“Meni osib qo‘yishadi”: Putin urushni tugatishdan qo‘rqmoqda

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni Donbassni to‘liq egallash kabi minimal maqsadga erishmasdan yakunlash o‘z hayoti uchun xavf tug‘dirishidan xavotirda. Bu haqda Kremlga yaqin manbalarga tayanib, “The Economist” xabar berdi.

Nashr manbalaridan birining aytishicha, Putin urushni hech bo‘lmaganda Donbassning to‘liq egallanishiga erishmasdan yakunlash uning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin, deb hisoblaydi.

“Ular meni osib qo‘yishadi”, degan Putin o‘ziga yaqin kishilarga.

Biroq Rossiya rahbari uchun urushni hozirgi sur’atda davom ettirish ham muammoli bo‘lib qolmoqda. Nashrga ko‘ra, Rossiya armiyasi bir necha yildan beri frontda hal qiluvchi burilish yasay olmayapti. Shu sababli Kreml urushni shu holatda davom ettirishdan ko‘ra, harbiy harakatlarni kuchaytirishni ma’qul ko‘rmoqda.

“The Economist” manbalariga ko‘ra, Putin frontga yana 300-400 ming rossiyalikni yuborishni rejalashtirmoqda. Buning uchun yangi safarbarlik e’lon qilinishi shart emas. Chunki 2022 yil sentyabr oyida e’lon qilingan safarbarlik to‘g‘risidagi farmon hanuz kuchda.

Yangi askarlarni jalb qilish vazifasi esa hududiy hokimiyatlarga yuklanishi mumkin. Ular mahalliy aholi orasida bosim o‘tkazish orqali kerakli miqdordagi erkaklarni urushga jalb qilishga urinadi. Manbalar yangi tizim allaqachon Rossiyaning Penza viloyatida sinovdan o‘tkazilayotganini bildirgan. U yerda erkaklar ko‘chalarda ushlanib, majburan urushga yuborilayotgani aytilmoqda.

Shuningdek, nashr Rossiya tomonidan eskalatsiyaning boshqa yo‘nalishlari ham bo‘lishi mumkinligini yozgan. Xususan, Ukraina ittifoqchilariga qarshi gibrid operatsiyalar va diversiyalarni kuchaytirish ehtimoli bor.

G‘arb maxsus xizmatlari Rossiya Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib beruvchi Yevropadagi zavodlarga hujum qilishi mumkinligidan xavotirda. Biroq ular Putin NATO bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga borishni istamaydi, deb ham hisoblamoqda.

Shuningdek, Putin Rossiya ichida o‘z siyosatiga qarshi bo‘lganlarga nisbatan repressiyalarni kuchaytirishi mumkin. “The Economist” manbalaridan birining aytishicha, bunday choralar muxoliflar Putinning hokimiyatiga jiddiy xavf tug‘dirgani uchun emas, balki Rossiya rahbari o‘z kuchini namoyish etishi kerakligi sababli qo‘llanishi mumkin.

Manbaga ko‘ra, Putin AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining Moskvaga tashrifini ham zaiflik belgisi sifatida qabul qilgan.

Shu bilan birga, Rossiya elitasi orasida urushga nisbatan kayfiyat tobora tushkunlashmoqda. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, asosiy muammo iqtisodiyotning holati yoki frontdagi muvaffaqiyatlarning yo‘qligida emas, balki urush sabab mamlakat qariyb besh yil vaqtini yo‘qotganida. Uning ta’kidlashicha, urush qanday natija bilan yakunlanishidan qat’iy nazar, qariyb besh yil davom etgan jangovar harakatlarning o‘zi Rossiya uchun muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanmoqda.

Biroq “The Economist”ga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy va siyosiy muammolarning o‘zi hozircha Putinning hokimiyatini xavf ostiga qo‘ymayapti. Rossiya rahbarida urushni davom ettirish uchun yetarli iqtisodiy resurslar, bosim va ta’qib vositalari mavjud.

Nashr tahliliga ko‘ra, aynan shu imkoniyatlar Putinga urushni to‘xtatish o‘rniga uni yanada kuchaytirish yo‘lidan borish imkonini bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xakerlar Rossiyaning “Sberbank” bankiga tegishli ekani aytilgan, Rossiya va Ukraina urushi yakunlanishining ehtimoliy ssenariylari keltirilgan hujjatni e’lon qilgan edi. Unda urush qanday yakunlanishi mumkinligi bo‘yicha 8 ta ssenariy keltirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing