Meksika Prezidenti kuchli zilzila sabab brifingni to‘xtatdi (video)

Olam

image

Kecha, 2 yanvar kuni Meksikada kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishi vaqtida mamlakat Prezidenti Klaudiya Sheynbaum brifingni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Meksikada magnitudasi 6,5 bo‘lgan zilzila qayd etilgan. Uning epitsentri Gerrero shtatidagi San-Markos shaharchasi hududida joylashgan. Yerosti silkinishlari mamlakatning markaziy va janubiy hududlarida sezilgan. Zilzila oqibatida kamida ikki kishi vafot etgan.

Halok bo‘lganlardan biri 60 yoshli erkak bo‘lib, u o‘z kvartirasidan evakuatsiya qilinayotgan paytda o‘zini yomon his qilib yiqilgan. Yana bir qurbon epitsentr yaqinida yashagan 50 yoshli ayol bo‘lib, u o‘z uyining vayronalari ostida qolib ketgan. Shuningdek, Gerrero shtati poytaxti Chilpansingo shahridagi shifoxona binosiga zarar yetgan, bemorlarning bir qismi evakuatsiya qilingan.

Zilzila epitsentrdan taxminan 400 kilometr uzoqlikda joylashgan Meksiko shahrida ham sezilgan. Aynan shu zilzila 2026 yilning ilk brifingini o‘tkazayotgan Prezident Klaudiya Sheynbaumning chiqishini to‘xtatib qo‘ygan. Bir muddatdan so‘ng brifingni qayta davom ettirgan Sheynbaum jiddiy vayronagarchiliklar qayd etilmaganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning shimolida 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lishi oqibatida 30 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Meksika zilzila Klaudiya Sheynbaum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing