Merkelning kitobi sotuvga chiqarilganidan ko‘p o‘tmay rekord o‘rnatdi
Olam
−
05 dekabr
4374Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkelning “Erkinlik” nomli memuar kitobi bir hafta ichida 200 mingdan ortiq nusxada sotilib, Germaniyada 2024 yilda chop etilgan kitoblar orasida rekord o‘rnatdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Erkinlik” joriy yilning 26 noyabr kuni sotuvga chiqarilgan. Birinchi kunlardanoq kitob Germaniyada, shuningdek, qo‘shni Shveysariya va Avstriyada “istisnosiz” barcha bestsellerlar ro‘yxatida yetakchilik qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida hech bir kitob bunday chaqqon sotuv startiga ega bo‘lmagan. Bu muvaffaqiyat nemislar orasida sobiq kanslerning hanuz davom etayotgan mashhurligi bilan izohlangan.
Tahlillarga ko‘ra, kitob ayollarga qaraganda erkaklar tomonidan ko‘proq sotib olingan (jami sotuvlarning 52 foizi erkaklarga, 48 foizi ayollarga to‘g‘ri keladi). Yosh guruhlari bo‘yicha tahlil qilinganda, 30 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlar orasida sotuvlar nisbatan teng taqsimlangan. Sotuvlarning eng kam ulushi 29 yoshdan kichik va 70 yoshdan kattalar guruhida kuzatilgan – bu guruhlarning har biri jami sotuvlarning 11 foizini tashkil etadi.
Merkelning o‘zi ham kitobini reklama qilishda faol ishtirok etmoqda – yetakchi jahon ommaviy axborot vositalariga intervyular berib, dunyoning turli davlatlarida ommaviy taqdimotlarda qatnashmoqda. Bunday keng qamrovli e’tibor ba’zi salbiy oqibatlarga ham olib kelgan. Xususan, Amazon platformasi kitobga fikr qoldirish imkoniyatini vaqtincha to‘xtatgan. Bunga ayrim foydalanuvchilar sobiq kanslerning faoliyatiga nisbatan shaxsiy g‘araz sababli kitobga atayin salbiy baho berayotgani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Angela Merkel 2005 yildan 2021 yilgacha Germaniya kansleri lavozimiga egalik qilgan. U “Erkinlik. Xotiralar 1954–2021” nomli memuar kitobida Germaniya Demokratik Respublikasidagi hayoti va Germaniya Federativ Respublikasidagi siyosiy faoliyati haqida so‘zlaydi.