Men yadroviy urushlarning oldini oldim – Tramp
Olam
−
06 fevral 2812 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp dunyoda uchta yadroviy urushning, jumladan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy yadroviy mojaroning oldini olganini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning aytishicha, u Prezidentlikdagi birinchi muddati davomida AQSH Qurolli kuchlarini to‘liq qayta shakllantirgan, armiyaga modernizatsiya qilingan yadroviy qurollarni kiritgan va kosmik kuchlarni tashkil etgan.
“Men dunyo bo‘ylab Pokiston va Hindiston, Eron va Isroil, shuningdek Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi yadroviy urushlarning oldini oldim. “Yangi START” shartnomasini (AQSH tomonidan tuzilgan va bundan tashqari qo‘pol ravishda buzib kelinayotgan kelishuvni) uzaytirish o‘rniga, biz yadroviy masalalar bo‘yicha mutaxassislarimizga uzoq muddat amal qila oladigan yangi, yaxshilangan va modernizatsiya qilingan shartnomani ishlab chiqishni topshirishimiz kerak”, degan Tramp.
Qayd etish joiz, Ukrainada yadroviy qurol mavjud emas. 1990 yillarning birinchi yarmida Kiyev qurolsizlanish bo‘yicha bir qator hujjatlarni imzolagan va Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilgan.
Ukrainaning shartnomaga qo‘shilishi munosabati bilan Budapesht memorandumi imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra Ukraina hududida joylashgan barcha yadroviy qurollar Rossiyaga topshirilgan yoki yo‘q qilingan.
Yadroviy qurollar bilan bog‘liq vaziyatdan BMT ham xavotir bildirgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma muddati tugashini izohlar ekan, yadroviy qurol qo‘llanishi xavfi “so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori darajaga” yetganini aytgan.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens esa AQSH Rossiya, Xitoy yoki boshqa istalgan davlat bilan dunyodagi yadroviy qurollar sonini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik qilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va AQSH o‘rtasida so‘nggi oylar davomida keskinlikning pasayishi sabab tomonlar yadroviy muzokaralarni qayta boshlash masalasida oldinga siljiyotgani haqida xabar berilgandi.