayonot bilan chiqdi. Ya’ni, bundan buyon “Oltin to‘p”ni yutish uchun jamoaviy natijalar emas, shaxsiy ko‘rsatkichlar asosiy rolni o‘ynaydigan bo‘ldi. Messi esa o‘tgan mavsum Fransiya chempionatida 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 15 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu unga “Oltin to‘p”ga da’vogar 30 ta futbolchining ichiga kirishiga imkon bermadi.
Shuningdek, Messi “Oltin to‘p”ning yutganidan so‘ng, kelasi yili nomzodlar qatoriga kiritilmagan 3-futbolchiga aylandi. Leodan oldin Marko van Basten (1993) va Luka Modrich (2019) “Oltin to‘p”ni yutgan. Ammo ular kelasi yilda da’vogarlar qatoridan ham joy olmagan. Messining raqobatchisi Krishtianu Ronaldu esa 2005 yildan buyon ketma-ket “Oltin to‘p” uchun nomzodlar qatoridan joy olib kelmoqda. Bu natija butun dunyo bo‘yicha mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi 7 ta “Oltin to‘p”ni yutgan bo‘lsa, Krishtianu Ronaldu hisobida 5 ta sovrin bor.