Meksikada ko‘prikka osilgan 4 ta boshsiz jasad topildi

Olam

image

Joriy yilning 30 iyun kuni Meksikada narkokartellar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar tufayli 20 kishi o‘ldirilgan. Ularning to‘rttasi boshsiz holda ko‘prikka osilgan holda topilgan. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.

Sinaloa shtati prokuraturasining ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasi o‘qdan halok bo‘lgan.

“Beshta jasad boshsiz edi, shulardan to‘rttasi Sinaloa shtatining eng yirik shahri Kulyakanning yaqinidagi avtomobil yo‘lidagi ko‘prikka oyog‘idan osib qo‘yilgan. Yana 15 jasad, jumladan, beshinchi boshsiz jasad, ko‘prikdan uncha uzoq bo‘lmagan furgon ichidan topilgan. Rasmiylar yaqin atrofda odamlarning kallalari solingan plastik xalta ham aniqlanganini aytishdi”, deyiladi xabarda.

O‘sha yerdagi furgon ustiga Sinaloada bir-biriga dushman narkokartellar o‘rtasidagi urushlarga ishora qiluvchi banner yopishtirilgan bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida yosh yigit va ikki ayol ham bor.

So‘nggi paytlarda kuchaygan zo‘ravonlik uchun “Los Chapitos” va “La Mayiza” deb ataluvchi kartellar o‘rtasidagi kurashlar sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Xavfsizlik manbalarining ta’kidlashicha, ular Sinaloadagi strategik giyohvand modda savdosi yo‘nalishlari uchun jang qilmoqda.

Bu ikki guruh o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar o‘tgan yili sentyabr oyida boshlangan. Mojaroga “El Chapo” nomi bilan tanilgan mashhur giyohvand baroni Xoakin Guzmanning o‘g‘li tomonidan dushman liderlardan birining o‘g‘irlab ketilishi va keyin AQSHga topshirilishi sabab bo‘lgan.

Shundan beri ilgari nisbatan tinch bo‘lgan Kulyakan shahri doimiy zo‘ravonlik maydoniga aylangan. Sinaloa karteli hududdagi nazoratni yo‘qotmoqda. Biroq Meksika rasmiylari vaziyat nazorat ostida ekanini va uyushgan jinoyatchilikka qarshi chora ko‘rilayotganini aytmoqda.

“Harbiy va politsiya kuchlari Sinaloada to‘liq tinchlikni tiklash uchun birgalikda ishlamoqda”, deydi mahalliy hukumat vakili Felisiano Kastro.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Sinaloa shtatida narkokartel va mahalliy huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 19 kishi halok bo‘lgandi. Mahalliy huquq-tartibot idoralari operatsiya davomida Meksikaning Tinch okeani janubiy qirg‘og‘i karteli fraksiyasiga aloqador bo‘lgan yacheyka rahbari Edvin Antonioni hibsga olgan. Operatsiya davomida politsiyaga narkotik kartelining 30 dan ortiq a’zosi hujum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Meksika Sinaloa narkokartel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing