Meksikada g‘alabani nishonlash paytida uch kishi halok bo‘ldi (video)

Sport

image

2026 yilgi Jahon chempionati 1/16 finalida Meksika terma jamoasining Ekvador ustidan qozongan g‘alabasini nishonlash uchun Mexiko ko‘chalariga to‘plangan bir milliondan ortiq muxlislarning ommaviy tirbandlik hosil qilishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Poytaxt sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar 19 yoshli qiz, 48 yoshli ayol va 44 yoshli erkak bo‘lib, ularning barchasi bo‘g‘ilish oqibatida vafot etgan.

Shahar rasmiylarining bildirishicha, eng katta olomon Mexiko markazidagi Mustaqillik ustuni atrofida to‘plangan. Keng ko‘lamli bayramlarga Meksika terma jamoasining Ekvadorni 2:0 hisobida mag‘lub etib, 1986 yildan beri ilk bor Jahon chempionati pley-offida g‘alaba qozongani sabab bo‘lgan.

Mexiko shahri meri Klara Brugada halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, ularga zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, u muxlislarni g‘alabalarni nishonlashda mas’uliyatli bo‘lishga, atrofdagilarga g‘amxo‘rlik va hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirgan.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tez tibbiy yordam xodimlari Paseo-de-la-Reforma ko‘chasining turli nuqtalarida hushsiz holatda topilgan uch kishiga birinchi tibbiy yordam va yurak-o‘pka reanimatsiyasini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ular shifoxonalarga olib ketilgan, ammo shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, uchalasi ham vafot etgan.

Qayd etilishicha, uchrashuv boshlanishidan avval ham shahar hokimiyati Mustaqillik ustuni oldida yig‘ilmaslikni, o‘yinni boshqa joylarda tomosha qilishni so‘ragan. Chunki o‘yin boshlanishidan ancha oldin shahar markazida juda katta olomon to‘plangan bo‘lgan. Shuningdek, kuchli tirbandlik natijasida o‘nlab odamlar turli darajada jarohat olgani xabar qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, 20 milliondan ortiq aholi yashaydigan Mexiko dunyoning eng zich aholi yashaydigan megapolislaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekvador ustidan qozonilgan g‘alaba Meksika terma jamoasini Jahon chempionatining 1/8 finaliga olib chiqqani haqida xabar qilingandi. Endilikda Meksika Jahon chempionatining nimchorak finalida Tomas Tuxel boshchiligidagi Angliya terma jamoasiga qarshi to‘qnash keladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing