“Menda gripp singari kechdi”. Koronavirusni Dubaydan yuqtirib kelgan sobiq bemor bilan suhbat

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, kecha, 1 aprel kuni koronavirusdan forig‘ bo‘lgan 4 nafar hamyurtimiz Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. 

QALAMPIR.UZ sog‘aygan fuqarolardan biri BAAning Dubay shahridan kelgan F.S. bilan suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. 

— Fazliddin aka, sizda koronavirus kasalligi belgilari mavjud ekani qachon ma’lum bo‘ldi?

— 14 mart kuni Dubaydan qaytdim. Aeroportdan to‘g‘roi uyga keldim. Ertasi kuni uyda issig‘im chiqib, tobim qochdi. Men gripp bo‘ldim deb o‘yladim. Issiq ob-havoli davlatda ko‘p suv ichganimga tomoq og‘riyotgandir, degan xayolga bordim. Shundan keyin o‘zim borib tekshirtirdim. Shifokorlar “sizda shu kasallik alomatlari borga o‘xshayapti, virusologiyada obdon tekshiradi” deb aytishdi. Shundan so‘ng, bir kun reanimatsiyada bo‘ldim. Haroratim hech pasaymadi. Doimiy ravishda shikoforlar nazoratidan bo‘lganimdan so‘ng issig‘im tushdi. 
 
—  Bu kasallik ta’sirida sizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?  

—Kimda qanday bo‘ladi bilmadim, lekin menda gripp bilan bir xil kechdi. 

— Kasallik belgilari sizda mavjudligi haqida eshitganingizda qanday holatga tushdingiz? 

— Endi biz oq-qorani biladigan odamlarmiz. Nima qilardik, taqdirga tan berdik. Yuqqan bo‘lsa, Alloh shifosini beradi deya muolajaga yotdik. Dardimni doston qilganim bilan, uni birov tuzatib qo‘ymaydi-ku. Bir gap bo‘lar dedik. Bosiqlik bilan qabul qildik, vahima qilmadik. Dard berguvchi ham Alloh, dardni ko‘targuvchi ham Allohning o‘zi. 

— Yaqinlaringiz buni qanday qabul qildi?  

— Ularda ham vahima bo‘lgani yo‘q. Yaxshi bo‘lib, tuzalib ketishimni tilashdi. 

— Oila a’zolaringizni ham tekshirishgandir. Ularda chiqmadimi?

— Tekshirishdi, albatta. Kim bilan gaplashgan bo‘lsangiz hammasini tekshiradi. Xudoga shukr, ularning hech birida chiqmadi. 

— Muolajalar qanday o‘tdi?

— Muolajalarga qattiq e’tibor berildi. Dori-darmonlar vaqtida berib turildi. Shifokorlarimiz baraka topishsin, mehnatlariga rozi bo‘lishsin. Isitma chiqsa, tushiradigan, yurak bezovta qilsa unga qarshi dorilar vaqtida berib turildi.

— Mutasaddilar bu kasallik hammada har xil kechayotganini aytmoqda. Kimdadir og‘ir, kimdadir yengil. Sizda kasallik qanday o‘tdi?

— Menda o‘rta holatda o‘tdi. Og‘ir ham, yengil ham deya olmayman. Isitmalash bo‘ldi. Nafas qisishi bir marta bo‘ldi. Darrov yordam berishdi. 

— Dardni yengib o‘tganingiz haqida aytishganda qanday his qildingiz o‘zingizni? 

— Menimcha, har qanday bemor o‘zining sog‘ayganini eshitganda, xursand bo‘lsa kerak. Hech kim sog‘aydim, deb xafa bo‘lmasa kerak. Albatta, xursand bo‘lasiz-da. “Allohga yoqqan tarafimiz bor ekan”, deb xursand bo‘lib turibmiz. 

— Kasallik sizda qancha davom etdi?

— Bir xafta.

— Odamlarga aytadigan gaplaringiz bordir. 

— Hamma o‘zini ehtiyot qilsin. Shifokorlarning aytganlarini qilishsin. Boshqa nima ham deyman?! 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 190 nafarga yetdi. Ularning 12 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Dubay BAA Koronavirus

Baholaganlar

661

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing