Meksika elchixonasiga bostirib kirilishi ortidan Ekvador bilan diplomatik aloqalarini uzdi
Olam
−
06 aprel
4878Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopez Obrador Ekvador xavfsizlik kuchlari poytaxt Kitodagi Meksika elchixonasiga bostirib kirishi ortidan Ekvador bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatganini e’lon qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idadi sahifasida yozdi.
“Bu xalqaro huquq va suverenitetni qo‘pol ravishda buzishdir, shuning uchun men kanslerimizga Meksika va Ekvador hukumatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar to‘xtatilganini e’lon qilishni topshirdim”, deyiladi Prezident bayonotida.
O‘z navbatida, Meksika Tashqi ishlar vazirligi elchixonaga bostirib kirish chog‘ida bir necha meksikalik diplomat jarohatlangani haqida xabar berdi.
"Ekvadordagi meksikalik diplomatik xodimlar zudlik bilan bu mamlakatni tark etadi", deyiladi vazirlik xabarida.
Meksika Tashqi ishlar vaziri Alisiya Barsena Ekvadorni xalqaro huquqni buzganlikda ayblash maqsadida Xalqaro sudga murojaat qilishini aytdi.
“Associated Press” nashrining xabar berishicha, kecha, 5 aprel kuni Ekvador politsiyasi harbiylar ko‘magida Meksika diplomatik missiyasi binosiga bostirib kirgan. Operatsiyadan maqsad Ekvador sobiq vitse-prezidenti Xorxe Glasni qo‘lga olish edi. U mahalliy sud tomonidan korrupsiya jinoyatlarida aybdor deb topilgan. 2023 yil dekabr oyida Glas Meksikaning Kitodagi elchixonasidan panoh topdi va keyin Meksika rasmiylaridan siyosiy boshpana so‘radi. 5 aprel kuni Meksika unga shunday boshpana berishga qaror qildi.
Ekvador Tashqi ishlar vazirligi Meksika rasmiylarining bu qarorini noqonuniy deb atadi va Glasni zudlik bilan ekstraditsiya qilishni talab qildi.
O‘z navbatida, Ekvador Prezidenti Daniel Noboa Meksika elchixonasidagi mahalliy xavfsizlik kuchlarining harakatlari jinoyatchilarga nisbatan “milliy suverenitetni himoya qilish”ga qaratilganini aytdi.
Ma’lumot uchun, Xorxe Glas 2013 yilda Ekvador vitse-prezidenti lavozimida ish boshlagan. 2017 yil dekabrida u korrupsiyada ayblanib, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Braziliyaning Odebrecht qurilish kompaniyasidan hukumat shartnomalarini unga o‘tkazgani uchun 13,5 million dollar olgan. 2018 yilning yanvarida Glas rasman o‘z lavozimidan chetlatildi.
2020 yilda sobiq vitse-prezident yana bir korrupsiya ishi bo‘yicha sakkiz yilga qamalgan. U 2022 yilning kuzida ozodlikka chiqadi. 2024 yilning yanvarida Ekvador sudi Glasni yangi ish yuzasidan sirtdan hibsga olishga qaror qildi.
LiveBarchasi