Mening yuragim Kiyevda dafn etilishi kerak, u Ukrainaga tegishli – Saakashvili
Olam
−
01 fevral 2023
22957Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili o‘zini Ukrainada dafn qilinishini istashini aytdi. Bu haqda RGRU nashri xabar berdi.
Bugun, 1 fevral kuni Gruziyaning Tbilisi shahar sudida sobiq prezident Saakashvilining sog‘ligi sababli qamoqdan ozod qilish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Sud zalida shaxsan ishtirok eta olmagan Saakashvili xususiy Tbilisi klinikasidan video qo‘ng‘iroq orqali murojaat yo‘llagan. Siyosatchi nutqini ukrain tilida yetkazib, uning gaplari sudga taklif qilingan tarjimon yordamida yetkazilgan.
“Mening yuragim Kiyevda dafn etilishi kerak, u Ukrainaga tegishli”, deya ta’kidlagan Saakashvili.
Nutq tugagandan so‘ng siyosatchi ukrain yozuvi tushirilgan futbolkasini ko‘tarib, o‘zini qanchalik yomon his qilayotganini ko‘rsatishga harakat qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suddan bir kun oldin Saakashvili tarafdori shifokorlar siyosatchining ahvolini yomon deb baholaganini va uni oddiy palatadan reanimatsiyaga o‘tkazganini ma’lum qilgan edi. Ammo ko‘rinib turibdiki, uning holati prezidentni sudda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmagan.
Ma’lumot uchun, Saakashvili 2004-2013 yillarda ketma-ket ikki muddat Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Keyinchalik u Ukrainada ham turli lavozimlarda ishlagan. Ammo Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko bilan munosabatlari buzilishi natijasida unga berilgan ukrain pasporti bekor qilingan. Vladimir Zelenskiy prezidentlikka saylangach, Saakashviliga Ukraina fuqaroligi qaytarib berildi. 2021 yilning sentyabr oyida u Gruziyaga qaytib keldi va hibsga olindi.