Men AQSH prezidenti bo‘lganimda Isroilga hujum qilinmasdi – Tramp 

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp agar u AQSH ma’muriyati rahbari bo‘lganida Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuvi yuz bermasligini aytdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

"Agar men prezident bo‘lganimda Isroilga hech qachon hujum uyushtirilmasdi. Boshqa ofatlar, jumladan, Ukraina-Rossiya mojarosi, energiya mustaqilligini yo‘qotish, Afg‘oniston, inflyatsiya, chegara muammosi va boshqalar sodir bo‘lmasdi", deb yozgan Tramp.

Qayd etish joizki, Ukrainada urush boshlanganidan beri Tramp bir necha bor Oq uyda bo‘lganida xalqaro hamjamiyatdagi vaziyatning bu qadar keskinlashuviga yo‘l qo‘ymasligini  takrorlab keladi. Tramp hatto qayta saylansa Ukrainadagi urushni bor yo‘g‘i 24 soat ichida to‘xtatishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHga borganida CNN telekanaliga intervyu bergan va unda Donald Trampni Ukrainada tinchlikka erishish rejasini omma oldida baham ko‘rishga chaqirgandi.

Isroil-Falastin 

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 900 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmiga yaqini ayollar va bolalar. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa ming nafarga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Falastin Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing