“Menga 40 ming odam qancha berganini eslayman”. Ahmadboy Prezidentdan afv so‘ramoqda
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
47927Xalq orasida Ahmadboy haqida ko‘p va xo‘p gapirildi. Firibgarlikka qo‘l urgan bu shaxsga aldanganlar bo‘yicha sud jarayoni hamon davom etmoqda. 30 yanvar kuni, Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisi tortishuvlarga boy o‘tdi. Sud majlisida jabrlanuvchilardan faqatgina bir nafari ko‘rsatma berish uchun hozir bo‘ldi. Suddan so‘ng, Ahmadboy o‘zining kelajakdan umidi katta ekani haqida aytib intervyu berdi.
Sud majlisi boshida ko‘rsatma bergan jabrlanuvchining gaplari qo‘yidagicha bo‘ldi:
“2016 yil bo‘lgani uchun esdan chiqqan. Bitta Lacetti mashinasini sotib, pulini berganman. Aniq necha pul berganimni eslay olmayapman. Lekin shuni bilamanki, biror marta pul olmaganman”, deydi shikoyatchi Saidmurod Amirov.
Bunga javoban ayblanuvchi Ahmadjon Tursunboyev jabrlanuvchidan necha marta pul topshirgani, pul yoki avtomobil topshirganmi, katta miqdordagi pulni nega eslay olmagani haqida so‘radi. “Yosh bola emassan-ku, shuncha pul berganingni aniq miqdorini bilmaysanmi? Menga pul bergan 40 ming odamni eslayman. Qo‘lingda cheking bormi o‘zi?”, deya jabrlanuvchiga o‘z e’tirozini bildirdi.
Shundan so‘ng, raislik qiluvchi sud’ya jabrlanuvchiga yuzlandi. “Sizga bular 14 ming AQSH dollari miqdorida pulni 12 oyga bo‘lib, har oy 1140 dollardan berib kelishi kerak edi, to‘g‘rimi? Sizga berganmi biror marta pul?”, deya savol berdi sudya. Jabrlanuvchi biror marta pul olmaganini aytdi.
“Baraka topgur. Bergan pulingni nega eslolmaysan? Pul-ku bu. Yo sen 100 foiz aldayapsan, yoki umuman pul topshirmagansan. Sen topshirmagansan pul menga. Topshirganingda aniq qilib gapirarding. Pul-ku bu, axir. Yoki pulingni o‘rtakash kiritgan, sen kiritmagansan”, deydi Ahmadjon Tursunboyev.
Sud majlisi so‘nggida raislik qiluvchi sud’ya Ahmadboy tomonidan ushbu jabrdiydaga berilishi kerak summani aniqlashtirdi.
“Avval o‘tgan sud ishida sizga 5864 dollar undirilishi belgilangan ekan. Bu bo‘yicha majburiy ijro undirish ishini olib boradi. Bundan tashqari, siz bulardan olish kerak bo‘lgan mablag‘ – 1140 AQSH dollari bo‘lib chiqmoqda”, deya aniqlik kiritdi sudya.
Sud majlisi yakunida, sudya bu pullarni sud hukmi chiqqanidan so‘ng, majburiy ijro orqali olishini aytdi. Sud majlisidan so‘ng, shaxsan Ahmadjon Tursunboyev QALAMPIR.UZ’ga intervyu berdi.
“Bizda hammasi hisob-kitobli. Fuqarolar Xudo xohlasa pulini oladi. 12 mingta jabrlangan fuqarolarning hammasi pulini oladi. Professional tartibda oladi. Masalan, 10 million so‘m pul bergan odam 2 million so‘m oladi. Agar 30 foiz oladigan bo‘lsa, 3 million so‘m oladi.
Bu yerga kelgan fuqarolar necha pul berganini biladi. Lekin sudga, tergovchiga to‘g‘risini aytmaydi. 3 ming dollar bergan bo‘lsa, 4 ming deb yuboryapti ko‘p fuqarolar. Tergovchi va sud’ya folbin emas-ku. Ayrim fuqarolar to‘g‘risini aytishi kerak-da. Men bu faoliyatimni 2006 yil boshlaganman. Men qoramol bilan ish qilganman. Men 6 oy, 1 yilga qoramollar bilan ish qilib yurganman. Yil davomida o‘zim 200-300 xonadondan mol olib, 1 yil aylantirardim va har bir xonadonga o‘zim borib tarqatardim. Kassa qilish 2014 yilda boshlangan.
Odamlar men bilan oldi-berdi qilib yurardi. Ishimni to‘xtashimni, odamlarga pullarini berishimni aytganimda odamlar qo‘ymagan, ishlashim zarurligini aytishgan. Bergan pullarimni ham o‘zimga qaytarib berishgan. Qachongacha odamlarga foiz to‘lab o‘tib ketaman, deb to‘xtatmoqchi bo‘lganman. Bu faoliyatni yurgizishda juda qiynalganman”, deydi ayblanuvchi.
Ahmadboy Tursunboyev davlat rahbaridan afv kutayotganini, agar kechirilsa, chorva va kartoshka ekish bilan shug‘ullanmoqchiligi haqida gapirdi.
“Muxtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning iloyim umrlari uzoq bo‘lsin. Bola-chaqasini rohatini ko‘rsin. Hech qachon o‘lmasin shu inson. Muxtaram Prezidentimiz afv etsalar, chorva va parrandachilik bilan shug‘ullanaman. Men o‘zimning soham o‘zi – chorva. Shuningdek, o‘zim dehqonchlilik qilaman. Yiliga 80-90 gektar kartoshka ekardim. Shu ishimni qilaman”, deya umid qilmoqda Ahmadboy.
Ma’lumot o‘rnida, jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni – 16 nafar) nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha to‘rtinchi ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.
LiveBarchasi