Messi futbolni o‘zgartirdi – Infantino
Sport
−
10:38 250 2 daqiqa
Argentina terma jamoasi safida sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messining o‘yinlari millionlab insonlarni ilhomlantirdi va futbolni o‘zgartirdi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino o‘zining Instagram sahifasida yozdi.
Kecha, 31 avgust kuni Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan edi.
“Lionel Messini terma jamoadagi ajoyib faoliyati bilan tabriklayman. Uning o‘yinlari millionlab insonlarga ilhom berdi va bu go‘zal sportni o‘zgartirdi. Argentina terma jamoasi libosidagi barcha unutilmas onlar va butun dunyo muxlislarini birlashtirganingiz uchun tashakkur. Unga faoliyatining keyingi bosqichida omad tilayman”, deb yozdi Infantino.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan beri Shimoliy Amerika Oliy futbol ligasi (MLS) vakili “Inter Mayami”da to‘p tepib kelmoqda. Yevropada argentinalik futbolchi Fransiyaning PSJ va Ispaniyaning “Barselona” klublarida o‘ynagan. “Barselona” bilan u to‘rt marta Chempionlar ligasi, uch martadan UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Hujumchi 2022 yilgi jahon chempioni, 2014 va 2026 yilgi Jahon chempionatlarining kumush medali sohibi, 2008 yilgi Olimpiada chempioni hamda 2021 va 2024 yillardagi Kopa Amerika g‘olibi hisoblanadi. Messi “Oltin to‘p”ni eng ko‘p marta qo‘lga kiritgan futbolchi – 8 karra sovrin sohibi.
Messi Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham terma jamoa rekordchisi hisoblanadi. Hujumchi jahon chempionatlarida olti marta ishtirok etgan.