Men bilgan tumanda ichki ishlar xodimlarining 50 foizga yaqinining oilasi parokanda – Kusherboyev

Intervyu

O‘zbekistonda Ichki ishlar xodimlari og‘ir psixologik bosim ostida faoliyat yuritadi. Ular kuchli charchoq bilan ish olib boradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev QALAMPIR.UZ bilan onlayn-muloqotda ma’lum qildi. 

“Men ko‘p ichki ishlar xodimlari bilan muloqot qilib turaman. Ularda juda ham og‘ir psixologik bosim bor. Bu kuchli charchoq, zo‘riqish, ish rejimiga rioya etmaslik hisobiga. Men buni ko‘p bor aytib kelganman. “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda xodimlarning mehnat vaqti, muhofaza masalalari keltirilgan. Afsuski, bu ishlayapti deb aytib bo‘lmaydi. “Usileniye” deyishadi rus tilida buni. Ishdan tashqari ishlarning ko‘pligi... Joylarda ichki ishlar xodimlari o‘zini ishidan tashqari bo‘lgan ishlar bilan ham ko‘p shug‘ullanishadi. Doimiy bosim, buni “nagruzka” deydi. Bunday bosim bilan yurgandan keyin psixologik dunyo ham o‘ziga yarasha bo‘lmaydi. Og‘ir bosimda bo‘lgandan keyin jazavaga tushadigan, achchiq qiladigan yoki jahl ustida yuradigan bo‘lib qolishi ham mumkin. Men oxirgi bo‘layotgan voqealar, muomalasizlik yoki boshqa jarayonlarda ham shu omillar ta’sir qilyapti deb hisoblayman”. 

Ba’zan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan, xalq orasida obro‘-e’tibor topgan ayrim ichki ishlar xodimlarining oilasi a’zolaridan biri yoki farzandlari jinoyatga qo‘l urgani haqida gap-so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Jamiyatga o‘rnak bo‘lgan farzandiga tarbiya berolmabdida deb qo‘yamiz. Ammo, gap yana ichki ishlar xodimi faoliyatidagi zo‘riqishlarga borib taqaladi. Kusherboyev tanigan ayrim ichki ishlar xodimlarining oilasi parokandalikka yuz tutgan. 

“Men Toshkent viloyatida bir tumanni bilaman. Hozir bu tumanning nomini aytsam, to‘g‘ri ma’nodagi gapni ham, noto‘g‘ri ma’noda qabul qilib, jazolashga o‘tib ketilishi mumkin. Men buni xohlamayman. Men bilgan tumanda ichki ishlar xodimlarining 50 foizga yaqinini oilasi parokanda. O‘zlarining xodimlari. Nima uchun? Bular kerak bo‘lsa sutkalab uyiga bormaydi. Bolalari nima qilyapti, oilasi qay ahvolda? Ishdan tashqari yana ish, ish, ish. “Nagruzka”da yuradi ular. Farzandlar tarbiyasi e’tiborsiz qoladi. Bugun biz oilani muhofaza qilish masalasida gapirganimizda, doim ko‘z oldimga ichki ishlar xodimlari keladi. Ularning oilasi nima bo‘lyapti? Hammasida ham muammo yo‘qdir, ammo men bilganim, ko‘rganim juda ko‘p va bu yashiradigan narsa ham emas. Haqiqatan ham og‘ir “nagruzka”da yuradi. Ana undan keyin xatoliklarga yo‘l qo‘yishadi. Agar ular o‘z vaqtida ishga kelib, o‘z vaqtida oilasiga vaqt ajratsa, o‘z vaqtida dam olsa, psixologiya va dunyoqarashning bunday salbiy natijalari ko‘rinmasa kerak. Bu meni fikrim, balki men adashayotgandirman. Ishda “nagruzka” ko‘payib ketsa, o‘zim ham asabiy bo‘lib qolaman. Chunki men ham insonman va bu narsa bu sohalarda ham bo‘lsa kerak”, deydi deputat. 

Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari o‘rtasida chiqqan mojaro kun tartibida turibdi. Deputat karantin davrida shaxsiy avtomobilidan foydalangan va bunga deputatlik daxlsizlik huquqini ro‘kach qilib ko‘rsatgan. Ustiga ustak uning yonida yo‘lovchi-jiyani ham bo‘lgan. IIVning ma’lum qilishicha, deputat YPX xodimining qonuniy talablarini bajarmagan, uning pogonini yulib olgan. Deputat esa buni butkul rad etmoqda. 

Ushbu intervyuni to‘liq yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

1267

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing