“Men qo‘g‘irchoq nomzod emasman”. Otajonov siyosat uchun san’atdan ketganmidi?

Jamiyat

image

Jahongir Otajonov prezidentlik saylovlarida “qo‘g‘irchoq nomzod” bo‘lmoqchi emas.  Bu haqda sobiq xonanda BBC’ning o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Suhbatda Jahongir Otajonov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Jahongir Otajonov – qo‘g‘irchoq nomzod” farazlariga munosabat bildirdi.

“Ba’zilar izohlarda “bularning hammasi o‘yin, bu ataylab tayyorlangan”, deb tilyog‘lamalik qilyapti. Men o‘zim unaqa inson emasman”, deydi sobiq xonanda.

“To‘g‘risini aytsam, san’atdan nomaqbul ish hisoblangani uchun ketdim. Ya’ni, biz baribir musulmonmiz, musulmonchilikda esa bu ishni qilmagan maqul, deb eshitganman. Shuning uchun ketdim”, deydi u.

Jahongir Otajonov shuningdek, Turkiyada tadbirkorlik ishi borligi va o‘sha ish bilan shug‘ullanish uchun ketganini ta’kidlagan.

“Turkiyada tadbirkorlik ishim bilan shug‘ullanaman, degandim. Lekin, yurtimizdagi bizga bo‘lgan sharoitni eslab, bu ish (Turkiyadagi tadbirkorlik ishi – tahr.) menga kichkinalik qiladi, deb o‘yladim”, deydi Jahongir Otajonov.

Bundan tashqari, sobiq xonanda muxolifat bo‘lish niyati yo‘qligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Otajonov 2020 yil dekabr oyida san’atdan ketganini e’lon qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay u joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ymoqchiligini ommaga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘yish to‘g‘risidagi murojaatini hazilga yo‘ydi va “piar” sifatida qabul qildi.

Buning ortidan, u Prezident bo‘lish niyati jiddiy ekanini ta’kidlab, o‘zining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi. U galdagi murojaatida davlat rahbarining lyuks saroylarda yashashiga qarshi ekanini aytib o‘tdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, unda Prezidentdan o‘zini tuman hokimi qilib tayinlashni so‘radi.

Shundan so‘ng, yangi partiya tuzmoqchi bo‘lgan Otajonov Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3723

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing