“Men poligonga mix ham qoqolmasdim”. Mirziyoyev hokim bo‘lgan davrini esladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimi bo‘lgan kezlari harbiy poligonlarni qurish u yoqda tursin, unga bitta mix qoqishga imkoni bo‘lmagan. Bu haqda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni joriy yilning 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qo‘shinlarning dala tayyorgarligi yagona markazlari hamda maxsus bo‘linmalarni tayyorlash bo‘yicha baza va poligonlardan barcha kuch tuzilmalari to‘liq va samarali foydalanmayotganini urg‘ulagan. Shavkat Mirziyoyev bu masalaga ma’muriy sektor rahbarlari – hokimlar jiddiy yondashmayotganini tanqid qilgan va o‘zi hokim bo‘lgan davrni eslab o‘tgan.

“Poligon qurib berdik, bo‘ldi ekan” degani emas. Poligonni o‘zingiz qurmadingiz-ku, davlat ko‘mak berdi qurdingiz. Men ham sizlarning o‘rningizda o‘tirganman. Birorta poligonga mix ham qoqolmasdim”, degan davlat rahbari.

U so‘zida davom etib, 2016 yilda Kattaqo‘rg‘ondagi poligoni qay ahvolga kelib qolganini yodga oldi.

“2016 yil esingizda bo‘lsa, men Kattaqo‘rg‘onga borib, Mudofaa vazirini ishdan olib kelgandim. Kattaqo‘rg‘on poligoniga borib, lol qolgandim. Mudofaa vazirligi shunday ekanligini men o‘zim ham bilmasdim”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, 2021 yil qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, 124 ta harbiy ob’ektda infratuzilmalar yaxshilangan. Andijon, Nuriston, Muborak, Yangiariq poligonlari barpo etilgan. 

“Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, ayrim vazirlik va idoralarda poligon va o‘quv ob’ektlari mavjud bo‘la turib, yana qo‘shimcha o‘quv ob’ektlari qurishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ortiqcha sarf-xarajatlar hech kimga kerak emas. Ajratilayotgan mablag‘dan tejab-tergab foydalanish shart.

Bor narsani tahlil qilasizlar, o‘sha joyga mukammal axborot texnologiyalari olib kelib, yangilataylik. Foydalanilmayotgan ob’ektlarni berish kerak. Buni joyiga chiqib o‘rganish kerak nima qilish kerakligini. O‘sha joy har oyda 30 kun bo‘lmasa ham 20 kun ishlatilishi kerak. U qurilgan ob’ekt, davlatning ketgan puli millat, davlat mudofaasiga xizmat qilishi kerak. Ana shuning bir yillik rejasini tuzib, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan menga berasizlar”, degan Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

1084

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing