Men Tramp bilan qo‘l berib ko‘rishmayman – Kolumbiya Prezidenti
Olam
−
27 yanvar
4248Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSH Prezidenti Donald Trampga tahlikali maktub yo‘lladi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan.
U o‘z maktubida Tramp uni past irq vakili deb bilishda ayblagan.
“Menga sizning neftingiz yoqmaydi. Tramp, chunki u insoniyatni ochko‘zlik tufayli yo‘q qiladi. Balki bir kuni men ichayotgan viski stakani ustida biz bu haqda ochiqchasiga gaplasharmiz. Lekin bu qiyin, chunki siz meni past irq vakili deb bilasiz, lekin men unga mansub emasman, hech bir kolumbiyalik ham unga mansub emas”, deya yozgan Petro Trampga yo‘llagan uzun xatida.
Petro, shuningdek, Trampning bu tajovuzlaridan naf yo‘qligi, o‘z qonunini hurmat qilishi va agar kerak bo‘lsa, shu qonun doirasida o‘lishini ham aytib o‘tgan.
“Iqtisodiy kuchingiz va takabburligingiz Alende bilan bo‘lgani kabi davlat to‘ntarishiga olib kelishi mumkin. Lekin men o‘z qonunim doirasida o‘laman, qiynoqlarga qarshilik qildim, sizga ham qarshilik qilaman”, degan Kolumbiya Prezidenti.
“Siz meni o‘ldirasiz, lekin men Amerikada sizdan oldin bo‘lgan xalqim timsolida omon qolaman. Biz shamollar, tog‘lar, Karib dengizi va erkinlik xalqimiz”, deya ta’kidlagan Gustavo Petro.
Qolaversa, Prezident Kolumbiyani dunyoning yuragi va kapalaklar mamlakati, o‘zini esa tinch hayotdan chiqqan so‘nggi Aureliano Buendia (kolumbiyalik yozuvchi Gabriyel Garsio Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” romanidagi qahramon) deb atagan.
“Sizga bizning erkinligimiz yoqmaydi, xo‘p. Men oq qul savdogarlari bilan qo‘l berib ko‘rishmayman. Men Linkolnning oq libertar merosxo‘rlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarining qora va oq ferma bolalari bilan qo‘l berib ko‘rishaman, ularning qabrlari oldida yig‘laganman va ibodat qilganman”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Qayd etilishicha, Petroning bu maktubi Kolumbiya va AQSH o‘rtasidagi jiddiy diplomatik inqiroz fonida paydo bo‘lgan. Inqiroz AQSH hukumati kolumbiyalik noqonuniy migrantlarni harbiy samolyotlarda kishanlangan holda qaytarishga uringanidan so‘ng boshlangan. Kolumbiya bu samolyotlarni havo hududidan chiqarib yuborgan va Prezident Petro migrantlarni qaytarish uchun Prezident samolyotidan foydalanishga qaror qilgan.
Tramp esa bu harakatni majburiyatlarni buzish deb hisoblab, Kolumbiya rasmiylariga AQSHga kirishni taqiqlagan.
LiveBarchasi
28 yanvar