“Men terrorchi emasman”. Solixon domla nega qamalgani ochiqlandi

3-sahifa

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Mahkamovich Ortiqxo‘jayev 15 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Endilikda uning qamalishi bilan bog‘liq voqea tafsilotlari ochiqlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi. 

Bildirilishicha, Solixon Ortiqxo‘jayevning javobgarlikka tortilishi joriy yilning 30 mart kuni sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. Aytilishicha, shu kuni Sergeli tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari qidiruvda bo‘lgan fuqaro bo‘yicha qidiruv ishlari olib borish davomida Ortiqxo‘jayevning uyida tintuv o‘tkazish uchun borgan. Solixon domla esa xodimlarga nisbatan nosamimiy munosabatda bo‘lib, baqir-chaqir qilgan va baland ovozda “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, shu yerdan o‘tib ketayotgan fuqarolarning tinchligini buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlari tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparatini taqdim qilish so‘ralganida, ularga telefonini bermasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

30 mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Solixon Ortiqxo‘jayev huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, haqiqatdan ham IIO xodimlari uning qo‘l telefonini so‘raganida, ularga telefon apparati yo‘qligini aytib, gadjetni taqdim etmaganini tan olgan. Lekin u baqir-chaqir qilmaganini aytib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud qaroriga ko‘ra, Solixon Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan va unga 183-modda bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, 194-moddaning 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jazo o‘talganidan so‘ng Solixon Ortiqxo‘jayevdan Toshkent shahar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 765.000 so‘m undirilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Solixon domla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar