Meksikada uch kunlik motam e’lon qilindi
Olam
−
05 may 2021 7749 1 daqiqa
Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador Mexiko shahridagi metro ko‘prigining qulashi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan uch kunlik motam haqidagi farmonni imzoladi.
"Mexiko shahri metrosi jamoat transporti tizimining 12-chizig‘ida 2021 yil 3 mayda yuz bergan fojia munosabati bilan uch kunlik milliy motam e’lon qilindi", deyilgan hujjatda.
Farmon e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan, u 7 may kunigacha amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 3 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:25 da Mexiko shahrida metro ko‘prigi poyezd bilan birga qulab tushgandi. Hodisa natijasida ikkita vagon yo‘lovchilari bilan taxminan 10 metr balandlikdan qulab tushgan. Ko‘prik qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 27 kishiga yetgan.