“Men isyonkorman”. Trass Britaniyaning boshqaruv tizimini o‘zgartirmoqchi

Olam

image

Sobiq Moliya vaziri Rishi Sunak bilan birga bosh vazirlik uchun kurashayotgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass o‘zini hukumat ish uslubini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan isyonkor deb biladi. Bu haqda u “Daily Telegraph” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Men o‘zimni isyonkor deb bilaman, chunki men narsalarni o‘zgartirishni xohlayman”, degan Britaniya hukumatida bir nechta vazirlik lavozimlarida 10 dan ortiq ishlagan 46 yoshli siyosatchi.

Shoshilinch o‘zgarishlar zarurligi tarafdori sifatida Trass so‘nggi yigirma yil ichida Britaniya iqtisodiyotida kuchli o‘sish kuzatilmagani, “kuchli global pandemiyadan keyingi iqtisodiy zarba” va Ukrainadagi mojaroni keltirgan.

“Bu mamlakatimiz uchun o‘ta muhim vaqtdir. Biz odatdagidek yashashda davom etamizmi? Yoki boshqacha ish qilamizmi, dadil bo‘lamizmi? Men biz yuqori o‘sish va mahsuldorlikka ega buyuk davlatga aylanishimiz uchun boshqacha qilmoqchiman, dadil bo‘lmoqchiman”, degan Trass.

Angliya banki ustidan nazorat

Tras Britaniyada so‘nggi 40 yillikdagi eng yuqori inflyatsiya (iyun oyida 9,4 foizdan ortiq) qayd etilganiga munosabat bildirib, kelgusi yilda narxlarning o‘sishi sekinlashishiga ishonishini aytgan. Bosh vazir “kursi”siga ko‘z tikka nomzodning fikricha, muammo asosan global ta’minot zanjiri va pul-kredit siyosatidagi uzilishlar bilan bog‘liq.

“Kelgusida men Angliya bankining mandatini tekshirmoqchiman”, deya va’da bergan Trass.

So‘nggi marta bu sohadagi o‘zgarishlar chorak asr oldin Moliya vaziri Gordon Braun (Leyboristlar partiyasi) tomonidan kiritilgan. U pul-kredit siyosatini belgilashda markaziy bank vazifasini bajaruvchi Angliya bankiga mustaqillik bergan.

“Men jahondagi markaziy banklarning ilg‘or tajribasini o‘rganib, ular qanday vakolatlarga ega ekanligini ko‘rib, pul massasi va inflyatsiya masalalariga katta e’tibor qaratishimizni ta’minlamoqchiman”, degan siyosatchi.

Trass Braundan beri deyarli har doim ko‘tarilgan soliq yukini 30 milliard funt sterlingga (36 milliard dollar) kamaytirish niyatida ekanini bildirgan. Shu tariqa, u oziq-ovqat va elektr energiyasi narxi sezilarli darajada oshishiga duch kelgan britaniyaliklarning hayotini osonlashtirmoqchi.

Soliqlarni kamaytirish

Bu masalalarda Trassning qarashlari Konservatorlar partiyasi yetakchisi va Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimlari uchun kurashdagi raqibi, sobiq Moliya vaziri Rishi Sunak bilan tubdan farq qiladi. “The Times”gazetasiga bergan intervyusida Sunak inflyatsiya kelgusi yil boshida pasayishni boshlashiga shubha bildirgan.

“O‘tgan yil davomida inflyatsiya bo‘yicha barcha prognozlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Inflyatsiya doimiy ravishda odamlar o‘ylaganidan yuqori bo‘ldi va uzoq davom etdi”, degan 42 yoshli siyosatchi.

U inflyatsiyani mamlakatning asosiy muammosi deb atagan. Sunak o‘zi Boris Jonson hukumatida Moliya vaziri sifatida ko‘targan soliqlarni kamaytirishga qarshi. U 2020 yilning fevralidan 2022 yilning iyuligacha Moliya vazirligini boshqargan. Uning fikricha, Trass rejalarini amalga oshirish “bugungi inflyatsiya uzoqroq vaqtga ildiz otishiga” olib kelishi mumkin, bu esa yashash narxining oshishi fonida “Buyuk Britaniyadagi millionlab odamlarga aql bovar qilmaydigan zarar” keltiradi.

Shuningdek, u foiz stavkalarining keskin oshishidan xavotirda, negaki bu kredit to‘lashga majbur bo‘lgan ko‘plab britaniyaliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Moliya vazirligining sobiq rahbari o‘z raqibining mamlakat boshqaruv tizimini zudlik bilan o‘zgartirish zarurligi haqidagi fikriga qo‘shiladi.

“Hukumatda ishlab ko‘rganman, menimcha, tizim kerakli darajada ishlamayapti. Va bu mavhum muammo emas”, degan Sunak 

U hukumat rahbari sifatidagi birinchi ish kunidanoq uni “inqirozli tartib”ga o‘tkazishga va’da bergan.

2019 yilda Tereza Meyning o‘rniga Bosh vazir lavozimini egallagan Jonson 7 iyul kuni bosh vazirlik va Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi rahbari lavozimini tark etishini e’lon qildi. U Vazirlar Mahkamasining yangi rahbari tayinlangunga qadar ishlashda davom etadi.

Britaniya Vazirlar Mahkamasidagi bir qator iste’folar Boris Jonson hukumatidagi ikki muhim vazir – Moliya vaziri Rishi Sunak va Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Jovidning iste’foga chiqishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng turli vazirliklar rahbarlarining o‘rinbosarlari, jumladan, ayollar va tenglik masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Kemi Badenok iste’foga chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Liz Trass Rishi Sunak

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing